AGROMAʼLUMOT
G‘o‘za ekini va uning tuproqqa talabiSo‘nggi yillarda oziq–ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq joylarda bandlikni hal etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarni ko‘paytirish maqsadida paxta ekin maydonlari biroz kamaytirildi, yaʼni ekin maydonlarining bir qismi g‘alla, meva va sabzavot ekinlari uchun ajratildi. Biroq, bu bilan g‘o‘za ekini uchun bo‘lgan eʼtibor kamaymadi, aksincha fan va yangi texnologiyalar qo‘llash, almashlab ekish tizimini takomillashtirish, mehnat samaradorligini va paxta hosildorligini oshirish hisobiga yalpi paxta hosilini kamaytirmaslik vazifasi qo‘yilgan.

G‘o‘zaning tuproqqa va ozuqaga bo‘lgan talabi. G‘o‘zaning maromida o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligi tuproq tarkibiga va ozuqa moddalarga bog‘liq bo‘ladi. G‘o‘za turli tuproqlarda, bo‘z tuproq, soz tuproq, qumoq, qumli, toshloq, yer osti suvi yaqin joylashgan o‘tloqi-botqoq tuproqlarda ham o‘saveradi. Sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitida g‘o‘za shag‘al, singdirish qatlami birmuncha yuzaroq joylashgan yerlarda ham yaxshi o‘saveradi, lekin bularda ozuqa moddalar yetarli miqdorda berilishi kerak. Haydalma qatlami qalin, o‘simlik ildizlari bemalol kira oladigan va ozuqa moddalar yetarli miqdorda bo‘lgan joylarda g‘o‘za yaxshi o‘sadi va tuproq ichiga chuqur rivojlangan ildiz massasi hosil qiladi. Og‘ir qumoq tuproqli yerlarda g‘o‘za yaxshi o‘smaydi, ammo bunday yerlarda ham baʼzi bir agrotexnika tadbirlarini amalga oshirib, paxtadan yuqori hosil yetishtirish mumkin. Tuproq sho‘ri g‘o‘zaning o‘sishiga salbiy taʼsir qilsa-da, meliorativ tadbirlar o‘tkazilganda sho‘r yerlarda ham g‘o‘za yetishtirish mumkin. Chigit unib chiqish vaqtida tuproqda azot ko‘p bo‘lsa, maysalarning yer betiga chiqishi sekinlashib, ildiz tizimining rivojlanishi zaiflashadi. Mana shu holatda tuproqda fosforning bo‘lishi azotning kuchli salbiy taʼsiri (konsentratsiyasi)ni kamaytiradi. Shonalash davriga qadar tuproqda azotning ortiqcha bo‘lishi g‘o‘zada hosil shoxining yuqoridan paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi, bundan tashqari g‘o‘zaning rivojlanish davrlari kechikadi. Shonalash va gullash davrida tuproqda azotning keragidan ortiqcha bo‘lishi o‘simlikning g‘ovlab ketishiga, hosilining kamayishiga va kech yetilishiga olib keladi. Aksincha, bu davrda azotning kamchil bo‘lishi esa, o‘simlikning zaif o‘sib, hosil shoxlari kam bo‘lishiga, ko‘saklarning kamayishiga va mayda bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. G‘o‘za mineral ozuqa elementlaridan azot, fosfor va kaliyga talabchan. Azot yetishmaganda barg rangi och bo‘lib, o‘sishi susayadi, temir yetishmaganda xloroz (bargning rangsizlanishi) paydo bo‘ladi, fosfor yetishmaganda poyasi nimjonlashib, kasallikka chalinuvchan bo‘ladi, kaliy yetishmaganda tola va chigit sifati pasayadi, hosili kamayadi. Ilmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 1 t paxta yetishtirish uchun azot 55-60 kg, fosfor 20-25 kg, kaliy 50-60 kg sarflanadi. Mikro elementlardan 50 kg kalsiy, 10 kg oltingugurt, 10 kg magniy va 10 kg natriy, 2 kg temir, 0,2 kg bor, 50 g mis va 1,5 kg atrofida xlor talab etiladi. G‘o‘zaning rivojlanish davrlariga qarab yerdan azot va fosfor moddasini quyidagi miqdorda o‘zlashtiradi: - chigit unib chiqqandan shonalaguncha azot 7%, fosfor 5%; - shonalashdan gullaguncha azot 46%, fosfor 35%; - gullashdan pishguncha azot 44%, fosfor 50%. Pishish davri boshlanishidan pishish davrining oxirigacha azot 3%, fosfor 10%. G‘o‘za hayotida kaliyning roli ham juda katta, u o‘simlikning reproduktiv (g‘o‘zaning gullash, ko‘saklash, chigit yetilish) davriga o‘tishiga yordam beradi. Bundan tashqari, kaliy moddasi yetarli bo‘lganda o‘simlikning o‘zida suv saqlab turish qobiliyati yaxshilanadi, demak, bunday o‘simliklarda bug‘lanish jarayoni kamayadi. Birikma holdagi kalsiy (CaSO4, CaHPO) g‘o‘za ildizining o‘sishini va yangilari paydo bo‘lishini jadallashtiradi. G‘o‘zaning rivojlanishiga mikroelementlar katta taʼsir ko‘rsatadi. Masalan, g‘o‘za gulining urug‘lanish organlarida ko‘plab to‘planadigan bor elementi changchining o‘sish kuchini oshiradi. Azot kamchil bo‘lganda g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi yomonlashadi, barglari maydalashadi, barg yashil rangdan sarg‘ish yashil rangga kiradi. Aksincha, azot keragidan ortiqcha bo‘lganda o‘simlik g‘ovlab ketib, barglari to‘q yashil tusga kiradi. Agar tuproqda fosfor moddasi yetishmasa, o‘simlik past bo‘yli bo‘lib o‘sadi, barglari maydalashadi, baʼzan bu barglarda qizg‘ish tomirlar paydo bo‘ladi. Kaliy yetishmaganda g‘o‘za bargida qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi, shundan keyin bu barg shapaloqlari himarilib, asta-sekin quriydi va tushib ketadi. Baʼzan bargning yashil qismi bilan oqish qismi navbatma-navbat joylashib, barg chipor tusga kiradi. Agar o‘simlikka temir moddasi yetishmasa, u xloroz kasalligiga chalinadi, natijada g‘o‘za bargi oqish-sariq va hatto oq tusga kiradi. Tuproqda marganes yetishmaganda ham xuddi shunday hodisa sodir bo‘ladi.