ASHTARXONIYLAR DAVRIDA MADRASA TA’LIMI

ASHTARXONIYLAR DAVRIDA MADRASA TA’LIMI

Jamolova D.M   Tarix fanlari bo`yicha falsafa doktori , Baqoyev Umidjon

       

Nodir devonbegi madrasasi. XXI asr boshlari.

     Dunyo mamlakatlari davlatchilik tarixi masalalarini o’rganar ekanmiz, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotining rivoji ta’lim sohasiga qaratilgan alohida e’tibordan ekanligini ko’rishimiz mumkin. Ilm-fanning rivojiga homiylik qilgan, malakali kadrlar tayyorlashni siyosat darajasiga ko’targan davlatlar hamma davrda rivojlangan, ilmsizlik va jaholat botqog’iga botgan mamlakatlarni o’ziga bo’ysundirib, mustamlaka qilgan.

          Mamlakatimiz davlatchilik tarixida muhim o’rin tutgan Buxoro xonligining Ashtarxoniylar sulolasi(1601-1753) davrida ham ilm-fanni rivojlantirish, ta’lim tizimini isloh qilish muhim vazifalardan biri edi. Ashtarxoniylar davrida tinimsiz urushlar, ichki ziddiyatlar bo’lishiga qaramay, Buxoro xonligida maorif, ilm-fan, madaniyat to’xtab qolmagan edi. Ayniqsa, Ashtarxoniylar davrida ko’plab madrasalar ta’lim markazlari sifatida faoliyat ko`rsatgan. Bu davrda madrasa o’rta va oliy o’quv yurti hisoblangan. Madrasaga maktabxonalarini tugatganlar qabul qilgan. Madrasa ta’limi talabalar iqtidoriga qarab 7-12 yil davom etgan bo’lib, 10 yoshdan 40 yoshgacha bo’lgan. Ular bilim darajasiga qarab uch guruhga bo’lingan: A’lo(oliy), avsat(o’rta), adno(quyi).

      Madrasa talabalari asosan ikki guruhga bo’lingan: darsga muntazam qatnashadigan, madrasa hujrasida yashab o’qiydigan, talabalar va darsga erkin qatnashadigan talabalar. Madrasalarda bilim berish asosan suhbat va munozara uslubida olib borilgan va talabalarning mustaqil fikrlashga alohida e’tibor qaratilgan. O’z vaqtida talabalar ham o’zlariga mudarris izlash va tanlashga haqli hisoblanib, unga qoniqmagan mudarrisdan boshqa mudarrisga borish imkoni berilgan. O’qish “Avvali ilm” deb nomlangan fors tilidagi o’quv qo’llanmasini o’zlashtirishdan boshlangan. So’ngra arab va fors tilidagi yozilgan kitoblar o’qitilgan. Ular talabalarga mudarris tomonidan turkiy tilda sharhlab berilgan. Keyin arab tili grammatikasi o’qitilgan. Fiqh(huquq)ni o’rganish majburiy hisoblangan. Bu davrda madrasalarda nafaqat diniy ta’limdan tashqari, matematika, geometriya, astronomiya, geografiya, tibbiyot kabi fanlar ma’lum darajada o’tilgan. Shuningdek madrasalarda adabiyot va estetika fanlarini o’rgatish talabalar uchun muhim o’rin egallagan. Ular asosan ta’limda O’rta osiyolik allomalar Farobiy, Ibn Sino, Beruniy va boshqa olimlar asarlarini o’qib, ta’lim olganlar. Madrasada turli sohadagi malakali mutaxasislar tayyorlangan. Bu ilm dargohini bitiruvchilarining aksariyati madarris, diniy olim , adabiyotchi, amaldor, elchi, harbiy, imom, rassom, musiqashunos va hatto ma’rifatparvar bo’lib yetishgan. O’quv yili oxirida talabalar o’tilgan fanlar yuzasidan bevosita ota-onalar ishtirokida imtihon topshirgan.  Madrasani muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga shahodatnoma - diplom berilgan.

Abdulazizxon. XX asrning ikkinchi yarmi.

          Xonlikda ta’lim xarajatlari vaqf mulki daromatlari hisobidan olingan.Bundan tashqari davlat xazinasidan ajratilgan qo’shimcha mablag’ hisobiga qoplangan. Har bir madrasaning o’z vaqf mulki va vaqfnoma hujjati bo’lgan. Vaqfnomada madrasaning chiqimi, undagi xizmatchilar: mutavvali, mudarris, hofiz, muhri, naqib, farrosh, oshpaz va boshqalar, shuningdek, talabalar soni, ularga berilgan maosh, va nafaqalar aniq ko’rsatilgan. Har bir madrasaning xon tomonidan tayinlangan o’z mutavvalisi bo’lgan. Mutavvaliga madrasadagi xizmat ko’rsatuvchi xodimlar (o’qituvchi-mudarrislardan tashqari) faoliyatini, ayrim hollarda esa talabalarining darsga qatnashish davomatlarini nazorat qilib turish yuklangan. 

