ALISHER NAVOIY HAYOTI VA IJODI (1441-1501)

ALISHER NAVOIY HAYOTI VA IJODI (1441-1501)

Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot kutubxona markazi

Butun turk dunyosi Alisher Navoiyni «shams ul-millat» — millat quyoshi deb hamma davrlarda e’zoz bilan tilga oladi. Butun umrini turkiy til mavqeyini ko’tarish, turkiy adabiyot imkoniyat-larini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag’ishlagan bobokalonimiz bu e’tirofga to’la-to’kis munosib va haqlidir. U haqidagi biografik ma’lumotlar, yozmishlarining deyarli barchasi to’liq saqlanib qolgan. Xalq ichida bu zotning hayoti va faoliyati bilan bog’liq rivoyat va afsonalar ham talaygina. Chunki odamlar o’zlariga va kelgusi avlodga yashash tarzi, qilmishlari ibrat, aytmish va yozmish so’zlari haqiqat bo’lgan zotlar to’g’risida ham hurmat, ham hikmat ma’nosida mana shunday og’zaki ijod namunalarini to’qib oladilar.

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Xuroson o’lkasining poytaxti Hirotda tug’ildi. Zamondoshlari uni «Nizomiddin Mir Alisher» deb ulug’laganlar. «Nizomiddin» — din nizomi deganidir. Ko’pincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan «mir» — amir demakdir. Chunki u Husayn Boyqaro saroyidagi eng nufuzli amir bo’lgan. Alisher bolalikdan ma’rifatli oila muhitida tarbiya topdi. Navoiyning otasi G’iyosiddin Muhammad (uni «G’iyosiddin kichkina» ham der edilar) temuriylarga yaqin amaldorlardan bo’lib, o’z davrining obro’li va ma’rifatli kishilaridan sanalgan.


Adabiyotshunos Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, u o’g’li Alisherning tarbiyasiga, kelajakda fazilatli odam bo’lib yetishmog’i uchun astoydil harakat qilgan. Onasi Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi bo’lgan. Bo’lajak shoirning tog’alari Mir Said (Mirsayid) Kobuliy yaxshi shoir, Muhammad Ali G’aribiy shoir, sozanda va xattot edilar. Alisher oilada uchinchi yoki to’rtinchi farzand bo’lib, maktabda bo’lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o’qidi. U yerda savod chiqardi, she’r o’qish va yod olish, she’r bitishga bolalikdan havas uyg’ondi. Kichik maktab yoshida fors shoiri Farididdin Attorning kattalar ham tushunishi qiyin bo’lgan «Mantiq ut-tayr» dostonini fors tilida o’qib ham uqib yod olgani uning yoshlik iste’dodining muhim qirralaridan edi.


1447-yilda podshoh SHohrux Mirzo vafot etib, poytaxt Hirot notinch bo’lib qoladi. Alisherlar oilasi Iroqqa ko’chib ketadi. Yo’lda Taft shahrida Alisher mashhur tarixchi SHara-fiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi, tiyrak va aqlli bolakayning zukkoligidan mamnun bo’lgan keksa olim uning haqqiga duolar qiladi. Xalq orasidagi «Ulug’lar duosi qabul bo’ladi» degan naql bejiz emas.


Alisherlar xonadoni 1451-yilda Hirotga qaytadi. Ko’p o’tmay, taxtga Abulqosim Bobur Mirzo o’tiradi. Alisherning otasi G’iyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa, o’qishni davom ettiradi.


1453-yilda Alisherning otasi G’iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. Avval Sabzavorda, so’ng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh do’st — Husayn va Alisher yana birga bo’ldilar. Bu yillar ham yosh Alisher uchun o’qish va bilim egallash yillari bo’ldi.


She’rga mehr Alisherni ijodga undadi. U 7-8 yoshlaridan she’r yoza boshladi. O’zbekcha she’rlariga «Navoiy», forscha she’rlariga «Foniy» taxallusini qo’ydi.


