AGROMAʼLUMOT

AGROMAʼLUMOT

O‘g‘itlarning turlari va ularni qo‘llash miqdori

O‘g‘itlar asosan 3 guruhga: organik, mineral va mikrobiologik o‘g‘itlar guruhiga bo‘linadi. Eng ko‘p tarqalgan organik o‘g‘itlar jumlasiga go‘ng, kompost – chirindi va ko‘kat o‘g‘itlar kiradi.

Go‘ng. Chala chirigan go‘ngda o‘simlikka ozuqa bo‘ladigan azot – 0,5%, fosfor – 0,25% va kaliy – 0,6% bo‘ladi. Go‘ng dalaga yerni haydash oldidan tashiladi va yerga bir tekisda sochilgandan keyin tezda chuqur haydalib ko‘miladi.

Kompost. Bu o‘g‘it – kartoshka, pomidor poyasi, har xil o‘t, xazon, ro‘zg‘ordan chiqadigan siprindi, yuvindi kabi tashlandiqlardan yasaladi. Mana shu tashlandiq narsalar tuproq yoki torf bilan aralashtirilib zich uyumlarda saqlanadi. Bu uyum qurib qolmasligi uchun vaqti-vaqti bilan unga suv, yaxshisi loyqa sepib turiladi. Bu uyumdagi narsalar chirib bir xil moddaga – kompostga aylanganda erga solish uchun tayyor bo‘ladi. Uyumga solingan narsalarga va saqlash sharoitiga qarab kompostning tayyor bo‘lishi uchun yarim yildan ikki yilgacha vaqt sarf bo‘ladi.

Ko‘kat o‘g‘it. Maxsus ekin ekib, buning ko‘kati yaxshi o‘sganda uni tuproqqa aralashtirish usuli ko‘kat o‘g‘itlash deyiladi. Bu xilda o‘g‘itlashda ham yerda o‘simlik uchun zarur bo‘lgan oziq moddalar ko‘payadi.

Ko‘kat o‘g‘it tariqasida ekiladigan ekinlar ichida yaxshisi dukkakli o‘simliklardir. Chunki bu o‘simliklarning ildizida tuproqdagi azot miqdorini ko‘paytiradigan bakteriyalar bo‘ladi. Ko‘kat o‘g‘itlash organik moddasi kam, unumsiz tuproqlarda yaxshi natija beradi.

Mineral o‘g‘itlar. Bu o‘g‘itlar oddiy va murakkab o‘g‘itlarga bo‘linadi. Oddiy o‘g‘itlardan asosan quyidagilar ishlatiladi:

  • Azotli o‘g‘itlar: natriy selitrasi, bunda azot 16%, ammoniy sulfat, bunda azot 20-21%; ammiakli selitra, bunda azot 24-35%; ammoniy xlorid, bunda azot 24-25% bo‘ladi.
  • Fosforli o‘g‘itlar: oddiy superfosfat, bunda fosfor 15-16%; qo‘shaloq (dvoynoy) superfosfat, bunda fosfor 40% va ko‘proq; pretsipitat, bunda fosfor 30-38% bo‘ladi.
  • Kaliyli o‘g‘itlar: silvinit, bunda kaliy 15%; kaliy tuzi, bunda kaliy 30-40% bo‘ladi.

Murakkab mineral o‘g‘itda azot ham, fosfor ham, kaliy ham bo‘ladi; yoki bulardan faqat ikkitasi bo‘ladi. Murakkab o‘g‘itlarga quyidagilar kiradi:

  • Ammiaklashtirilgan superfosfat. Bu ancha yaxshi o‘g‘it, lekin azoti kamroq bo‘ladi; shuning uchun buni ishlatganda qo‘shimcha azotli o‘g‘it ham solish kerak.
  • Ammiakli superfosfat. Bu superfosfat bilan ammoniy sulfat o‘g‘iti aralashtirib tayyorlanadi.

Organik o‘g‘itlar kuzgi shudgorlash yoki yerta ko‘klamgi chuqur haydash oldidan yerga solinadi.

Azotli mineral o‘g‘itlar 2 muddatda: birinchisi aprel oxirida – may boshida, ikkinchisi – iyun oxirida solinadi. Fosforli o‘g‘it bir marta, birinchisi azotli o‘g‘it bilan birga solinadi. Urug‘ ekiladigan maydonga o‘g‘it egat ichiga 10-15 sm chuqurlikda solinishi kerak.

Bir yoshli ko‘chatzorlarga o‘g‘it yuqorida ko‘rsatilgan ikki muddatda, ikki yoshli ko‘chatzorga bir marta – mart oyida solinadi. Bularda ham o‘g‘it qator orasidagi egat ichiga, 10-15 sm chuqurlikka solinadi. O‘g‘it solingandan keyin ko‘chatzor sug‘oriladi. Mineral o‘g‘itlardan sof azot har gektariga 120-180 kg, sof fosfor 60-80 kg hisobidan yerga solinadi.

Manba: «Qo‘chatchilik va gulchilik ishlari», Ya.X.Yuldashev

Report Page