ALLOH SUYGAN BANDALAR: SABR QILUVCHILAR

ALLOH SUYGAN BANDALAR: SABR QILUVCHILAR

@AlQuranuz

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“... ALLOH SABRLILARNI SEVAR” (“Oli Imron” surasi, 146-oyat).

Imom Moturidiy rahimahulloh sabr so‘zinig asl mazmun-mohiyatini quyidagicha ifodalagan: “Sabr – nafsni yo‘qotilgan narsaga tashvilshlanishdan tiyish. Chunki barcha narsalar Alllh azza va jallaga oid bo‘lib, ular insonlarga vaqtincha foydalanish uchun berilgan, xolos. Shunday ekan birovga tegishli bo‘lgan narsaning zoil bo‘lishidan xavotirlanish muhol (mantiqsizlik). Alloh azza va jallaning quyidagi so‘zlariga bir boqin: “Toki, sizlar qo‘llaringizdan ketgan narsaga qayg‘urmagaysiz va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ham ketmagaysiz ...” (“Hadid” surasi, 23-oyat). Ushbu oyatda Alloh bizni qo‘ldan boy berilgan narsalarga mahzun bo‘lishdan hamda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan havolanishdan qaytarmoqda. Chunki yo‘qotilgan narsalar aslida bizniki emas, qo‘lga kiritilgan narsalar ham bizga tegishli emas”.

Demak sabr deganda avvalo musibatga bardoshli bo‘lish, Allohning taqdiriga eʼtiroz bildirmaslik tushuniladi. Sabrni musibatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu haqida Imom Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh mazkur oyatni sharhlab, shunday degan: “Alloh sabr qiluvchilar, yaʼni har bir yetgan musibatga sabr qilganlarni sevadi”.

Allohning muhabbatiga sazovor bo‘lishni istaganlar musibatni mazkur aqida bilan qarshi olishlari lozim. Alloh taolo bu aqidani bir jumlaga joylab, bizlarga musibat vaqtida qanday duo qilish lozimligini o‘rgatgan: “... Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz ...” (“Baqara” surasi, 156-oyat). Darhaqiqat, sabrning asl maʼno-mazmuni ushbu oyatda mukammal o‘z aksini topgan. Bu jumla sharʼiy istilohda “istirjoʼ” deb ataladi. Yaʼni “Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun” deb aytishni anglatadi. Musibatni ilk daqiqadayoq ushbu qurʼoniy so‘zlar bilan qarshi olish darkor. Mazkuru jumlani shunchaki til bilan zikr qilib qo‘ymasdan, yuqoridagi maʼnolarini ham dildan o‘tkazish va shu orqali nafsni jilovlash talab etiladi.

Bu istirjoʼ faqat bizga, yaʼni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga berilgan Allohning fazli sanaladi. Bizdan oldingi ummatlarda bunday duo-iltijo aytish urf bo‘lmagan. Masalan, Yaʼqub alayhissalom o‘g‘li Yusuf alayhissalomning yo‘qolganini eshitgach: “Bas, (mening ishim) chiroyli sabrdir” (“Yusuf” surasi, 83-oyat), “Essizgina Yusuf!” (“Yusuf” surasi, 84-oyat) “Men g‘am va tashvishlarimdan yolg‘iz Allohgagina shikoyat qilaman” (“Yusuf” surasi, 86-oyat) kabi jumlalarni qo‘llagan. Istirjoʼ aytish faqat bizga buyurilgan.

