AI haqida fikrlarim

AI haqida fikrlarim

Donishmand Dasturchi

Bu post balki siz AI haqida o'qishingiz kerak bo'lgan yagona post bo'lishi mumkin.

Tanganing ikki tomoni

Yoshligingizda "Kelajakka Qaytib" kinosini ko'rgan bo'lsangiz kerak. Filmidagi Doc Brown va Marty McFly ni eslaysizmi? Daho ixtirochi va uning yosh laboratoriya yordamchisi birgalikda vaqt mashinasini yaratishdi. AI aynan shunday bo'lishi kerak — o'z kasbini chuqur tushunadigan mutaxassisning mohir yordamchisi. Doc Marty ga chizmalarni berib "davrlar aro sayohatni o'zing tushunib olarsan" demagan. U mutaxassis edi. Marty esa uning g'oyalarini amalga oshirishga yordamchi.

Agar siz allaqachon mutaxassis bo'lsangiz, AI juda zo'r. U charchamaydigan, tadqiqot yordamchisiga o'xshaydi — ma'lumot topib beradi, yondashuvlar taklif qiladi, zerikarli ishlarni bajaradi. AI bilan olim gipotezalarni tezroq tekshiradi. AI bilan tajribali dasturchi bir necha soatda avval bir necha kun ketadigan prototipni yaratadi. AI bilan yozuvchi misli ko'rilmagan tezlikda tadqiqot qiladi va g'oyalarni tartibga soladi.

Lekin eng muhim nuqta shuki: AI ning qiymati sizning mavjud bilimingizning ko'paytmasiga teng. Sohangizni qanchalik chuqur tushunsangiz, AI ni shunchalik yaxshi yo'naltirasiz, uning natijalarini baholaysiz va xatolarini topa olasiz. Bilimingiz qancha kam bo'lsa, AI shunchalik xavfli bo'ladi. Ya'ni u sizga nima berayotganini tekshiruvdan o'tkaza olmas ekansiz, siz tayyorlayotgan X narsa, shunchalik o'zingiz bilmaydigan kamchilik va muammolarga boy bo'lish ehtimoli yuqori.

Men ko'p xavotir oladigan narsalardan biri shuki, AI nafaqat ishlash uslubimizni o'zgartirmoqda — u fikrlash tarzimizni ham o'zgartirmoqda. Aniqrog'i, bizni tobora kamroq va kamroq fikrlashimizga sabab bo'lmoqda.

Biz shundoq ham hali ijtimoiy tarmoqlar sabab bo'lgan muammoni yechishga ulgurmagan edik. Ular butun bir avlodni yaratish qolib o'rniga iste'mol qilishga, o'qish qolib o'rniga scroll qilishga, fikrlash qolib o'rniga reaksiya bosishga o'rgatdi. Diqqat qilish qobiliyati susayib ketdi. Chuqur fikrlash kamyob bo'lib qoldi. Biz asta asta bu kasallik bilan o'zimiz bilmagan holda kasallanib boraverdik lekin yechim bera olmadik.

Va endi, allaqachon zaiflanib qolgan bu maydonga AI keldi — bu shunchaki bizni fikrlashdan chalg'itadigan emas, balki biz o'ylashimiz, biz fikrlashimiz, izlanishimiz kerak bo'lgan joylarda biz uchun bularni qiladigan vosita.

Talabalar barcha topshiriqlarni AI bilan bajarishmoqda. Dasturchilar o'zlari ham tushunmaydigan kodni AI ga yozdirishmoqda. Tahlilchilar hech qachon o'rganmagan ma'lumotlardan AI ga xulosalar chiqartirishmoqda. AI bizning fikrlashimiz, mantiqimiz va muammolarimizni hal qilganda, biz shunchaki yordam olayotganimiz yo'q — biz insonni qadrli qiladigan ko'nikmalarni AI ga outsource qilib topshirmoqdamiz.

"The father of computer science" deb tanilgan Alan Tyuring shunday deydi:

These are just "precise and unambiguous methods for answering questions" — recipes that machines follow by rote. They're not intelligence. But when we stop exercising our own intelligence because the machine can do it faster, what happens to us?

AI ga vazifalarini qildiradigan talaba hech narsa o'rganmaydi emas. U qanday yaxshi prompt yozishni o'rganadi. Dasturchilik karyerasini endi boshlayotgan dasturchi, hamma kodini AI ga yozdirganda, balki u ham turli "AI assisted engineering" metodlarini o'rganar. Lekin ular eng qimmatli bo'lgan o'sha "base knowledge"ni o'rganishni boy berib qo'yishmayaptimi?

