ALLOH SUYGAN BANDALAR: TAVAKKUL QILUVCHILAR

ALLOH SUYGAN BANDALAR: TAVAKKUL QILUVCHILAR

@AlQuranuz

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“... (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, ALLOH TAVAKKUL QILUVCHILARNI SЕVAR” (“Oli Imron” surasi, 159-oyat).

“Taakkul” lug‘atda birovga o‘z ixtiyorini ishonib topshirmoq, suyanmoq kabi ma’nolarni anglatadi. Bu so‘z xalqimizda “tavakkal” shaklida ham qo‘llaniladi. Bu tamaning shar’iy istilohi haqida olimlarimizdan Imom Moturidiy rahimahulloh va Imom Abul Barakot Nasafiy rahimahulloh shunday deganlar:

“Tavakkul – Allohga suyanish, ishni Unga topshirish”.

Imom Moturidiy rahimahulloh tavakkulning asl mohiyatini shunday ta’riflaydi: “Mo‘minlar barcha ishlarida faqat Allohga ishonadilar va Ungagina suyanadilar. Agar mo‘minga biror yaxshilik yetsa, uni Allohdan deb biladi. Mo‘min shuni aniq biladiki, Alloh kimga yordam bersa, uni hech kim yenga olmaydi. Alloh kimni mag‘lub etsa, hech kim unga yordam bera olmaydi. Shuning uchun ham mo‘min Allohga tavakkul qiladi, ya’ni Allohning va’dalariga ishonib, Unga suyanadi va ahdiga vafo qilishga qattiq harakat qiladi. Barcha ishlarini Allohga topshiradi. Chunki biladiki, o‘zining butun borlig‘i Allohniki va Ungagina qaytadi”.

Bu ta’riflar tavakkulning aqidaviy jihatlarini ochib beradi. Ammo tavakkul deganda mehnat bilan shug‘illanmasdan, Allohdan rizq kutish kabi noto‘g‘ri tushunchalarga aldanib qolmaslik lozim. Tavakkul qilishdan oldin sabablarni bajarish lozim. So‘ng natijani Allohdan so‘rash kerak. Ha, har qanday natija Alloh irodasi bilan ro‘yobga chiqadi. Natijaga erishish uchun bandadan harakat qilish talab etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, tavakkul sabablarni bajarib, natijani Allohdan kutish demakdir. Tavakkul bilan bog‘liq bir qator hukmlar mavjud bo‘lib, buni doim yodda saqlash lozim bo‘ladi. Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh bu hukmlarni quyidagcha izohlaydi:

Tavakkul ikki qism bo‘ladi: ilmiy va amaliy.

1. Ilmiy tavakkul – har bir ishda haqiqiy tasarruf qiluvchi va haqiqiy tadbir qiluvchi yolg‘iz Alloh taolo ekanini anglash hamda banda har ishda Allohga muhtoj ekanini e’tiqod qilishi. Tavakkulning bu turi har bir mo‘min-musulmon uchun farz sanaladi. Imom Moturidiy rahimahullohning yuqoridagi so‘zlari ham ushbu ilmiy tavakkul haqida aytilgan.

2. Amaliy tavakkul – sabablarni tark etish.

Sabab deganda natijaga erishish uchun bajariladigan ishlar tushuniladi. Sabablar ikki turga bo‘linadi:

Birinchi sabab – diniy sabablar. Bu sabablar bilan biror diniy manfaat hosil bo‘ladi. Diniy sabablarni tark qilish joiz emas, hatto bu gunoh, hasratga va savoblardan mahrum bo‘lishga olib kelishi mumkin. Diniy sababni tark qilish tavakkul hisoblanmaydi. Masalan, hadisi sharifda: “Jannatning kaliti – namoz. Namozning kaliti - tahorat”, deyilgan. Jannatga kirmoqchi bo‘lgan inson tahorat va namoz kabi diniy sabablarni bajarishi, so‘ng natija, ya’ni jannatni Allohdan so‘rashi lozim.

Ikkinchi sabab – dunyoviy sabablar. Bu sabablar bilan biror dunyoviy manfaat hosil bo‘ladi. O‘z navbatida dunyoviy sabablar ham ikki turga bo‘linadi: halol va harom. Harom dunyoviy sabablarni tark qilish shart bo‘lib, bu borada tavakkul qilish farz sanaladi. Masalan, rizq uchun shariat harom qilgan narsalar savodosi bilan shug‘illanish bunga misol bo‘ladi. Bunday vaziyatda harom narsalarning savdosini tark qilib, Allohga tavakkul qilish shartdir.

