ASOSIY VAZIFALARI BELGILAB OLINDI

ASOSIY VAZIFALARI BELGILAB OLINDI

January 21, 2023

Bugun Navoiy davlat pedagogika institutida talabalarning yashash sharoitini doimiy ravishda oʻrganib borish, bu boradagi ishlarni takomillashtirish, ijara xonadonlari va talabalar turar joylarida yashovchi yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar hamda yoshlarimiz odob-axloqi yuzasidan institut birinchi prorektori X.Qurbonov ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda ijara xonadonda yashaydigan talabalar va ijaraga beruvchi fuqarolar oʻrtasidagi munosabatni oʻrganish hamda tartibga solish, ijara uchun berilgan uy-joylarning holati toʻgʻrisida maʼlumot yigʻish, talabalarning darsdan keyin nima ish bilan mashgʻul boʻlishi, boʻsh vaqtini qanday oʻtkazishi kabi jiddiy masalalar koʻrib chiqilib, tegishliligi boʻyicha masʼullarga vazifalar yuklatildi.

 Ayniqsa, talabalarning xususiy uy-joylarda yashash sharoitini bevosita oʻrganishga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Bugungi kunda ayrim talabalar tomonidan ijaraga olinayotgan xonadonlarning texnik xavfsizlik talablariga javob bermasligi, talabalarda bu boʻyicha bilimlarning yetarli emasligi natijasida turli noxush hodisalar roʻy bermoqda. Muhokamada ijarada turadigan talabalar va ijara beruvchi fuqarolar oʻrtasida munosabatni shaffoflashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Yigʻilish davomida ishlash istagida boʻlgan talabalarning bandligi taʼminlash boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 2012-yil 21-maydagi “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAʼLIM MUASSASALARIDA MOBIL TELEFONLARDAN FOYDALANISHNI TARTIBGA SOLISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA”GI 139-son QARORI hamda odob axloq qoidalari yuzasidan ayrim yoshlar bilan yakka tartibda ishlash kerakligi alohida taʼkidlandi. “Dunyodagi barcha goʻzal odob sohiblari kamolot sari intilib, odamlarni yaxshilikka chorlab, ularni yomonlikdan qaytarganlar. Bunday kishilarning hayoti, ularning husni-xulqi hamisha insonlar uchun ibrat namunasidir. Yaxshi odob, yoshlarimiz orasida oʻzaro mehr-muhabbatni va tinch-totuvlikni yuzaga keltiradi. Talabalarimizni kelajakda hayotlari yaxshi kechishiga, jamiyatda yaxshi oʻrin topishiga sabab boʻladigan asos, bu odob va axloq ekanligini taʼkidlab tushuntirib borish biz ustozlarning eng asosiy vazifamizdir...”-dedi X.Qurbonov

Report Page