ᅠᅠ

ᅠᅠ

Marhamah Study

Saidmurod Davlatov: Har kim boy bo‘lishi mumkin. Moddiy barqarorlik sari 12 qadam. (II qism)
III. Daromadni qanday oshirish mumkin. Harakat rejasi.
Harakat qilishdan qo‘rqmang.
Xohishdan- g‘oya, g‘oyadan- harakat hosil bo‘ladi. Baʼzi insonlar:-«Men chin dildan xohlagan edim, lekin qo‘limdan kelmadi», -deydi. Saidmurodning fikricha bu noto‘g‘ri. Agar inson bir narsani chin dildan xohlasa albatta maqsadiga erishadi. Har bir insonga imkoniyat bor, ammo, qatʼiyatsizligi va qo‘rqoqligi sababli yaratilgan imkoniyatdan foydalana olmaydi. Boy odamlarda qanday qilib muvaffaqiyatga erishgani haqida so‘rasangiz, ularning aksariyati: -«Tushuntira olmayman. G‘oya paydo bo‘ldi, harakat boshladim va muvaffaqiyatga erishdim»,- deydi.
Aksariyat qarindoshlarimiz, tanishlarimiz va do‘stlarimiz pul topish uchun harakat qilishga jurʼat etmaydilar. Ular: -«Agar pulim bo‘lganda edi, biznes bilan shug‘ullanishga harakat qilar edim»,- degan fikrdalar. Ammo, haqiqat shundaki, boy bo‘lish uchun avvalo harakat qilish kerak, o‘qish kerak, o‘rganish kerak, bilimli bo‘lish kerak. O‘zingiz javob beringchi, inson avval bilim olib o‘rganib keyin boy bo‘ladimi yoki boy bo‘lganidan keyin bilim oladimi? Albatta avval bilim olish zarur. Shuning uchun ham boy bo‘lish yo‘llarini o‘rganish kerak. Muvaffaqiyatga erishgan insonlarni maslahatiga quloq soling. «Bu ish mening qo‘limdan kelmaydi»,- deb kutib o‘tirmang, harakat qiling, shundagina ijobiy natijaga erishasiz. Yon atrofingizdagi insonlar sizni qo‘lingizdan kelmaydi, deb maqsadingizdan voz kechishga undashi mumkin, aslo quloq solmang qatʼiyatli bo‘ling va harakat qiling.
Saidmurod Davlatov o‘z kitobida qatʼiyat bilan qilingan harakat ijobiy natija berishi haqida bir misol keltirgan. 
Qish kunlarining birida ikki yosh bola muzlab qolgan ko‘l ustida konkida uchib yurgan vaqtlarida, muz bo‘lagi dars ketib, bolalarni biri suvga tushib ketadi. Ikkinchi bola o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, qatʼiyatlik bilan do‘stini qutqarishga harakat qiladi. U qo‘liga tushgan kichik tosh bo‘lagi bilan muzni yoradi va do‘stini suvdan chiqarib oladi. Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar, kuchi uncha ko‘p bo‘lmagan yosh bola, kichik tosh bo‘lagi bilan qalin muz bo‘lagini yorganligiga hayron bo‘lishadi. Shu vaqt ularning oldiga ko‘pni ko‘rgan bir mo‘ysafid kelib bo‘lgan voqeani eshitadi va: -«Bolani yonida harakatdan qaytaruvchi inson bo‘lmaganligi uchun u qatʼiyatlik bilan harakat qilgan va ijobiy natijaga erishgan»,- deb xulosa qilgan.
Buyuk Eynshteyn shunday degan: -«Agar tasavvur qila olsang, bajarishni ham uddalaysan».
Unutmang! Qatʼiyatsizlik muvaffaqiyatsizlikdan ham yomon. Qatʼiyatsizlik - har narsadan shubhalanish va qo‘rqoqlikdan kelib chiqadi. Muvaffaqiyatsizlik esa tajriba va bilim olib keladi.
Shaxsiy tajriba.
Saidmurod Davlatov o‘z hayotini tubdan o‘zgartirishga qaror qilganidan ikki oy o‘tib Moskva bozorlarining birida ish boshqaruvchi lavozimiga tayinlandi. Bir yildan keyin Saidmurod Moskvadan uy sotib olishga erishdi. Baʼzilar Moskvada butun umr ishlaydi, ammo, uylik bo‘la olmaydi. Saidmurodning fikricha har bir insonda shunday kunlar bo‘ladiki, bir kunda, bir yilda topmagan puliga ega bo‘lishi mumkin. Lekin, buning uchun nima bo‘lgan taqdirda ham inson o‘z qaroridan qaytmasligi va harakatdan to‘xtamasligi kerak.