O’smirlik davrlarida Alisher o’qishda va yozishda tinim bilmas, she’r mutoalasidan charchamas edi. «Muhokamat ul-lug’atayn» asarida o’zining yoshlik chog’ida mashhur o’zbek va fors shoirlari nazmidan 50 ming bayt (100 ming misra) she’rni yod bilganini so’zlaydi. Bolalik vaqtlaridayoq o’z davrining Amir SHohiy, Lutfiy, Kamol Turbatiy kabi shoirlari bilan yaqindan aloqada bo’ldi. Otasi vafotidan so’ng taniqli ilm va adabiyot, san’at arboblaridan Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabilar otalik qildilar. Sabzavorlik olim va shoir Darvesh Mansurdan aruz bo’yicha ta’lim oldi.


1457-yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot etdi. Uning o’rnini Abusaid Mirzo egalladi. Husayn Boyqaro taxt uchun kurashga sho’ng’ib ketdi. Navoiy esa Mashhad madrasalarida o’qishni davom ettirdi. 1464-yilda Hirotga qaytib kelgan shoir hayotida noxushliklar boshlandi. Abusaid Mirzo taxtga da’vogar Husayn Boyqaroning yaqin kishilarini ta’qib ostiga oladi. Alisherning ota mulkini musodara qiladi, tog’alari Kobuliy va G’aribiylarni qatl ettiradi.


Navoiy 1460-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Temurbek poytaxt qilgan bu ko’hna shahar uning hayotida o’chmas iz qoldirdi. Bu yerda o’z davrining yetuk olimlaridan, xususan, shu kungacha asarlari Islom olamida mo’tabar sanalib kelayotgan Fazlulloh Abulays Samarqandiydek allomadan saboq oldi. Keyinchalik bu shaharni o’z asarlarida «firdavsmonand» (jannatmisol) deb ta’rif etdi. Bu yerda shoir sifatida juda katta shuhrat topa bordi. Bir devonga yetib ortadigan asarlari bo’lishiga qaramay, kamtarlik tufayli bo’lsa kerak, o’zi tartib bermaganligi uchun 1465-1466-yillarda uning muxlislari she’rlarini to’plab, «Devon» tuzdilar. Bu kitob bugungi kunda shartli ravishda «Ilk devon» deb nomlanadi.


1469-yilda Hirot taxtiga Husayn Boyqaro chiqadi va Samarqandga xat yo’llab, Alisher Navoiyni o’z yoniga chaqirib oladi. Davlat ishlariga jalb etadi, avval muhrdor, so’ng vazir qilib tayinlaydi. Muhrdor — davlat hujjatlarini rasmiylashtiruvchi amaldor. 1487-1488-yillarda Astrobodga hokimlik qildi. Husayn Boyqaro hokimiyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatiga tayanib ish ko’rdi. Uning qarshiligiga qaramasdan, shoirni yuqori martabalarga tayinladi. Buyuk shoir «amiri kabir» (ulug’ amir), «amir ul-muqarrab» (podshohga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf bo’ldi. Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik ishlari avj olgan, madaniyat gullab, yashnagan, adolat va haqiqat tug’i baland ko’tarilgan davr bo’ldi. «Ilgimdan kelganicha, — deb yozadi «Vaqfiya» asarida Navoiy, — zulm tig’in ushotib (sindirib), mazlum jarohatig’a intiqom malhamini (qasos malhamini) qo’ydum. Va ilgimdin kelmaganni ul Hazrat (Husayn Boyqaro) arzig’a yetkurdim».


Davlat ishlari bilan bir qatorda o’zining sevimli mashg’uloti — badiiy ijodni ham to’xtatmadi. 1472- 1476-yil-larda «Badoe ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi»), 1476-1483- yillarda «Navodir un-nihoya» («Tuganmas nodirliklar») nomlari bilan ikki devon tuzdi.


