AYVONINGGA QALDIRG‘OCH KIRGANIGA SHUKUR QIL

AYVONINGGA QALDIRG‘OCH KIRGANIGA SHUKUR QIL


Kollejda ishlab yurgan kezlarim edi. Bir kuni hamkasblarim mendan, navbatdagi tadbirimizga jo‘shqin qo‘shiqlari bilan endigina tanilib borayotgan xonanda Malika Egamberdiyevani taklif eting, deya iltimos qilishdi. Chunki Malikaning otasi Baxtiyor aka musiqani yaxshi tushunadigan inson bo‘lgani bois, bir necha tadbirlarimizni o‘tkazishda bizga yaqindan yordam bergandi. Men Malika bilan bog‘lanib, tadbirimizga taklif qildim. U Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani sababli, vaqti biroz ziqroq ekanligi, shunday bo‘lsa ham birrovga kelishi mumkinligini aytdi. Lekin kollej musiqachilari, tadbirni o‘zimiz ham o‘tkazaveramiz, deb uning kelishini unchalik xohlashmagandi...

Agar o‘sha kuni Malika tadbirimizda ishtirok etganida, bugungi kunda xalqimiz sevib tinglaydigan, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan «Shukur qil» nomli qo‘shig‘ini avvalroq eshitgan, ushbu qo‘shiq matni muallifini ertaroq tanigan bo‘larmidim?! Ammo niyatim xolis bo‘lgan ekanmi, ushbu qo‘shiq muallifi bilan «Tong yulduzi» gazetasiga ishga kelganimda tanishish baxtiga musharraf bo‘ldim...

 O‘shanda gazeta Bosh muharriri meni jamoaga tanishtirar ekan, «Bu kishi domlamiz Yormat Tojiyevning qizi», deb qo‘shib qo‘ydi. Shunda ustoz: «E, shunaqami, domla bizlarga dars berganlar, nihoyatda zukko, donishmand edilar», dedi.  

Otam haqidagi iliq fikrlarni eshitib, qalbimdagi faxrlanish hissi yanada ortdi...  

Shu-shu ustoz bilan bir jamoada ish boshladim. Poytaxtimizdagi ko‘plab maktablarda, litsey va kollejlarda bo‘lib, bayram tadbirlarida u kishi bilan birgalikda ishtirok etdik. Shoirning «Shukur qil», «Bodomginam» she’rlari menga deyarli yod bo‘lib ketdi. Ana shunday tadbirlarning biridan qaytayotganimizda anchadan beri dilimga tugib qo‘yganim – eng mashhur bo‘lgan «Shukur qil» nomli she’rining yozilish tarixini so‘radim. – Endi mustaqilikka erishgan yillarimiz edi. Bir to‘yga bordik. Ertalabki oshda yonimdagi bir kishining zamon dan noliganini eshitdim. To‘y marosimidan qaytgach, ushbu she’rning ilk misralari o‘z-o‘zidan quyulib kela boshladi. ...Hovlimizda bodom daraxti bo‘lardi. U har yili erta gullardi. Keyin esa kunlar yana sovib ketib, bodom gullarini sovuq urib ketardi. Shunda otam daraxtni tag-tugi bilan kesib tashlagandi. O‘shanda bodom daraxtimizga juda achingandim. «Bodomginam» nomli she’rim maktabda o‘qib yurgan yillarim dunyoga kelgan... Qadrli o‘quvchilar, Siz gap qaysi ustoz haqida borayotganini bilishga qiziqayotgandirsiz? Barchamiz ustoz, deya ardoqlaydigan bu inson siz sevib mutolaa qiladigan nashringiz – «Tong yulduzi» gazetasining bo‘lim muharriri, shoir, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi Axtamqul Karimovdir. Ustoz shoirimiz 1964-yili Sariosiyo tumanidagi Shotiro‘d qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursida tahsil olgan. Shoirning «Bodomginam», «Qorachiqda asraganimsan», «Bahorimdan kechikkan gul», «Qirq g‘azal», «Boshimda osmon aylanar», «Qarog‘imda gullaydi Vatan», «So‘z chamani», «Ismingni yurakka yashirdim» nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. U jahon adabiyotidan Shayx Sa’diy, Loyiq Sherali, Muhammad bin Rashid, Ol Maktum kabi shoirlar she’rlaridan bir nechtasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ustoz bilan she’riyat haqida gaplashsangiz, sirayam zerikmaysiz. Ijodidagi Vatanga, ona zaminga, tabiatga muhabbat, bobolar o‘giti, she’riy satrlardagi falsafiy fikrlar barcha-barchasi ustoz Axtamquliga xos uslubda bitiladi. Shu bois, uning yurakdan bitilgan satrlari yuraklarga joylanadi, qalbingizni ajib hissiyotlar chulg‘ab oladi. Nene dostonlarni yod olgan padaribuzrokvoridan ustozga kuchli xotira ko‘chgan. Ustoz-shoirning shu kungacha o‘ndan ziyod she’riy to‘plamlari chop etilgan. Lekin ularni do‘konlardan topa olmaysiz.  

Tahririyatimizga keladigan ijodkor o‘quvchi-yu ustozlar, hatto qo‘shni respublikalardan kelgan she’riyat ixlosmandlariga ham nazm ilmidan saboq berish asnosida o‘zi ham olam-olam zavq oladigan ustozimiz bizni-da she’riyatga oshno qilganlar. Ijoddan bo‘sh vaqt topdi deguncha ustozdan yo «Shukur qil»ni eshitamiz, yoki yangi she’r so‘raymiz. Axtamquli ustoz sabab, ne-ne taniqli shoirlar bilan uchrashish, suhbatlashish baxtiga musharraf bo‘ldik. Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev, Sirojiddin Sayyid, Dilshod Rajab, Zikrilla Ne’mat, Abdurahmon Akbar, Bahrom Akbar... Eh-he, bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin...

Ustoz otamning dars berish usullari haqida ko‘p gapiradi. Bir kuni otam bo‘lajak shoir talabalardan she’r eshitishni istaydi. Har bir talaba o‘z she’rini kuyinib o‘qiydi. Axtamqul aka o‘qib bergan she’r otamga yoqib, sizdan zo‘r shoir chiqadi, deya ishonch bildirganlarini chuqur ehtirom bilan yodga oladi. Bugun ustoz bilan bir dargohda mehnat qilish asnosida otamning gaplari nechog‘li to‘g‘riligiga amin bo‘ldim.

Sevimli shoirimiz go‘zal faslda, Navro‘z ayyomida tavallud topgan. Bizga har jihatdan ibrat bo‘ladigan, chin ma’nodagi iste’dod sohibi Axtamqul akani tabarruk yoshlari bilan qutlaymiz! Ustozga ijodiy parvozlar tilaymiz!

Shukur qilsak, kamtar bo‘lsak, hurmat-u izzat o‘z-o‘zidan kelishini bizlarga o‘rgatganingiz uchun ming rahmat sizga, Ustoz!

Nodira YОRMAT qizi





Report Page