ABITURIYENT 2020: 10 TA SAVOLGA 10 JAVOB

ABITURIYENT 2020: 10 TA SAVOLGA 10 JAVOB


(Abituriyentlar tomonidan eng ko`p berilgan savollarga DTM Samarqand viloyati bo`limi xodimlari tomonidan berilgan javoblari asosida) 1-savol. Men karantin davrida Davlat test markazining diagnostika testlaridan qanday foydalanishim mumkin? Javob: Davlat test markazi tomonidan test topshiriqlari ochiqligini ta’minlash maqsadida e-Sinov tizimi ishga tushirildi. Bu tizim orqali abituriyentlar har bir fan bo`yicha “Test topshiriqlari to`plami 2019” amaliy qo`llanmalarida nashr etilgan test topshiriqlari to`plamlaridan shakllantirilgan variantni yechib, o`z bilimlarini sinab ko`rishlari mumkin. Mazkur tizim foydalanuvchilarga qulay bo`lishi uchun telegram messenjerida ishga tushirilgan bo`lib, tizimdan @dtmxizmatbot telegram bot orqali foydalanish mumkin.
2-Savol: Sport bo`yicha O`zbekiston va jahon chempionlari OTM ga imtihonsiz qabul qilinadimi? Javob: Respublika va xalqaro sport musobaqalari g`oliblari va sovrindorlari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz o`qishga qabul qilinadi (tibbiyot va harbiy OTM dan tashqari). Eslatma: Ushbu imtiyoz olimpiada o`yinlariga kiritilgan sport turlari uchun amal qiladi. 3-savol: Kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta fanlar bo`yicha test sinovlari topshiriladigan ta’lim yo`nalishlari qaysilar? Javob: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 fevraldagi “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” PQ-4623-sonli Qaroriga ko`ra, 2020/2021 o`quv yilidan boshlab, kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta fanlar bo`yicha test sinovlari topshiriladigan ta’lim yo`nalishlari: 5111100 – Musiqa ta’limi. 5110800 – Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi. 5112000 – Jismoniy madaniyat. 5112300 – Maktabgacha va boshlang`ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport. Majburiy uchta fan bo`yicha test sinovlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari e’lon qilinganidan so`ng o`tkaziladi. 4-savol: Respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo`nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari haqida ma’lumot bersangiz va ushbu ma’lumotlarni qayerdan olishimiz mumkin? Javob: O`zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 19 dekabrdagi 11-sonli bayonining 1-ilovasiga muvofiq, Majburiy fanlar blokida har bir fandan 15 tadan (jami 45ta) savol, har biri uchun 2,1 balldan, maksimal ball – 31,5. Jami 3 ta fandan to`plash mumkin bo`lgan ball – 94,5 ballni tashkil etadi. Test fanlarining ikkinchi bo`limida bakalavriat ta’lim yo`nalishiga mos ikkita fan bo`lib, har bir fandan 30 ta (jami 60 ta) savol, har biri uchun 3,1 balldan, maksimal ball – 93. Jami 2 ta fandan to`plash mumkin bo`lgan ball – 186 ball. Umumiy holda, 2020/2021 o`quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo`yicha jami 105 ta test topshirig`i beriladi. Bunda to`plash mumkin bo`lgan maksimal ball – 280,5 ballni tashkil etadi. Birinchi va ikkinchi bo`limdagi test sinovlari bir vaqtda bo`lib o`tadi. 5-Savol: Jurnalistika universitetiga hujjat topshirganimizdan so`ng, boshqa universittlarga ham hujjat topshirish imkoni yo`qligini aytishdi. Nima uchun biz boshqa oliygohlarga hujjat topshirish imkoniyatiga ega emasmiz? Javob: Jurnalistika universitetining shifri boshqa universitet shifriga to`g`ri kelmaganligi va ijodiy imtihonlar mavjudligi sababli abituriyentlar hujjatlarini jurnalistika universitetining xohlagan uchta yo`nalishiga topshirishlari mumkin. Bunda faqat bir yo`nalish mavjudki, “Mediamarketing va reklama” yo`nalishi jurnalistika faoliyat turlariga kirmaydi va shifr boshqa oliygohlarga ham to`g`ri keladi. 