Har bir insonda qaysidir bir sohada qobiliyat bor. Bu qobiliyatdan odamlarga zavq bag‘ishlash uchun foydalanish kerak. Aksariyat odamlar qobiliyatidan unumli foydalanib muvaffaqiyat va farovonlikka erishadi. Pul o‘z qobiliyatidan unumli foydalanuvchilarga xizmat qiladi. Qobiliyatni faqat kunlik xarajatlar uchun pul topishga sarf qilish kamlik qiladi. Taqdir inʼom etgan imkoniyat va qobiliyatdan foydalanishni o‘rganing.
Maqsadingizni aniq belgilab oling.
Maqsad aniq va erisha oladigan bo‘lishi kerak. O‘zingizni oldingizga erisha olmaydigan global maqsadlar qo‘ymang. Chunki, u holda bir kun kelib topayotgan pulingiz bilan taqqoslaganda maqsadingiz ro‘yobga chiqishiga o‘zingizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotasiz va harakatdan to‘xtab qolasiz. Maqsadga erishish uchun bosqichma- bosqich harakat qiling. Agar siz kichik maqsadlaringizga yetishsangiz, xuddi narvondan tomga chiqayotgan odamdek albatta katta maqsadga yaqinlashasiz .
Faraz qiling siz katta zavod ochmoqchisiz. Bu albatta katta maqsad. Siz zavod ochish uchun nima qilishni bilmaysiz, nimadan boshlash kerak, qayerdan sarmoya olish kerakligi haqida tushunchaga ham ega emassiz. Investorning oldiga borsangiz, u sizga ishonch bildirmaydi. Bank kredit bermaydi. Shuning uchun ham real va erisha oladigan maqsad bo‘lishi kerak. Buning uchun sizga har bir tadbir aniq ko‘rsatilgan, hisoblab chiqilgan biznes reja kerak.
 Ahamiyat berganmisiz korxonalarda rahbar va boshqaruvchi bo‘ladi. Rahbar tayyorlangan hujjat va qarorlarga imzo qo‘yadi, ko‘rsatmalar beradi, kerakli xodimlarni ishga jalb etadi. Ammo, u korxonada yuzaga kelgan muammolarni hal eta olmasligi mumkin.Chunki korxona oldidagi vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash boshqaruvchini vazifasi. Boshqaruvchi korxona faoliyatini yaxshi tushunadi, sifatli mahsulot ishlab chiqarilishini nazorat qiladi, ishchilarni korxona oldidagi vazifalarni bajarishga yo‘naltiradi. Har bir inson ham xuddi shunday o‘z maqsadiga erishishi uchun fikrini, g‘oyasini, tuyg‘usini va harakatini boshqara olishi kerak.
 Investitsiya kiriting.
Faqat bitta daromad manbai bilan siz boy bo‘lib qolmaysiz. Maoshning o‘ziga ishonib qolmang, u faqat ro‘zg‘orga yetishi mumkin. Pul kelishini yangi manbalarini yarating. Pul topishning bir necha manbasi bo‘lganda siz boy bo‘lasiz. Pul topishning eng qulay variantlari bankka pul qo‘yish, aksiya va qimmatbaho qog‘ozlarni sotib olish, ko‘chmas mulk xarid qilish va biznesga sherikchilik.
• Bankka pul qo‘yish. Bankka qo‘yilgan pul foiz hisobida oshib boradi. Juda zarur bo‘lmasa pulingizni bankdan olmang, chunki u sizni moliyaviy himoya qiladi.
• Aksiya va qimmatbaho qog‘ozlar. Birjadan aksiyalar xarid qilishga harakat qiling. Albatta pulingizga chuv tushib qolish xavfini oldini olish uchun boshida katta miqdorda aksiya xarid qilmaslik kerak. Keyinchalik aksiyalarni vaqtida sotib olish va sotishni o‘rganib olasiz. Bu sohada malakali insonlarda qiziq bir qoida bor, ular aksiyalarni boshqalar sotib olishdan xavfsirayotgan vaqtda xarid qiladilar. Shuningdek, boshqalar aksiyalar qiymati ko‘tarilishini kutayotgan vaqtda qo‘llaridagi aksiyalarni sotadilar.