Sabrning bir nechta turlari va darajalari bor. Ali Tantoviy rahimahulloh bu haqida quyidagilarni yozadi: “Musulmon doim ikki sinov orasida bo‘ladi: yaxshilik va yomonlik, mashaqqat va xotirjamlik, savob va gunoh, halol va harom ... Agar musulmonga biror yaxshi neʼmat ato qilinsa va unga shukr qilsa, savob oladi. Bordi-yu biror musibatga yo‘liqsa va unga sabr qilsa, bu holatda ham savobga ega bo‘ladi. Shukr qiluvchi boyning savobiga faqat sabr qiluvchi faqirgina tenglasha oladi, hatto undan ko‘p savobga erishishi ham mumkin. Bu dunyo hayoti faqat huzur-hulovatdan iborat emas, balki unda mashaqqatlar, bemorliklar, moldan va yaqin insondan ayrilish, do‘stning xiyonati, urush-janjal va shu kabi musibatlardan iborat bo‘lgan o‘zgarmas tabiat qonunlari ham bor. Musibat va mashaqqatlardan qutilishning sira imkoni yo‘q. Bu qiyinchiliklarning birdan-bir muolajasi sabr. Haqiqiy musulmon qiyin ahvolga tushgan vaqtida musibatni unutib, sabr qilib, ajr-savob olishga ko‘proq eʼtibor qaratadi. Sabrsizlar esa musibatini o‘ylab, siqiladi, natijada ikkinchi musibat – sog‘lig‘ini yo‘qotishdek dardga yo‘liqadilar. Demak, musibat kelganda musulmon uni sabr bilan kutib olishi lozim. Bu sabrning birinchi ko‘rinishi, yaʼni musibatlarga sabr qilish.

Sabrning ikkinchi turi gunoh-maʼsiyatlarga sabr qilish. Shahvoniy istak va mayllardan Allohdan qo‘rqinchini ustun qo‘yib, nafs va shayton vasvasalariga matonat bilan qarshi chiqish, harom yo‘llar bilan nafsni qondirish yoki mol-davlat topishga qodir bo‘la turib, bu maʼsiyatlardan voz kechish maʼsiyatga sabr qilish demakdir. Masalan, oddiy xodimga bir yillik maoshi miqdorida pora taklif qilinsa, u buning haromligini bilgan holda Allohning azobidan qo‘rqib, o‘zi shu mablag‘ga muhtoj bo‘lsa ham, porani olmasligi maʼsiyatga sabr qilish hisoblanadi. Yoki talaba imtihon vaqtida kitobdan javobni o‘g‘rincha ko‘chirishga imkon topsa-da, lekin birovning haqiga zulm qilish haromligini o‘ylab, garchi imtihondan o‘ta olmaslik xafvi bo‘lsa ham, bu ishdan tiyilishi gunohga sabr qilish deyiladi.

Sabrning uchinchi turi ibodatlarga sabr qilish. Tong saharda issiq o‘rindan turib, uyqu lazzatini tark qilgan holda bomdod namoziga turish, Ramazon oyida kunning issiqligiga qaramay ochlik va chanqoqlikka chidash, molu dunyoni yaxshi ko‘radigan nafsni zakot va sadaqa berishga majburlash va boshqa shu kabi ibodat va farz amallarni bajarishda chidamli bo‘lish ibodatlarga sabr qilish deb ataladi”.

Allohning sevgisiga erishishni istagan banda avvalo aqidasini to‘g‘rilab olishi, so‘ng musibatning ilk onidan sabr qilishi va sabrning mazkur uch turini o‘zida mujassam qilishi lozim.

Allohim! Bizlarni sabr qilib, muhabbatingga sazovor bo‘ladigan bandalaringdan qilgin!

Qurʼonni shunchaki o‘qimang, Uni tafakkur qiling!

Manba:

1. Abu Mansur Moturidiy. Taʼvilot Ahl as-sunna. Tahqiq: Ahmad Vonli o‘g‘li, Bakr Tupol o‘g‘li. J.1. – Istanbul: Dar al-miyzan, 2005.– B. 283;

2. Abu Mansur Moturidiy. Taʼvilot Ahl as-sunna. Tahqiq: Ahmad Vonli o‘g‘li, Bakr Tupol o‘g‘li. J.2. – Istanbul: Dar al-miyzan, 2005.– B. 444;

3. Qarang: Ali Tantoviy. / Tarjimonlar: B.Ahmedov. A.Mallabayev, U. Mirsodiqov. – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2013. – B. 103-105.


Abdulloh Abdulmajid tayyorladi


Shayx Alijon qori rasmiy

sahifalari👇

Telegram |Facebook |Youtube | Instagram

Report Page