ANUSHTEGIN XORAZMSHOHLAR

ANUSHTEGIN XORAZMSHOHLAR

Ilhom Babajanov

XI asrda Xorazm saljuqiylar davlati tarkibiga kirgan. Xorazmning XI asrdagi yuksalishi turkiylar sulolasiga mansub Xorazmshohlar siyosati bilan uzviy bogʻliq. Mazkur sulolaga Saljuq amirining tojdori Anushtegin Garchoi asos solgan. Anushtegin Malikshoh (1072-1092-yillar.) saroyida yuksak martabaga erishgan. U rahbarlik qilgan mahkama zimmasiga Xorazmni boshqarish ham yuklangan. 1077-yilda Malikshoh Anushtegin Garchoini Xorazmga noib etib tayinlaydi va Xorazmda Anushteginlar sulolasi hukmronligi boshlanadi.


Anushteginlar turkiylar sulolasidan boʻlib, oʻsha paytda, Osiyoda hukmronlik qilgan uch buyuk sulola: Anushteginlar, Saljuqiylar va Gʻaznaviylar bir negizdan kelib chiqqan. 1097-yilda Anushtegin vafot etgach, Xorazm noibi etib Ekinji ibn Qorachar tayinlanadi. Biroq u oʻsha yili noiblikdan chetlatilib, uning oʻrniga Anushteginning oʻgʻli Qutbiddin Muhammad (1097-1127-yillar) qoʻyiladi. U "Xorazmshoh" unvonini tiklaydi.


Qayta tiklangan Xorazmshoh mansabiga sazovor boʻlgan Anushtegin nabirasi Otsiz Xorazm mustaqilligi yoʻlida astoydil harakat qilgan. Xorazmshoh Otsiz (1127-1156-yillar) Saljuq sultoni Sanjarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. U mugʻombir, diplomat va qatʼiy sarkarda boʻlib, mustaqil tashqi siyosat yuritadi. Qipchoqlar va turkmanlarga qarshi urush boshlaydi.


XII asrning boshida Oʻrta Osiyoni sharq tomondan yangi istilochilar - qoraxitoylar bosib oladilar. Sulton Sanjar oʻzining yaqin qarindoshi boʻlgan samarqandlik Qoraxoniylar xoni Mahmudga yordamga keladi. Qoraxitoylarga qarshi Samarqand yaqinida boʻlib oʻtgan jang Sanjarning toʻla magʻlubiyati bilan yakunlanadi. Xorazmshoh Otsiz Sanjarning magʻlubiyatidan ustalik bilan foydalanib, 1141-yili Marvni ishgʻol etadi, 1142-yili esa Nishopurga yaqinlashadi.

1156-yili Otsiz vafot etadi va uning oʻgʻli Elarslon (1156-1172-yillar) Xorazmshohlar davlatini mustahkamlashni davom ettirib, Dixistonni tevarak-atrofdagi yerlarga qoʻshib oladi. Elarslon oʻziga voris etib oʻgʻli Sultonshoh Mahmudni (1172-1193-yillar) tayinlaydi, biroq toʻngʻich oʻgʻli Takash ukasi hokimyatini tan olmay, unga qarshi kurash boshlaydi. Natijada toj-u taxt uchun kurash boshlanadi, bu kurash 21 yil davom etib, unda Takash gʻolib keladi.


Uning oʻgʻli Tekesh (1172-1200-yillar) 1187- yili Nishopurni, 1192-yili esa Marvni bosib oladi. 1194-yili Gʻarbiy Saljuqlar sultonini qaqshatqich magʻlubiyatga uchratib, Eronning butun sharqiy qismini egallab oladi. 1195-yili Tekesh Abbosiy xalifa qoʻshinini tor-mor qilib, Iroqga bostirib kiradi. Oʻz mamlakati hududlarini ikki karra kengaytirgan va qudratli davlat barpo etgan Xorazmshoh Tekeshni Xorazmning eng isteʼdodli hukmdori deb eʼtirof etish mumkin.


Tekeshning siyosati kamchiliklaridan biri qipchoq harbiy aristokratiyasiga koʻrsatilgan homiylik boʻlgan. Qipchoqlar Tekesh rafiqasi xayrihohligidan foydalanib, davlat ishlariga koʻproq taʼsir koʻrsatishga intilgan. Turkiy "qoʻmondonlar"ning davlat ishlariga oʻzboshimcha aralashuvi keyinchalik Tekesh oʻgʻli Muhammad zamonida Xorazm davlatining parchalanishiga sabab boʻlgan.


Alovuddin Muhammad (1200-1220-yillar) davrida mamlakat hududi yanada kengadi. 1210-yilda Movarounnahrni Qoraxitoylardan toritib oladi. Uning davrida mamlakat qanchalik gullab-yashnamasin, mamlakat ich-ichidan yemirilib borgan. Xatto, sulton saroyida ham ichki nizolar avj olib, ularning boshida Turkon Xotun va qipchoqlar turgan. Sulton saroyidagi bunday nizolardan foydalangan moʻgʻullar 1219-1221-yillarda mamlakatning asosiy qismini bosib oladilar.

Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi (1220-1231-yillar) 11 yil davomida Hindiston, Eron va Ozarbayjon hududlarida moʻgʻullarga qarshi mardonavor kurash olib boradi. 1231-yil avgustda Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonda fitna qurboni bo'lib halok boʻlgach, 154 yil hukmronlik qilgan Anushteginlar sulolasining hukmronlik davri tugaydi. 


Anushteginlar sulolasidan boʻlgan Xorazmshohlar: (1077-1231-yillar): 

1. Anushtegin Garchoi 1077-1097-yillar. 

2. Ekinji ibn Qorachar 1097-yil. 

3. Qutbiddin Muhammad 1097-1127-yillar. 

4. Otsiz 1127-1156-yillar. 

5. Elarslon 1156-1172-yillar. 

6. Sultonshoh Mahmud 1172-yil. 

7. Takash 1172-1200-yillar. 

8. Alovuddin Muhammad 1200-1220-yillar. 

9. Jaloliddin Manguberdi 1220-1231-yillar.


Urganch davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Ilhom Babajanov

Manzil: @imperiyalar_tarixi

Report Page