6-Savol: Karantin davrida chet tili o`qituvchilari oylik maoshiga ustama haq belgilash bo`yicha navbatdagi imtihonlar online tarzda o`tkaziladimi? Javob: O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013/yil/31/oktabrda 2520 raqami bilan ro`yxatdan o`tkazilgan “Chet tillar o`qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun test sinovlarini o`tkazish tartibi to`g`risidagi NIZOM” da imtihonlar online tarzda o`tkazilishi ko`zda tutilmagan. 7-savol. Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari uchun tayyorgarlik ko`rishimiz uchun qaysi kitoblardan foydalanishimiz kerak? Tavsiya etilgan darsliklar 2019-2020 o`quv yilida umumta’lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida qo`llanilayotgan darslik va o`quv-metodik qo`llanmalar ro`yxati berilgan bo`lib, unda O`zbekiston Respublikasi umumiy o`rta va o`rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o`qitilayotgan umumta’lim fanlari bo`yicha keltirilgan adabiyotlar ro`yxati Davlat test markazining Xalq ta’limi hamda Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirliklariga qilgan murojaatiga javoban mazkur vazirliklardan kelgan xatlar asosida tuzilgan. Umumiy o`rta ta’lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari (2 yillik) uchun 2019-2020 o`quv yilida foydalanishga tavsiya etilgan amaldagi darsliklarning elektron shaklini Xalq ta’limi vazirligining Axborot ta’lim portalidan yuklab olishingiz mumkin. Mustaqil o`qish uchun tavsiya etilgan badiiy asarlarni www.aim.uz sayti orqali yuklab olishingiz mumkin. Tavsiya etilgan darsliklar va mustaqil o`qish uchun kitoblarni o`qish bilan birgalikda https://dtm.uz/ – Davlat test markazining rasmiy veb-sayti dagi “Foydali ma’lumotlar” bo`limidan “Namunaviy test topshiriqlari va ularni yechish bo`yicha tavsiyalar”dan ham foydalanishingiz mumkin. (https://dtm.uz/info/recommendations) 8-savol: 2020/2021 o`quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida, fanlar majmuasida qanday o`zgarishlar bor? Javob: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora tadbirlar to`g`risida” PQ–4319-son qarori asosida 2020/2021 o`quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo`limga ajratib, birinchi bo`limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o`zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O`zbekiston tarixi, ikkinchi bo`limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo`nalishiga mos ikkita fan kiritilishi belgilangan. 9-Savol: 2020-2021 o`quv yili uchun hujjat topshirish jarayoni qanday shaklda kechadi va qachon boshlanadi? Javob: Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish muddati bo`yicha hozircha o`zgarish yo`q, ro`yxatdan o`tish jarayonida avvalgi yillardagi ba’zi muammolarni hisobga olgan holda, Davlat test markazi tomonidan uning rasmiy veb sayti orqali ro`yxatga olish bo`yicha dasturiy ta’minot ishlab chiqildi. Bu bilan abituriyentlarga Davlat test markazining rasmiy veb sayti orqali ro`yxatdan o`tish imkoniyati yaratilmoqda va mazkur o`quv yilidan boshlab joriy etish ko`zda tutilmoqda. Ushbu qulaylik natijasida abituriyentlar uydan chiqmagan holda ro`yxatdan o`tishi mumkin. Bu bilan ularning vaqti, sarf-xarajati tejaladi, shuningdek, asossiz navbatlar yuzaga kelinishining oldi olinadi. Mazkur tizimga kirish uchun http..//abitur.dtm.uz/ veb saytidan foydalaniladi. 10-Savol: Majburiy fanlar va mutaxassislik fanlar testlari boshqa-boshqa vaqtlarda bo`ladimi? Javob: Oldin ta’kidlaganimizdek, test sinovlari barchasi bir vaqtda bo`lib o`tadi. Bunda umumiy 280.5 ballni tashkil etadi. Umumiy holda, 2020/2021 o`quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo`yicha jami 105 ta test topshirig`i beriladi. Hurmatli abituriyentlar, Davlat test markazi faoliyatiga oid ishonchli xabarlarni quyidagi rasmiy manbalardan olishingiz mumkin! https://dtm.uz Давлат тест маркази расмий сайти https://t.me/rasmiydtm Давлат тест маркази телеграм канали https://t.me/dtm_samarqand Самарқанд вилоят бўлими телеграм канали murojaat uchun telefonlar: (99897)922-09-30, (99897)285-30-51 Davlat test markazi Samarqand viloyati bo`limi xodimlari

Report Page