Men IELTS imtihoniga tayyorlanayotgan vaqtimda, shunchaki essay shablonlarini yodlamasdim. Men ko'plab maqolalar, kitoblar o'qidim. Hali ham chumoli kalloniyalari haqida ingliz tilida o'qigan maqolamni eslayman. Bularning barchasi argumentlar qanday qurilishini, g'oyalar qanday bog'lanishini o'zlashtirishimga juda katta yordam bergan. Bu o'qish menga shunchaki yozishni emas — ingliz tilida fikrlashni o'rgatgan. Agar AI men uchun o'sha insholarini yozganida, ehtimol imtihondan o'tgan bo'lardim, lekin aqliy rivojlanishimdagi transformatsiyani boy bergan bo'lardim.

Endi buni keng miqyosda tasavvur qiling. Bugungi junior dasturchilar loyihalarni "vibe coding" qilyapti. AI ga prompt yozish, ishxonada berilgan tasklarni, featurelarni tezda tezda tayyorlashyapti. Ular endi "10x engineer". Lekin ular aslida nima o'rganmoqda?

Men juda ko'p o'ylaydigan narsalardan yana biri 10-15 yildan keyin bu dasturchilar katta muhandislarga aylanganda nima bo'ladi? Milliard foydalanuvchili tizimlarni maintain qilishga mas'ul bo'lganlarida-chi? Tunda soat 3 da production'da uzilish bo'lib, yordamiga AI bo'lmaganida, mustaqil muammoni debug qila olishadimi?

Agar siz hech qachon kodni qo'lda kuzatib chiqmagan bo'lsangiz, memory leak nima uchun sodir bo'lishini haqiqatan tushunmagan bo'lsangiz, algoritmni asosiy prinsiplardan boshlab mantiqiy tushunmagan bo'lsangiz — AI yozgan narsani qanday debug qilasiz? Hech qachon AI yordamisiz biror narsa qurmagan bo'lsangiz, tizimlarni qanday AI siz arxitektura qilasiz?

Asoslar shunchaki akademik mashqlar emas. Ular kod nima uchun va qanday ishlashini tushunishga imkon beradigan poydevor — shunchaki ishlashini emas. Va aynan shu tushuncha har bir AI tomonidan yoziladigan funksiya bilan yemirilmoqda.

Biz hech narsa bilmaydigan dasturchilar avlodini yaratmayapmiz. Biz buzilgan narsani mustaqil tuzatish uchun yetarli bilimga ega bo'lmagan dasturchilar avlodini yaratyapmiz.


AI dasturchilar o'rnini egallaydimi?

Unpredictibility: Siz Youtube blogger Coding Garden yaqinda chiqargan "AI coding sucks" videosini ko'rgan bo'lsangiz kerak. Agar yo'q bo'lsa, ko'rishni maslahat beraman.

AI Coding Sucks

CG videoda AI ning ayni mana shu "unpredictibility" muammsiga alohida to'xtaladi. Siz har safar bir xil prompt berishingizdan qat'iy nazar AI har safar doim sizga turlicha natija beradi. Boshqa o'zgaruvchi nomlari, boshqa yondashuvlar, boshqa xatolar. Bu esa u yozayotgan kodga nisbatan ishonch (reliability) ni kamaytiradi.

An'anaviy dasturlash qoidalarga ko'ra, siz 2 + 2 yozsangiz, har doim 4 olasiz. Bu biz quradigan hamma narsaning asosi. Ishonchlilik (Reliability). Bashoratlilik (Predictibility). Izchillik (Consistency).

AI bunday ishlamaydi. Har safar so'raganingizda boshqa javob beradigan narsada qanday qilib muhim tizimlarni qurasiz?

Albatta bu narsalar sizning dam olish kunlarida yasaydigan AI wrapper startupingiz uchun unchalik muhim emas. Lekin ayni dastur butun boshli aeraportlarda samalyotlar parvozini nazorat qiladigan tizim bo'lsachi? Yoki butun dunyodagi insonlar kundalik hayotida ishlatadigan qidiruv tizimi yoki operatsion tizim bo'lsachi? Dunyoda shunday software tizimlar, dasturlar borki, ular uchun reliability, consistency va predictibity hamma narsa.

Bir narsa aniqki, inson dasturchilar allaqachon shunday tizimlarni qurishdi. Ularni qanday maintain qilishni ham bilishadi. Lekin AI esa hali beri yo'q.

Context window truth: "AI dasturchilarni ishsiz qoldiradi" degan gapni oxirgi payt juda ko'p eshitayotgan bo'lsangiz kera. Keling sizga bir teoriyani aytaman.

Claude Opus 4.5, bugungi kundagi eng aqlli AI modellaridan biri, 200k token kontekst oynasiga ega — taxminan 500 sahifa matn. Bu juda katta ko'rinadi, toki nimani anglatishini tushunmaguningizcha.

