ASHURO KUNINING TARIXIY AHAMIYATI
@AlQuranuzAlloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Qasamyod etaman “O‘n kecha” bilan” (“Fajr” surasi, 2-oyat).
Baʼzi mufassirlarning nazdida oyatdagi “o‘n kecha”dan murod Muharram oyining ilk o‘n kunidir. Darhaqiqat, Islom dinida Muharram oyi juda qadrli va barokatli oylardan sanaladi. Xususan, Muharram oyining 10-kuni, yaʼni “Ashuro kuni” islom tarixida unutilmas kunlardan biridir. Bu ulug‘ kun nafaqat Islom dinida, balki Islom dinidan oldin ham arablarda katta ehtirom bilan kutib olingan. Qurayshliklar bu kunda Kaʼbaga yangi yopinchiq yopishar va shu kuni ro‘za tutishga odatlanishgan edi. Qurayshliklar: “Ibrohim alayhissalom Ashuro kuni shunday qilgan”, degan rivoyatni keltirishar edi. Qurayshliklar Ibrohim alayhissalomga nisbat berib, biror yaxshi ishni qilsalar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bu ishda ishtirok etar edilar. Shu bois Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni, yaʼni Muharram oyining 10-kuni qurayshliklar bilan birga ro‘za tutishga odatlangan edilar. Lekin boshqalarni bu kunda ro‘za tutishga buyurmas edilar.
Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarida yahudiylarning ham Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘radilar. Yahudiylar: “Bu tarixiy muborak kun. Bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va u zotning qavmiga najot berib, Firʼavn va uning lashkarlarini dengizga g‘arq qilgan”, degan rivoyatlarni keltirishar edi. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ulug‘ kunga bo‘lgan ehtiromi yana-da ortib, boshqalarni ham Ashuro kunida ro‘za tutishga targ‘ib qilganlar (Qarang: “Sahih al-Buxoriy”, 1/481).
Darhaqiqat, Ashuro kuni Islom dini tarixida muhim o‘rin tutadi. Turli tarixiy hodisalar Muharram oyining 10-kuni bilan bog‘lanadi. Jumladan, Ashuro kunida:
1. Osmonlar va yerlar, qalam hamda Odam alayhissalom yaratilgan;
2. Odam alayhisalomning tavbasi qabul bo‘lgan;
3. Idris alayhissalom osmonga ko‘tarilgan;
4. Nuh alayhissalomning kemasi to‘fondan so‘ng Judiy tog‘ida qo‘nib topgan;
5. Ibrohim alayhissalomga “Xalilulloh” (Allohning do‘sti) degan unvon berilgan va bu kunda Namrudning olovi Ibrohim alayhissalom uchun gulzorga aylangan;
6. Ismoil alayhissalom tug‘ilgan;
7. Yusuf alayhissalom zindondan qutilib, Misr hokimiga aylangan;
8. Yusuf va Yaʼqub alayhissalomlar uzoq muddatli ayriliqdan so‘ng bir-birlariga qovushganlar;
9. Muso alayhissalom va u zotning qavmi – Bani Isroil Firʼavnning zulmi va istibdodidan ozod bo‘lgan;
10. Muso alayhissalomga Tavrot nozil bo‘lgan;
11. Sulaymon alayhissalomga podshohlik nasib qilgan;
12. Ayyub alayhissalom og‘ir xastalikdan shifo topgan;
13. Yunus alayhissalom qirq kunlik tutqiqinlikdan so‘ng baliq qornidan ozod bo‘lgan;
14. Yunus alayhissalom qavmining tavbasi qabul bo‘lib, ularning ustidan azob ko‘tarilgan;
15. Iso alayhissalom tug‘ilgan;
16. Iso alayhissalom osmonga ko‘tarilgan;
17. Dunyoga ilk bor Allohning rahmati – yomg‘ir yoqqan;
18. Qurayshliklar Kaʼbaga yangi kisva kiydirganlar;
19. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha roziyallohu anho bilan nikohlanganlar;
20. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nabiralari, Fotima roziyallohu anhoning jigargo‘shalari Husayn ibn Ali roziyallohu anhu qatl qilingan;
21. Qiyomat qoim bo‘ladi (“Nazhatul-majolis”, 1/347-348; “Maʼorif al-Qurʼan”; “Maʼorif al-hadis”, 4/168).
Bugun, yaʼni 8-Muharram kuni mana shunday muborak va barokatli kun ostonasida turibmiz. Yaqinlashib kelayotgan Ashuro kunini g‘animat bilib, solih amallarni ko‘paytirishga harakat qilmoq zarur.
Allohim! Ashuro kunining fazilatidan barchamizni bahramand qil! Bu ulug‘ kunda Payg‘ambarlaringga ato qilgan neʼmatlaringni bizlarga ham nasib ayla!
Qurʼonni shunchaki o‘qimang, Uni tafakkur qiling!
Manba:
1. Qarang: Abul Barakot Nasafiy. Madorik at-Tanzil va haqoiq at-taʼvil (Tafsir an-Nasafiy) J.3. – Bayrut: Dar al-kalim at-tayyib, 1998. – B. 637.
2. Mavlono Qori Muhammad Salmonulxayr Yag‘miy Qosimiy. Muharram al-haram: Muharram ke fazail o‘r ahkam va masail Qurʼan va sunnat ki ravshaniy me. – Sahoranpur: Dar al-mutolaʼa, 2018. – B. 21-24.