     Ashtarxoniylar sulolasi hukmdorlaridan Abdulazizxon(1645-1681) davrida ham ko’plab madrasalar qurilgan. Jumladan, hijriy 1065 yil (1654-1655) Ulug’bek madrasasi qarshisida Abdulazizxon madrasasini qurdirgan. Madrasa 84 ta hujradan iborat. Abdulazizxon Turonning ma’rifatparvar hukmdorlaridan biri edi. Uning davrida Buxoro hanuz Sharqda ilm-fan markazlaridan biri hisoblanadi. Ko’plab olim u-adiblar ushbu maskanda to’plangan edi. Abdulazizxon ular ishtirokida go’zal majlislar uyishtirar, ilm ahlini moddiy va ma’naviy jihatdan doimiy ravishda rag’lablantirilib turardi. Tarixiy manbalarda u o’zi qurdirgan mazkur madrasada zamonasining yetuk allomasi mavlona Muhammad Sharif al-Buxoriy al-A’laviydan tahsil olgani haqida ma`lumotlar uchraydi. Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Katta peshtoq nafis va nodir naqshlar bilan bezatilgan bo’lib, islomiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman naqshlar bilan bezatilgan. Naqshlar, asosan, moviy rang bo‘yoqlar bilan chizilgan. Abdulazizxon madrasasi XX asr boshlaridagi ayrim manbalarda Zargaron nomi bilan yuritiladi. O’sha davrlarda uning yonida oltin-kumush savdosi, ya’ni Toqi Zargaron bo’lgan. Shu sababdan u yoki uning ro’parasidagi Ulug’bek madrasasi ham Zargaron madrasasi deyilgan. Ushbu madrasani qurishda saroy me’mori Muhammad Solih, masjid bezakchisi koshinkor Xoja Muhammad Amin kabilar qatnashadilar. Abdulazizxon madrasasi sho’rolar inqilobiga qadar faoliyat olib borgan. U oliy toifadagi madrasalar sirasiga kiradi. Yillik vaqf mablag’i 120 ming tangani tashkil etgan. Unda ikki nafar mudarris dars o’tgan. Keyingi davrlarda mulla Ne’matulloh va mulla Qurbon bu yerda talabalarga ta’lim bergan. Ushbu madrasada Aziziy taxallusi bilan qalam tebratgan shoir Abdulazizxoja Qunduziy dars o’tgan. Bugungi kunda madrasa hovlisida sayyohlar uchun milliy musiqa va folklor tomoshalari ko’rsatiladi. Shimoliy-sharqiy burchagidagi miyonsaroyda Buxoro yog‘och o‘ymakorligi namunalaridan iborat ko’rgazma tashkil etiladi va ushbu madrasada muzey faoliyati yo’lga qo’yilgan.

          Abdulazizxon  Registon guzarida, Go’sfand madrasasini qurdirgan. Ushbu madrasa 72 ta hujradan iborat bo’lib, u inqilob davrida vayrona holiga kelib qolgan. Yonida qo’y bozori bo’lganligi tufayli uni Go’sfand bozori madrasasi deb ham atashgan. U yana Registon madrasasi nomi bilan mashhur bo’lib, Buxoroning oliy madrasalaridan biri hisoblangan. Unda ikki nafar mudarris dars o’tgan. Oliy hukmdor Abdulazizxon o’zi qurdirgan madrasalari uchun katta vaqf mulklari ajratgani shubhasiz. Ushbu madrasa sho’rolar davrida buzilib ketgan.

Портрет Абдулазиз-хана
Царский титулярник, 1672 год

     Ashtarxoniylar sulolasi vakili Subhonqulixon(1681-1702) davrida tibbiyotga qiziqish kuchli edi. Subhonqulixon Buxoroda maxsus shifoxona(dorishshifo) qurdiradi. Shifoxona qoshida maxsus tibbiy kutuxona ham qurilgan.Subhonqilixon 1697-yilda Dor ush-shifo madrasasi qurdirgan bo’lib, u pishiq g’ishtdan qurilgan. Oliy gumbazlari va ravoqlari, ichki va tashqi hovlisi, tib ilmi o’qitiladigan dars xonasi, yozgi masjidi va o’n sakkizta hujrasi bor edi. Ushbu madrasa g’arb tarafida ko’cha, shimolida vaqf yer va Hoji Baqo ibn mulla Ibodullo hovlisi, sharqida Ark qa’lasi, janubida Ark arig’i bo’lgan.U jilovxona guzarida joylashgan edi. Madrasada maxsus maktabxona ham tashkil etilgan. U yerda yosh bolalar o’qitilgan.

hozircha ma’lum emas. Biroq madrasa sohibi “Ihyoyi at-tib Subhoni” nomli tibbiy nomli asar yozib qoldirgan. Muallif sarlavhadayoq so’zning hikmatidan ajoyib foydalanilgan. “Subhon” so’zida ikki xil ma’no, ya’ni avvalo Olloh, so’ngra muallif o’zi (Subhonqulixon) nazarda tutilgan. Ushbu kitob muqaddima va sakkizta bobdan iborat. Har bir bob to’rtta faslga bo’linadi. Kitobda oddiy va murakkab dori-darmonlarni tayyorlash, har xil kasalliklarni davolash usullari ko’rsatiladi. 