• Ko‘chmas mulk. Ko‘chmas mulk xarid qilish pul tikishning eng foydali varianti hisoblanadi. Mulkni xohlagan vaqtingizga foydasi bilan sotishingiz mumkin. 
•. Kompaniyaning bir bo‘lagi bo‘lish. Masalan, tayyor biznes sotib olish, sherik bo‘lish, istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritish. Faqat bir yo‘nalishda biznes qilishning o‘ziga yarasha xavfli tomonlari bor. Shuning uchun iloji boricha bir necha yo‘nalishda biznes qilishga harakat qilish kerak.
To‘rtta kundalik daftar tuting.
 Muvaffaqiyatlar daftari. Daftarga erishgan ijobiy natijalarni yozib boring. Muvaffaqiyatga erishgan vaqtingizdagi ichki tuyg‘uni ham batafsil bayon eting. Agar qiyinchiliklar yuzaga kelsa, daftarni ochib o‘qisangiz, oldinga harakat qilish uchun yangi kuch paydo bo‘ladi.
Donolik daftari. Bu daftarga mashhur insonlarning hayot yo‘li, muammolarni yengib o‘tish sirlari va dona so‘zlarini yozib boring. Bu narsa yuzaga kelgan to‘siqlarni muvaffaqiyatli yengib o‘tishga yordam beradi. Daftarda bayon etilgan gaplar, xato qilishingizni oldini oladi, qiyin vaziyatlardan muvaffaqiyat bilan chiqib ketishingizga yordam beradi.
G‘alabalar daftari. Yuzaga kelgan to‘siqlarni qanday yengib o‘tganingizni bayon eting. Ayniqsa o‘zingizni qatʼiyatsizligingiz va dangasaligingiz ustidan g‘olib chiqqaningizni batafsil bayon eting.
 G‘oyalar daftari. Hayoliingizga kelgan g‘oyalarni yozib boring. Insonga g‘oya har qanday vaqtda kelishi mumkin. Masalan ;ish vaqtida, dam olish chog‘ida, televizor tomosha qilish jarayonida. Unutmang! Birgina yaxshi g‘oya sizni boy qilishi mumkin.
Ushbu kitobni o‘qish uchun to‘rtta sababi.
1. Agar siz harakat qilmasangiz xarajatingiz daromadingizdan ko‘p bo‘laveradi. Axir yaxshilab o‘ylab ko‘ring, oddiy inson daromad qilish uchun bir kecha- kunduzda taxminan 8 soat ishlaydi, lekin xarajat esa 24 soat davom etishi mumkin. Muallif o‘z kitobida sizga pulingiz kunu -tun daromad olib kelish yo‘llarini ko‘rsatib bergan.
2. Xarajat doimiy, ammo daromad doimo bo‘lmasligi mumkin. Faraz qiling siz ishdan bo‘shatilishingiz, kasal bo‘lib qolishingiz yoki boshqa sabablarga ko‘ra daromad manbaidan ayrilishingiz mumkin. Ammo, xarajat to‘xtamaydi. Kitobning yana bir maqsadi oilani moliyaviy xavfsizligini qanday taʼminlashni o‘rgatish.
3. Inson hayot kechirishi uchun zaruriy sharoit va vositalar kundan -kunda qimmatlashmoqda. Eslab ko‘ring bundan 15- 20 yil oldin daromad qilayotgan pulingizga nima xarid qilsa bo‘lar edi? Hozir- chi? O‘ndan birini xarid qilish mumkindir. Sizning daromadingiz va xarajatingizga albatta inflyatsiya taʼsir qilgan. Kitob muallifini yig‘gan pulingizni investitsiya qilish bo‘yicha maslahatlariga amal qilsangiz, inflyatsiya sizga katta salbiy taʼsir qilmaydi.
4. Kitobda aksariyat insonlar nima sababdan doimo qarz bo‘lishligi tushuntirilgan. Ularning pul bilan muomala qilishda yo‘l qo‘ygan asosiy xatolari bayon etilgan. Shuningdek, xatolarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha maslahatlar berilgan.
Unutmang! Pul sizga kunu tun- daromad olib keluvchi “ishchi”. Uni yaxshi ishga joylab qo‘ying, aks holda u boshqa odamlar uchun ishlashga ketadi.
Davlatov o‘z kitobida ustozlari haqida ham to‘xtalib o‘tgan.
 Saidmurod muvaffaqiyatga erishganligiga ustozlarining hissasi katta ekanligini alohida urg‘u berib eslaydi. Muallif boy bo‘lishni xohlagan insonlar ikki narsaga eʼtibor berishi kerak deb hisoblaydi.