Halol dunyoviy sababalar esa uch xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi:

1. Yaqin sabab. Yaqin lug‘atda “ishonch, aniq, ochiq-oydin” kabi ma’nolarni bildiradi. Yaqin sabab odatda manfaat yetishi aniq bo‘lgan ishlarda namoyon bo‘ladi. Masalan, chanqoqni bosish uchun suv ichish, ochlikni bartaraf etish uchun taom tanovul qilish va hokazo. Yaqiniy sabablarni tark qilish nojoiz bo‘lib, shariatda bu tavakkul deb atalmaydi. Ya’ni, ochlik va chanqoqni bartaraf etish farz sanaladi. “Tavakkul qildim, Alloh chanqog‘imni qondirib, qornimni to‘ydiradi”, deb harakat qilmay o‘tirish gunoh hisoblanadi.

2. Zanniy sabab. Zann lug‘atda “gumon” ma’nosini anglatadi. Zanniy sabab foyda ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘rinlarda qo‘llaniladi. Masalan, bemorning davolanishi yoki rizq uchun mehnat qilish bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Davolanish bemorning sog‘ayishiga yuz foiz kafolat bermasa-da, katta ehtimol bilan kasallikni bartaraf etishi mumkin. Mehnat qilish ham huddi shunday. Bir oy tinmay mehnat qilgan odam oyning oxirida maosh olishi aniq bo‘lmasa-da, ammo maosh olishining ehtimoli yuksak bo‘ladi. Bu kabi sabablarni tark qilish borasida turli qarashlar mavjud. Jumladan, ba’zi tasavvuf ahli zanniy sabablarni tark qilish tavakkuldir, deya e’tirof etib, bemorligida davolanmay va rizq uchun mehnat qilmay, Allohga tavakkul qiladilar. Shariat ahli esa, zanniy sabablarni tark qilish joiz emasligini ta’kidlaydi. Bu masalaning batafsil bayoni shuki, nafsi zaif insonlar zanniy sabablarni tark qilishi joiz emas. Nafsi quvvatli insonlar esa, bu borada tavakkul qilib, zanniy sabablarni bajarmasliklari joiz hisoblanadi. Hatto din yo‘lida xizmat qilayotgan va nafsi quvvatli bo‘lgan shaxslar zanniy sabablarni imkon qadar tark qilishlari mustahab sanaladi.

3. Vahmiy sabab. Vahm lug‘atda “shubha, xato tasavvur” kabi ma’nolarni anglatadi. Bu kabi tushunchalar, asosan, dunyoga muhabbat qo‘ygan va mol-mulk jamg‘arishga qiziqadigan insonlarda kuzatiladi. Masalan, uzundan-uzun orzu qilish bunga misol bo‘ladi. Bu kabi vahimiy sabablarni tark qilish shart bo‘lib, bu borada tavakkul qilish farz va vojibdir. Ya’ni, dunyodagi millioner yoki milliarderlar kabi yashashni orzu qilish, rizqning o‘ylamagan tarafdan to‘xtovsiz kelib turishini xayol qilish va boshqa shu kabi xato o‘y-xayollar bilan yashash o‘rniga bu ishlarni Allohga havola qilib, tavakkul qilish lozim.

Xulosa:

Tavakkulning hukmi farz, harom yoki mustahab bo‘lishi mumkin. Jumladan, tavakkulning uchta turi farz, ikkita turi esa harom, shuningdek, bir turi ba’zi holatlarda harom bo‘lsa, boshqa holatlarda mustahab bo‘ladi. Tavakkulning qisqacha ta’rifi va tavsifi shulardan iborat.
Tavakkulning mazkur shartlari va hukmlariga amal qilgan mo‘minlar, shubhasiz, Allohning muhabbatiga sazovor bo‘ladilar. Allohning sevgisi – tavakkul qilvchilarga beriladigan eng buyuk mukofot!


Allohim! Sendan o‘zga suyanadigan va ishonadigan kimsamiz yo‘q! Barcha ishlarimizni Senga topshiramiz! Allohim! Barchamizni tavakkul qilib, muhabbatingga sazovor bo‘ladigan bandalaringdan qilgin!

Qur’onni shunchaki o‘qimang, Uni tafakkur qiling!

Manba:

1. Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot Ahl as-sunna. J.2. – Istanbul: Dar ar-mizan, 2006. – B. 403-404, 460;

2. Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot Ahl as-sunna. J.6. – Istanbul: Dar ar-mizan, 2006. – B. 172;

3. Abul Barakot Nasafiy. Madorik at-Tanzil va haqoiq at-ta’vil (Tafsir an-Nasafiy) J.1. – Bayrut: Dar al-kalim at-tayyib, 1998. – B. 306;

4. Qarang: Ashraf Ali Tahonaviy. Bavodir an-Navodir. Lohur: Idorai islomiyat (yili ko‘rsatilmagan).– B. 267-268.


Abdulloh Abdulmajid tayyorladi


Shayx Alijon qori rasmiy

sahifalari👇

Telegram |Facebook |Youtube | Instagram

Report Page