ALLOHNING 99 GO‘ZAL ISMI
Nabaviy hadis matnida Allohning go‘zal ismlaridan 99 tasi zikr qilingan. Ularning sharhini
quyida ko‘rib chiqamiz:
1. Alloh.
O‘z sifatida, zotida yagona, ibodat qilish uchun eng munosib, undan boshqa iloh yo‘q Zot.
“Alloh” ismi Parvardigorimizning jami go‘zal ismlari maʼnosini o‘zida jamlagan.
2. Ar-Rahmon.
O‘ta Mehribon, karamli, barcha maxluqotlarga, jumladan, kofirga ham, mo‘minga ham rizq beruvchi Zot.
“Rahmon” sifati faqat Alloh taoloning O‘ziga xos. Bu sifat Undan boshqasiga ishlatilmaydi.
3. Ar-Rahim.
Mehribon, Rahmli, qiyomat kuni faqat mo‘minlarga rahm qiluvchi, Haqiqiy imon keltirganlar
gunohini avf qilib, jannatga kirituvchi.
“Ar-Rahim” sifati “Ar-Rahmon”dan xosroq bo‘lib, “Oxiratda faqat mo‘minlarga shafqat qiluvchi”
maʼnosini bildiradi.
Yuqorida “Rahmon” sifatini Alloh taolodan o‘zgaga qo‘llab bo‘lmasligi aytildi. Lekin “Rahim”
Allohdan o‘zgalarga, jumladan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga nisbatan qo‘llanilishi
mumkin (Qarang: “Tavba” surasi, 128-oyat).
4. Al-Malik.
Barcha mulklarning haqiqiy Egasi, Undan o‘zga ega yo‘q. Alloh xohlagan ishini qila oladi, xohlagan
narsasini yaratishi mumkin.
5. Al-Quddus.
Har qanday ayb-nuqsondan pok, mukammal Zot. Mutlaq muqaddaslik faqat Allohga xos.
6. As-Salom.
Nuqsonlardan salomat, pok, bandalarini halokatlardan saqlovchi, ularga omonlik, xotirjamlik
beruvchi.
7. Al-Moʻmin.
Dunyoda istalgan bandasiga, oxiratda jahannam o‘tidan faqat mo‘minlarga omonlik beruvchi;
omonatga vafo qiluvchi, bandalariga jannat haqida bashorat berib, qiyomat kuni buning tasdig‘i o‘laroq
ularni jannatga kirituvchi Zot.
8. Al-Muhaymin.
Barcha narsani kuzatib turuvchi, maxluqotlarni himoya qiluvchi, ularning har bir holatini bilib
turuvchi; har bir narsaga shohid bo‘luvchi; maxluqotlar ishini tadbir qiluvchi; amin, ishonchli,
vaʼdasiga vafo qiluvchi.
9. Al-Aziz.
Kuch-quvvat Egasi, hech qachon mag‘lub bo‘lmaydigan; barcha narsadan g‘olib keluvchi.
10. Al-Jabbor.
Maxluqotlari ustidan mutlaq G‘olib, ularga O‘zi xohlagan amr-qaytariqlarni joriy qiluvchi.
11. Al-Mutakabbir.
Ulug‘, Aziz, kibriyo Egasi.
12. Al-Xoliq.
Avval yo‘q bo‘lgan narsalarni Yaratuvchi, har bir narsani aniq o‘lchov bilan xalq qiluvchi.
13. Al-Boriʼ.
Yo‘qdan bor qiluvchi.
14. Al-Musavvir.
Har bir maxluqotiga o‘ziga yarasha, o‘zga maxluqotlardan ajralib turadigan darajada surat beruvchi;
bandalariga onalari qornida turgan hollarida O‘zi xohlagan tarzda shakl beruvchi.
15. Al-G‘affor.
Haqiqiy tavba qiluvchi bandalari xato-kamchiliklarini, gunohlarini doim kechiruvchi,
nuqsonlarini berkituvchi.