1483-yilda turkiy tilda birinchi bo’lib «Xamsa» yozishga kirishdi va misli ko’rilmagan qisqa muddat — ikki yilda besh yirik dostondan iborat asarni yozib tugatdi. Ilm va ijod ahli bu voqeani zo’r shodliklar bilan qarshi oldi. Abdurahmon Jomiy Navoiy «Xamsa»siga yuksak baho berdi. Husayn Boyqaro buyuk shoirni o’zining oq otiga mindirib, unga jilovdorlik qilib, Hirot ko’chalarini aylantirdi. Bu insoniyat tarixida kamdan kam uchraydigan hodisa edi: qudratli davlatning shavkatli podshohi bir shoirga jilovdorlik qilsa. Mazkur hodisa ayni paytda Husayn Boyqaroning ma’nan yuksak, ma’rifatli va haqiqatpesha hukmdor bo’lganligining dalilidir. Navoiy «Hayrat ul-abror» dostonida bejiz uni Shoh G’oziy deya ulug’lamagan edi.


1489-1493-yillar shoir uchun ayriliq, og’ir judolik yillari bo’ldi. Do’stlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher, Abdurahmon Jomiy, Pahlavon Muhammad ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularning xotirasiga bag’ishlab uchta memuar — esdaliklardan iborat nasriy asarlar yaratdi.


Navoiy fanning bir necha sohalarida qalam tebratib, zabar-dast olim ekanligini ham isbot etdi. O’tmish mavzusida «Tarixi mulki Ajam» («Ajam, ya’ni arab bo’lmagan mamlakatlar tarixi»), «Tarixi anbiyo va hukamo» («Payg’ambarlar va donishmandlar tarixi») asarlarini yozgan. Turkiy adabiyotshunoslikda ham uning alohida o’rni bor. Aruzga doir «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o’lchovi»), tazkirachilikka oid «Majolis un-nafois» («Nafis majlislar») kabi asarlar yaratdi. Bular o’zbek (turk) tilida shu sohalardagi birinchi asarlar edi. Buyuk shoir tilshunoslik bilan ham qiziqdi. Lug’atshunoslikka oid «Sab’atu abhur» («Etti dengiz») nomli kitob yozdi. Ayniqsa, «Muho-kamat ul-lug’atayn» («Ikki til muhokamasi») asarida turk (o’zbek) va (fors) tillarini solishtirib, o’z ona tilining tuganmas imkoniyatlarini ilmiy asoslab berdi.

Navoiy 1490-yillarda adabiyotimiz tarixidagi yana bir katta hodisa — «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinasi») majmuasini tuzdi. To’rt devondan iborat bo’lgan bu ulkan she’riy to’plam shoirning turkiy tilda yozgan deyarli barcha lirik she’rlarini qamrab olgan edi. SHuningdek, fors tilini mukammal bilgan va unda ham barakali ijod qilgan shoir bu tilda yozgan she’rlarini to’plab «Devoni Foniy»ni tuzdi.

Tazkira — ijodkorlar haqida ixcham ma’lumot va ayrim asarlaridan namuna keltiriladigan to’plam.


Buyuk adib umrining oxiriga qadar ilm-u ijod bilan qizg’in va samarali shug’ullandi. SHarqda o’tgan mashhur shayxlar, so’fiylar hayoti haqida ma’lumot beruvchi «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabadalari») asarini yozib tugatdi. So’ng umr bo’yi xayolini band etgan «Lison ut-tayr»ni qog’ozga tushirdi. Boshqalar bilan olib borgan yozishmalari — xatlarini to’plab «Munshaot» («Xatlar») tuzdi. 1500-yilda buyuk mu-tafakkirning yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini o’zida ifodalagan «Mahbub ul-qulub» («Ko’ngillarning sevgani») asari maydonga keldi. Bu buyuk adibning so’nggi asari edi.

Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida vafot etdi.


Report Page