1. Ustoz ko‘rgan shogird muvaffaqiyatga erishadi. Qanday taʼlim olganingiz va qanday ko‘nikmaga ega bo‘lganingizdan qatʼiy nazar ustozsiz muvaffaqiyatga erishish amri mahol. Ustoz maqsadga erishishni bexato va qisqa yo‘lini ko‘rsatadi
2. Agar tezroq muvaffaqiyatga erishib boy bo‘lishni istasangiz, shunday muvaffaqiyatga erishgan insonlarni aniqlang va ularni kuzating.
Saidmurod Davlatov ham muvaffaqiyatga erishgan va keyinchalik unga ustozlik qilgan eng yaxshi biznes maslahatchi, tadbirkor va yozuvchi Bodo Sheferni hayot yo‘lini o‘rgandi kitoblarini o‘qidi va shogirdi bo‘ldi. Bodo Shefer Saidmurodni muvaffaqiyatga erishishiga katta hissa qo‘shdi. Boda Shefer bir kuni shogirdi Saidmuroddan: -«Sen nima uchun boy emassan?», deb so‘radi. Qizig‘i shundaki Bodo Saidmuroddan: -«Boy bo‘lishni xohlaysanmi?» yoki «qanday qilib boy bo‘lishni bilasanmi?», - deb so‘ramagan. Shu bilan birga Bodoga ham ustozi xuddi shunday savol berganligini taʼkidlab o‘tgan. Bodo Sheferning fikricha Saidmurod boy bo‘lishga loyiq inson bo‘lgan.
Saidmurodni taʼkidlashicha ustozidan eshitgan eng yaxshi maslahati: -«Agar ishing uch yil muddat ichida seni yangi bosqichlarga olib chiqmagan, moddiy va maʼnaviy boy qilmagan bo‘lsa bunday ish bilan shug‘ullanishni to‘xtat»,- deb aytgan gapi bo‘lgan.
 Abu Ali ibn Sino aytganidek: -«Inson bir joyda ko‘karadigan daraxt emas».
Muqaddima.
• Pul topish asosiy maqsad bo‘lmasligi kerak. Pul - moliyaviy mustaqillik manbai bo‘lib qobiliyatingizni oshkor etishga yordam beradi.
 • Hayotingizni rejalashtirishni o‘rganing. Bu ishni siz uchun hech kim qilib bermaydi. Unutmang! Kambag‘allik urug‘ini sochgan odam boylik mevasi unib chiqishini kutmasligi kerak.
• Topgan pulingizni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqmang. O‘z imkoniyatlaringiz va qobiliyatingizni puldan ustun qo‘ying, shundagina, pul o‘zi sizni topadi va sizga xizmat qiladi.
• Ko‘proq kuchli, qatʼiyatli va katta muvaffaqiyatlarga erishgan insonlar bilan muloqot qiling. Ular sizga ijobiy energiya va muvaffaqiyatlarga erishishingizga ilhom beradilar.
• Shaxsiy moliyaviy rejangizni amalga oshirish uchun iqtisod qilingan pulingizni yig‘ing. Tezroq moliyaviy himoya va keyinchalik moliyaviy xavfsizlikka erishishga harakat qiling. 
• Faqat bitta moddiy manbaga ishonib qolmang. Bir necha moddiy manbalar yaratishga harakat qiling.
• Agar boy bo‘lishni xohlasangiz kutmang va dangasalik qilmang. Ijobiy natijaga erishuvchi inson bo‘ling. Unutmang! Har qanday qiyinchiliklar va to‘siqlarga qaramasdan maqsadiga erishishga tinmasdan harakat qiluvchi insongina muvaffaqiyatga erishadi.
• Katta maqsadga erishishni reja bo‘yicha bir necha bosqichga bo‘ling. Har bosqichni zab etish, sizni asosiy maqsadingizga yaqinlashtiradi.
• Boy bo‘lish imkoniyati har bir insonda bor. Hamma narsa odamning o‘ziga bog‘liq. Ishonch bo‘lsa, yangi g‘oya, katta miqdordagi pul, tanishlar va aktivlar keladi.
 Unutmang! Insonda boy bo‘lishi uchun avvalam bor ishonch bo‘lishi zarur.
«Eng asosiysi o‘zing orzu qilgan inson bo‘lish va o‘zing orzu qilgandek yashash». Saidmurod Davlatov.
Manba: iknigi.net

Report Page