16. Al-Qahhor.
Barcha maxluqotlaridan ustun, ularga O‘zining adolatli hukmini yurgizuvchi.
17. Al-Vahhob.
Bandalariga evazni niyat qilmagan holda juda ko‘p neʼmatlar beruvchi.
18. Ar-Razzoq.
Rizqlarni yaratib, ularni maxluqotlariga yetkazuvchi, maxluqotlarini doim rizqlantirib turuvchi.
19. Al-Fattoh.
Bandalariga rizq va rahmat eshiklarini ochuvchi.
20. Al-Alim.
Barcha narsa va hodisalarning botiniy, zohiriy, eng nozik, eng katta jihatlarigacha Biluvchi, ilmi
hamma narsani to‘liq qamrab olgan Zot.
21. Al-Qobiz.
O‘z hikmati bilan baʼzi bandalari rizqini tor qiluvchi, o‘lim chog‘ida bandalar ruhini oluvchi.
22. Al-Bosit.
O‘z karami, rahmati bilan xohlagan bandasi rizqini keng qiluvchi, bandalar hayotlik chog‘ida
jasadlari ichidagi ruhlarini qo‘yib yuboruvchi.
23. Al-Xofiz.
Kofir, mushrik, osiy bandalar martabasini pasaytiruvchi.
24. Ar-Rofiʼ.
Mo‘min bandalari martabasini baland qiluvchi, avliyo bandalarini O‘ziga yaqinlashtiruvchi.
25. Al-Muiz.
Xohlagan bandasini imon yo‘liga boshlab, aziz-mukarram qiluvchi.
26. Al-Muzil.
Bandalaridan kimni xohlasa, xor qiluvchi, ulardan azizlikni, mukarramlikni oluvchi.
27. As-Samiʼ.
Har bir narsani eshitib turuvchi. Bo‘layotgan har qanday voqea-hodisa Allohning eshitishidan,
ilmidan xoli emas.
28. Al-Basir.
Har bir narsani ko‘rib turuvchi, bo‘layotgan har qanday holat Allohning ko‘rishidan chetda qolmaydi.
29. Al-Hakam.
Mutlaq Hokim. Hech kim Allohning hukmiga eʼtiroz bildirib, qarshilik ko‘rsata olmaydi.
30. Al-Adl.
Adolatli, mutlaq adolat qiluvchi.
31. Al-Latif.
Lutf ko‘rsatuvchi, karamli, muloyim, mehribon; har bir narsaning o‘ta nozik jihatlarigacha bilib
turuvchi.
32. Al-Xabir.
Har bir narsaning zohiriy (tashqi), botiniy (ichki) jihatlaridan xabardor Zot.
33. Al-Halim.
Bandalari isyoniga tezda g‘azab qilmaydigan, ularga imkon beruvchi, osiy bandalariga azob berishga
shoshilmaydigan, faqat mavridi kelgandagina jazolovchi.
34. Al-Azim.
Inson aqli, tafakkuri tasavvur qila olmaydigan darajada ulug‘ Zot.
35. Al-G‘afur.
Bandalar gunohlarini kechirib, ayb-kamchiliklarini berkituvchi.
36. Ash-Shakur.
Itoatkor, solih amallar qiluvchi bandalariga nihoyatda ko‘p mukofot beruvchi, oz amal qiluvchi
bandalariga ham niyatlariga, ixloslariga yarasha ajr-savob beruvchi.
37. Al-Aliy.
Juda oliy martabali; Uning zotini, sifatini tasavvur qilishga aqllar ojizlik qiladi.
38. Al-Kabir.
O‘ta ulug‘, maxluqotlaridan mutlaq ustun, azaliy, abadiy Zot.
39. Al-Hafiz.
Maxluqotlarini O‘zi xohlagan muddat halokatdan saqlab turuvchi.
