AKT – korrupsiyani oldini oladi va shaffoflikni taʼminlaydi

AKT – korrupsiyani oldini oladi va shaffoflikni taʼminlaydi


Hozirgi axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrimizda kadastr tizimida ham bir qator yangi dasturlar joriy etildi. Bu kompyuter dasturlari xodimlarimizning ishni osonlashtirib xalqimizga va tadbirkorlarimizga tez hamda sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratdi. Hozirda kadastr maʼlumotlar bazasida viloyat bo‘yicha 593 mingdan ortiq ko‘chmas mulklarning atributiv maʼlumotlari hamda 611 mingdan ortiq mulkdorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar shakllantirildi.

Shu sababli xizmat safari bilan Namangan viloyatiga o‘rganisha kelgan Davlat kadastrlari palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi bosh mutaxassisi T.Yuldashev va Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi N.Misirovlar 2023-yil 17-may kuni DKP viloyat boshqarmasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” bo‘limi mutaxassislari faoliyati bilan tanishdilar va davra suhbati o‘tkazdilar.


Tadbirda Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyat boshqarmalarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassislari M.Nurmatov va A.Obidovlar ishtirok etdilar.

Davra suhbatida bo‘lim ishini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-noyabrdagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun, uning mazmun va mohiyatidan kelib chiqadigan vazifalar va qonunosti meʼyoriy hujjatlarning ijrosini bo‘limda bajarilishi muhokama qilindi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan T.Yuldashev ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, axborot tizimlari orqali kelayotgan barcha hujjatlarni sinchkovlik bilan o‘rganish va xatoliklarni oldini olish o‘ta zarurligini uqtirdi. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda uchrayotgan bir qator muammolarga to‘xtalib, ularni tahlil qilib o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan N.Misirov ishtirokchilarning diqqat eʼtiborini, mehnat intizomiga, ishga o‘z vaqtida kelish, xizmat va kiyinish madaniyatiga rioya qilish, murojaatchilarga xushmuomalada bo‘lish, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratdi.

Uchrashuvda M.Nurmatov Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Respublikada kadastr tizimida katta o‘zgarishlar bo‘lgani, ayniqsa sohada korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar haqida batafsil gapirib berdi. Tizimda uchragan salbiy holatlarga to‘xtalib, ularning kelib chiqish sabablari haqida so‘z yuritdi.

“Sohada korrupsiyani oldini olish unga qarshi kurashishda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi mutaxassislariga ko‘p narsa bog‘liq, chunki ushbu bo‘lim xodimlari oxirgi asosiy ishni amalga oshiradilar. Shu sabab har bir bo‘lim xodimi bilimli, vijdonli, tajribali va albatta o‘z ishini ustasi bo‘lishi kerak ” - dedi so‘zga chiqqan A.Obidov.

Davra suhbatida yakunida korrupsiyani oldini olish uchun barcha xodimlar o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, halol bajarishlari, aholi va tadbirkorlarga sifatli xizmat ko‘rsatishlari, hushyor bo‘lib turli nopok kimsalarning aldoviga uchmasliklari, ularga vaʼda bermasliklari qayta qayta tushuntirildi.


Matbuot xizmati.

Report Page