AYOL SHA’NI

AYOL SHA’NI


1.

Eng avval Onaga – ayolga ta’zim,

Ta’zimdir mushtipar opa-singilga.

Bosgan izi asli – yurt xaritasi,

Ta’zim bo‘lsin yorga, darddosh ko‘ngilga.

“Vatanni sevaman” degan izhorni

Aytmasdan, jim yurish mumkindir, illo.

Lek aziz ayolga bir dasta gulday,

“Sevaman!” so‘zini aytmaslik gunoh!

Ana shu ayolning ko‘ksidagi nur,

Bu sovuq olamni sirga o‘ragan.

O‘zidan zerikkan, kulgusi salqi,

Bemurod dunyoning labin bo‘yagan.

Ayolning qudrati bir uyum toshdan

Borliqqa Tojmahal hadyalar etgan.

Shu aziz siymoning o‘t nigohidan

Zamin qit’alarga bo‘linib ketgan.

O‘zi-chun yashashni unutib goho,

Muhabbat tongida oyday balqqanim.

O‘zbek ayoli ham bordir shu safda

O‘lmasin bolam, deb tug‘day qalqqanim.

Qiyomat kunida, Mahshar tongida

Onalar farzanddan tonayotgan dam.

“Voh, bolam!” deb birov bo‘zlasa nogoh,

Bu o‘zbek onasi, beshak, muhtaram.

O‘zi bir shtat ish – o‘zbek bo‘lmoqlik,

O‘zbek ayoli bu – ikki bor yashash.

Bu nomni ko‘tarmoq uchun qancha kuch,

Qanchalar ulug‘lik, matonat, kurash...

Va buyuk muhabbat kerak bo‘ladi,

Bu ulug‘ sharafni pok tutmoq uchun.

Mehr tilanmaydi, qozoniladi,

Kuch kerak! Sabrni jim yutmoq uchun!

Ey, siz aziz ayol nomidan so‘zlab,

Eng go‘zal bog‘imga tegayotganlar.

Bir bor kelinchakday egilmay turib,

Mening ham boshimni egayotganlar.

Nomus matosini ko‘chaga yoyib,

Quyosh yuziga kul sochayotganlar.

Xudo bilan ayol o‘rtasidagi

Eng pinhon darchani ochayotganlar.

Ey, ahli gumonlar, biling olamda

Haliyam oshiqlar va hijron bordir.

Haliyam kimgadir visol hurmati

Titrab turgan gulning jamoli yordir.

Ha! Nedir sir bo‘lib qolishi kerak!

Nelarningdir pinhon turgani zebo.

Kimdir hayo tutgan parda ortida

Nozik entikkanda portlasin dunyo.

2.

Vatan haqidagi nutqdir, shubhasiz,

Ayolning nomidan aytar har so‘zim.

Shu sabab bu qutlug‘ kalom oldidan,

Ta’zim, deyman faqat, poyiga ta’zim!

Shodmonqul SALOM


“Jadid” gazetasining 2024-yil 15 -martdagi 12-sonida

Report Page