40. Al-Muqit.
“Al-Muqit” sifatining birinchi maʼnosi “Al-Hafiz”niki bilan bir xil. Ikkinchi maʼnosi esa
har bir maxluqotiga o‘z nasibasini beruvchidir.
41. Al-Hasib.
Kifoya qiluvchi, maxluqotlarini kifoya qiladigan darajada rizqlantiruvchi, qiyomat kuni
bandalarini hisob qiluvchi.
42. Al-Jalil.
Ulug‘lik sifatini o‘zida jamlagan Zot; buyuk, ulug‘, oliy.
43. Al-Karim.
Karami, saxovati cheksiz Zot. Inʼom qilish bilan Allohning xazinasi kamayib qolmaydi.
44. Ar-Raqib.
Har bir narsani kuzatib turuvchi.
45. Al-Mujib.
Bandalar ixlos bilan qilgan duolarini ijobat etuvchi.
46. Al-Vosiʼ.
Rahmati barcha narsadan keng, xohlagan bandasi rizqini kengaytiruvchi.
47. Al-Hakim.
Har bir tadbirini hikmat bilan amalga oshiruvchi.
48. Al-Vadud.
O‘zining solih bandalarini yaxshi ko‘ruvchi, ulardan rozi bo‘luvchi, bandalari tomonidan seviluvchi.
49. Al-Majid.
Shuhrati nihoyatda cheksiz, qadri juda baland; karamining cheki yo‘q, o‘ta saxiy Zot.
50. Al-Bois.
Mazkur sifatning ikki xil maʼnosi bor: 1. Tiriltiruvchi. 2. Yuboruvchi.
Yaʼni, bandalariga payg‘ambarlar yuboruvchi, barcha maxluqotlarini qiyomat kuni qayta
tiriltiruvchi.
51. Ash-Shahid.
Bo‘layotgan har bir narsa, hodisa ustida hozir-shohid bo‘lib turuvchi. Biron narsa Allohning
guvohligidan chetda qolmaydi.
52. Al-Haq.
Mavjudligi haqiqatan tasdiqlangan, Haq, Haqni yuzaga chiqaruvchi Zot.
53. Al-Vakil.
Bandalari ishlarini amalga oshiruvchi, ularga manfaat yetkazishga kafil Zot.
54. Al-Qaviy.
Kuch-quvvat Egasi, biron amalni bajarishdan ojiz qolmaydigan Zot. Alloh mutlaq qudrat
Sohibidir.
55. Al-Matin.
O‘ta quvvatli, matonatli Zot. Biron ishni amalga oshirgach, Alloh charchamaydi, zaiflashib
qolmaydi.
56. Al-Valiy.
Yordam beruvchi; valiy bandalarini yaxshi ko‘ruvchi; butun olamdagi maxluqotlari ishlarini
boshqarib turuvchi Zot.
57. Al-Hamid.
Har qanday holatda, har qanday zamonda hamdu sanoga eng munosib, bandalari tomonidan tinimsiz
maqtaladigan Zot.
58. Al-Muhsiy.
Har bir narsani O‘z ilmi bilan hisobga oluvchi, ilmi barcha narsani qamragan, har bir narsaning
eng nozik jihatlarini ham, eʼtiborga molik tomonlarini ham inobatga oluvchi.
59. Al-Mubdiʼ.
Har bir narsani o‘xshashi yo‘q darajada avvaldan Yaratuvchi, yo‘qdan bor qiluvchi.
60. Al-Muid.
Maxluqotlarini o‘limga qaytaruvchi (yaʼni, o‘ldiruvchi), so‘ng qiyomat kuni ularni yana hayotga
qaytaruvchi.
61. Al-Muhyi.
Qiyomatda o‘liklarni qayta tiriltiruvchi, ularga jon ato etuvchi.
62. Al-Mumit.
O‘limni yaratuvchi, xohlagan bandasi jonini xohlagan vaqtida oluvchi.