AI faqat shu kontekst oynasi ichida "fikrlay" oladi. Endi Facebook'ning kodini, Google'ning infratuzilmasini yoki Twitter'ning backend'ini tasavvur qiling. Bu millionlab qator kod, minglab bir-biriga bog'langan xizmatlar, yillar davomida to'plangan biznes mantiqi, milliardlab foydalanuvchi muloqotlari orqali topilgan son-sanoqsiz edge case'lar. AI tizim haqida haqiqatan aqlli qarorlar qabul qilish uchun bularning HAMMASINI bir vaqtda tushunishi kerak.

Bularni hammasini eplay olishi uchun qancha kontekst oynasiga ega AI model yaratilishi kerak? 1 million? 1 trillion? Hisob kitob qilamiz. Ko'proq kontekst ko'proq hisoblash resurslarini talab qiladi, bu esa ko'proq hardware vositalarini talab qiladi, bu ko'proq energiya talab qiladi, bu ko'proq pul talab qiladi. Qaysi nuqtada AI ni ishlatish dasturchilarga pul to'lashdan qimmatroq bo'ladi?

Biz allaqchon AI uchun turli chip va GPU ishlab chiqarishda limitlarni urganimizni bilsangiz kerak. Agar ertaga to'satdan bu hardware va infrastructure muammosini hal qilib qo'ysak ham, AI o'nlab yillar davomida minglab muhandislar tomonidan qurilgan milliard foydalanuvchili mahsulotning to'liq kontekstini haqiqatan tushuna oladimi?

Dasturiy ta'minot muhandisligi shunchaki kod yozish emas. Bu tizimlarni tushunish. Tizimlarni tushunish hozirgi AI uchun misli ko'rilmagan darajada katta kontekst oynasi bo'lishini talab qiladi. Xattoki qachondir biz bunga erishsak ham, boshqa tomondan AI sababli qanday fikrlashni unutib qo'ygan butun boshli bir avlod katta bo'lib kelayotgan bir davrda, menimcha, kamida biz bir necha o'n yillar davomida qurgan ulkan software infrastrukturani taminlash uchun ham isonlar kerak bo'ladi. Oddiy insonlar emas. Bilimli insonlar.


Yashash uchun qanday ajoyib davr

Yashash uchun qanday ajoyib davr, shunday emasmi?!

Bizda inson tarixidagi misli ko'rilmagan narsa bor: shaxsiy, cheksiz sabrli, cheksiz hushomatgo'y, cheksiz bilimli ustoz. Kvant fizikasini o'rganmoqchimisiz? AI tushuntira oladi. Matematikada qiynalayapsizmi? AI har bir qadamni ko'rsata oladi. Yangi dasturlash tilini o'rganayapsizmi? AI har bir kontseptsiyani yo'naltira oladi.

AI — uni o'rganishni tezlashtiruvchi sifatida ishlatganlar uchun inqilobiy. Kontseptsiyalarni tezroq tushunish, g'oyalarni chuqurroq va samaraliroq o'rganish uchun AI dan foydalanadigan odam — g'ayrioddiy qobiliyatli bo'ladi.

Kelgusi besh yilni bashorat qilish hech qachon bunchalik qiyin bo'lmagan. Biz insoniyat hech qachon duch kelmagan chorrahada turibmiz. AI ta'limni qanday shakllantiradi? Ishni? Ijodkorlikni? Jamiyatning o'zini? Hech kim aniq bilmaydi.

Lekin men ishonch bilan aytadigan bir narsa bor: sohangizda bilimli va mantiqli bo'lish har doim johillikdan yaxshiroq bo'ladi.

Vositalar o'zgaradi. Texnologiyalar rivojlanadi. Butun sanoatlar transformatsiya bo'ladi. Lekin o'z kasbini chuqur tushunadigan — mustaqil ravishda fikrlay oladigan, mantiq yurita oladigan va muammolarni hal qila oladigan odam har doim qimmatli bo'ladi. Barcha fikrlashni mashinalarga topshirgan odam har doim yaxshiroq mashina bilan almashtirilishi mumkin.

AI bizni o'rganishni tezlashtirish orqali aqlliroq qiladimi? Yoki fikrlashimizni almashtirish orqali ahmoqroq qiladimi? Javob butunlay uni qanday ishlatishimizga bog'liq.

AI shu vaqtga qadar yaratilgan eng buyuk yordamchi — lekin yordamchilar kelajakni qurmaydi. Mutaxassislar quradi.

Shuning uchun kasbni o'rganing. Asoslarni tushuning. Tugmalarni bosadigan odam emas, olim bo'ling.

Va faqat shundan keyin AI ni o'zingizning Marty McFly'ingiz bo'lishiga ruxsat bering.

Report Page