           Subxonqilixonning adabiyotga ham ishtiyoqi kuchli edi. U Jalolidddin Rumiyning masnaviylariga fors tilida “Risola dar ma’niyii bayti” “Masnaviy” nomli sharh yozgan. Subhonqulixon bu madrasa oldida hovuz, Arkda ko’rinishxona, mehmonxona, bundan tashqari, hijriy 1095 yili(1683) Ark jo’me masjidi, Ark darvozasi tepasidagi nog’oraxona qurdiradi.

           XX asr boshlarida unda mulla Abdurahim dars bergan va Naqib madrasasi o’qituvchisi qori mulla Samiy o’rniga o’tib ketadi. Mulla Ahmadxo’ja ham ushbu joyda dars bergan. U vafot etganidan keyin uning o’rniga Oliy sangin madrasasi o’qituvchisi mulla Shamsiddin mudarris etib tayinlanadi. Hijriy 1329 yil rabi us-soniy oyida (1911 yil aprel) Mirzo Nasrulloh qo’shbegi nomiga yozilgan arznomada madrasa ahli o’quv binosi holati yomon ahvolda ekanidan shikoyat qiladi.

           XVII asr o`rtalarida Buxoro xonligida 150 dan ortiq madrasalar faoliyat ko’rsatgan. Hukmdorlardan tashqari, ko’plab davlat amaldorlari tomonidan ham madrasalar qurilgan. Ushbu madrasalardan Imomqulixon (1611-1642) davrida Mulla Shamsiddin guzarida 71 hujrali Nodirdevonbegi madrasasi (1620-1621 yillar Hazrat Mirzoyi Tag’oyi sadr devonbegi ibn hazrat Sulton Mirzo Tag’oyi Abdullaxon tomonidan qurilgan), Abdulazizxon(1645-1681­) davrida Otaliq guzarida 23 hujrali Muhammadyorbiy otaliq madrasasi (1668-1669 yillarda Muhammadyor otaliq tomonidan qurilgan), Hammomi kappa guzarida 27 hujrali Shayx Darvesh madrasasi   (1669-1670 yillarda Muhammad Darveshbiy devonbegi ibn Mirzo Muhammadxoja tomonidan qurilgan), Subhonqulixon(1681-1702) davrida Mavlaviy Sharif guzarida 13 hujrali Mavlaviy Sharif madrasasi (Mavlona Muhammad Sharif tomonidan qurilgan) , Obiravon guzarida 8 hujrali Muhammad Aminxoja madrasasi (Muhammad Aminxoja Mirzo Husayn tomonidan 1691-1692 yillarda qurilgan), Arki Basta guzarida 12 hujrali Xoja davlat madrasasi (1700-1701 yillarda Xoja Davlat Saroy ibn Xoja Muhammad Xudoybaxsh tomonidan qurilgan), Mir tahur guzarida Qozi Salim madrasasi ( XVII asrda Qozi Salim tomonidan quriligan), Ubaydullaxon II (1702-1711) davrida Qo’sh madrasa guzarida 18 hujrali Muhammad Ali hoji madrasasi  (1707-1708 yillarda Muhammad Ali hoji tomonidan qurilgan), Abulfayzxon(1711-1747) davrida Yalangi Boqijon qo’shbegi guzarida masjid bilan yonma-yon joylashgan 8 hujrali Boqi Muhammad qo’shbegi madrasasi  (Boqi Muhammad qo’shbegi tomonidan qurilgan), bo’lib, ularda diniy bilimlar o’qitilishiga keng e’tibor qaratilgan.

  Xulosa qilib aytganda, Ashtarxoniylar sulolasi davrida mamlakatda ta’lim tizimi sohasida muhim islohotlar amalga oshirildi. Buxoroda ko’plab madrasalar faoliyati yo’lga qo’yilib, talabalar uchun shart-sharoitlar yaratildi. Imomqulixon, Abdulazizxon, Subhonqulixon, Ubaydullaxon II kabi hukmdorlar orasida madrasalar faoliyati va  ta’lim sohasida amalga oshirgan islohotlar Buxoro xonligi uchun muhim ahamiyat kasb etdi. 


Buxoro davlat universiteti Tarix fanlari doktori Jamolova D. M, Buxoro davlat universiteti Baqoyev Umidjon


        








Report Page