63. Al-Hay.
Doim tirik, hech qachon o‘lmaydigan Zot.
Boqiylik faqat U Zotga xos. O‘lim, foniylik esa maxluqotlarga xos. Bunday sifatlar Allohga
nisbat berilmaydi. Alloh barhayotligi bandalar tirikligidan tubdan farq qiladi.
64. Al-Qayyum.
O‘z-o‘zidan qoim bo‘luvchi, boshqalarni ham qoim qiluvchi, har bir narsa ustida guvoh bo‘luvchi.
65. Al-Vojid.
Xohlagan narsasini xohlagan vaqtida topuvchi, hech qachon faqir bo‘lmaydigan darajada boy Zot.
66. Al-Mojid.
Shon-shuhrat Egasi, qadri baland, karamli, saxiy Zot.
67. Al-Vohid.
Yagona, Yolg‘iz, sherigi yo‘q Zot.
Alloh taoloning azalda ham sherigi bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi. U Zot o‘z sifatida,
zotida, ilohlikda, ibodatga munosiblikda Yakkayu Yagonadir.
68. As-Somad.
Mazkur sifat bir necha maʼnolarni anglatadi. Jumladan, “mutlaq Hokim”, “doim barhayot
turuvchi”, “hech kimga hojati tushmaydigan, aksincha maxluqotlari hojatini ravo qiluvchi Zot”.
69. Al-Qodir.
Har bir narsaga qodir Zot. Alloh xohlagan ishini qilishdan ojiz emas. Har qanday ish Unga oson.
70. Al-Muqtadir.
Qudrati cheksiz, nihoyatda kuchli Zot.
71. Al-Muqaddim.
Xohlagan narsasini oldinga surib, ularni o‘z joyiga qo‘yuvchi. Kim yoki nima oldinga surilishga
munosib bo‘lsa, oldinga suradi.
72. Al-Muaxxir.
Xohlagan narsasini ortga surib, ularni o‘z joyiga qo‘yuvchi. Kim yoki nima ortga surilishga
munosib bo‘lsa, ortga suradi.
73. Al-Avval.
Boshlanishining avvali yo‘q, barcha narsadan avval bo‘lgan Zot.
Alloh taolo maxluqotlar yaratilmasidan oldin ham mavjud edi. Dunyodagi barcha narsalar,
mavjudotlar “Al-Avval” sifatli Alloh tomonidan yaratilgan.
74. Al-Oxir.
Maxluqotlar o‘lib ketganidan so‘ng ham boqiy qoluvchi, hech qachon o‘lmaydigan, mavjudligining
oxiri yo‘q Zot.
75. Az-Zohir.
Barcha narsadan ustun, oliy Zot. Atrof-muhitdagi narsalar, holatlar Allohning zohirligiga
dalolat qiladi.
Haqiqatan, aql yuritgan kishi Allohning borligini, Yakkayu Yagonaligini biladi. Zero, U Zotning
mavjudligi ochiq-oydin ko‘rinib turadi.
76. Al-Botin.
Maxluqotlar nazaridan berkingan, ularga ko‘rinmaydigan Zot. Chunonchi, ko‘z bilan Allohni bu
dunyoda ko‘rib bo‘lmaydi.
77. Al-Voliy.
Barcha narsaning Egasi, ularni tasarruf etuvchi Zot.
78. Al-Mutaoliy.
Kofirlar U Zotga nisbatan ayb taqashlaridan, mo‘minlar hamdu sanolaridan oliy Zot.
Yaʼni, kofir va mushriklarning Alloh taologa nisbatan noloyiq tuhmatlari U Zot shaʼniga putur
yetkazmaydi. Mo‘minlar hamdu sanolari esa U Zot ulug‘ligini ziyoda qilmaydi. Chunonchi, bandalari
tuhmatlari, hamdu sanolari Alloh taologa zarar ham, foyda ham keltirmaydi. U Zot bandalari
qiladigan amallaridan, aytadigan gaplaridan Oliy va Behojatdir.
79. Al-Bar.
Bandalariga cheksiz yaxshiliklar qiluvchi, lutf-karami, ehsonining cheki yo‘q Zot.
80. At-Tavvob.
Bandalari ixlos bilan qilgan tavbalarini qabul qiluvchi.
81. Al-Muntaqim.
G‘azabini qo‘zg‘agan bandalaridan intiqom (qasos) oluvchi, ularni jazolovchi. Lekin Allohning
jazolashi zulm emas, adolatdir.
82. Al-Afuv.
Bandalari gunohlarini kechirib yuboruvchi.
Mazkur sifat maʼnosi “Al-G‘afur”nikidan ham kuchliroq. Zero “Al-G‘afur” bandalar gunohlarini
berkitishni, “Al-Afuv” gunohlarni kechirishni, o‘chirib yuborishni anglatadi.
83. Ar-Rauf.
O‘ta Mehribon, nihoyatda Shafqatli, Rahmli Zot.
84. Molikul mulk.
Mulk egasi, ishlarni O‘zi xohlagan tarzda amalga oshiradi, Uning hukmiga qarshi boruvchi yo‘q,
mutlaq tasarruf qiluvchi.
85. Zul jaloli val ikrom.
Ulug‘lik va karam Egasi.
86. Al-Muqsit.
Adolatli Zot.
Alloh O‘z hukmida, jazo berishida, mahrum etishida adolatlidir. Bandalariga zulm qilmaydi,
ularni gunohlariga yarasha jazolaydi, yaxshi ishlarini munosib taqdirlaydi.
87. Al-Jomiʼ.
Maxluqotlarni hisob qilish uchun qiyomat kuni mahshargohga Jamlovchi.
88. Al-G‘aniy.
Boy, Behojat Zot. Boshqalarning Allohga hojati tushadi, biroq Alloh hech kimga, hech narsaga
muhtoj emas.
89. Al-Mug‘niy.
Behojat-boy qiluvchi.
Alloh bandalari orasidan kimni xohlasa, o‘shani boy-behojat qilib qo‘yadi.
90. Al-Moniʼ.
O‘ziga itoat etuvchi mo‘min bandalarini har xil kulfatlardan, qiyinchiliklardan asrovchi, ularni
balolardan qutqaruvchi; xohlagan bandasidan keng rizqni man qiluvchi.
91. Az-Zor.
Zararli narsalarni ham yaratuvchi.
Alloh yaxshini ham, yomonni ham, foydalini ham, zararlini ham yaratadi. Shu orqali xohlagan
maxluqotiga O‘z hikmati bilan zarar yetkazadi.
92. An-Nofiʼ.
Xohlagan bandasiga manfaat keltiruvchi.
93. An-Nur.
Ko‘zi ojizlar Allohning nuri bilan ko‘radi. Maʼnaviy so‘qirlar Uning hidoyati ila to‘g‘ri yo‘lni
topadi. Alloh O‘zi zohir bo‘luvchi, o‘zgalarni ham zohir qiluvchi Zotdir. U osmonlar va Yerning nuridir.
94. Al-Hodiy.
Xohlagan bandasini to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi, hidoyatga boshlovchi.
95. Al-Badiʼ.
Mislsiz narsalarni yo‘qdan bor qiluvchi.
96. Al-Boqiy.
Doim boqiy turuvchi, foniylik sifatidan xoli.
97. Al-Voris.
Barcha maxluqotlar o‘lib ketganidan keyin ham mangu qoluvchi.
98. Ar-Rashid.
Xohlagan bandasini to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi.
99. As-Sabur.
O‘ta sabrli Zot.
Alloh gunohkorlarni jazolashga shoshilmaydi, balki hidoyat yo‘liga yurib, o‘zlarini isloh
qilishlariga imkon beradi.