9-sinflar uchun yangi biologiya darsligi nashrdan chiqdi. Lekin u chindan ham yangimi?

9-sinflar uchun yangi biologiya darsligi nashrdan chiqdi. Lekin u chindan ham yangimi?

Baxtiyor Sheraliyev


Kuni kecha bir tanishim 9-sinflar uchun Biologiya darsligining 2019-yilda chop etilgan "qayta ishlangan va toʻldirilgan 5-nashri" chiqqanini aytib, darslikning PDF formatdagi elektron versiyasini telegramdan yubordi. Darslikni koʻrib chiqar ekanman u yerda deyarli hech qanday yangi narsa koʻrmadim. Kitobda oʻzgarishlar bor, lekin bu oʻquvchi foydasiga deb ayta olmayman. Darslik 494 082 nusxada chop etilgan. Mualliflari oʻzgarmagan. Darslikni varaqlab qarasangiz oʻzgarishlarning aksariyati kosmetik oʻzgarish ekanligiga guvoh boʻlasiz. Har toʻrt yilda chop etiladigan, mualliflar iddao qilishicha "qayta ishlangan va toʻldirilgan" yangi nashrda bugungi fan yangiliklari umuman joy olmagan, mavjud maʼlumotlar yangilanmagan, kamida xatoliklar ham talaygina.


Toʻgʻrisi, darslikni varaqlar ekanman, salkam 500 ming nusxada chop etilgan ushbu darslikni koʻrib davlatning sarflagan puliga achindim. Darslik haqida fikrlarimni batafsil tahliliy maqola koʻrinishida ifodalashni niyat qilib qoʻydim. Hozirda darslikning ekspertizasi bilan shugʻullanmoqdaman. Ishonasizmi, har bir mavzusida ilmiy jihatdan kamchiliklar va xatoliklar chiqmoqda. Ular bir-ikkita emas! Mana nima uchun bizning biologlar xalqaro biologiya olimpiadalarida oʻrin olmaydi, mana nima uchun bizning biologlar hamon oʻtgan asr biologiyasi qobigʻini yorib chiqib keta olmayapti. Xullas, hozircha hukmingizga darslikdagi bir-ikkita kamchiliklarni havola qilaman. Agar Siz ham shunga oʻxshash kamchilik va ilmiy xatoliklarni payqasangiz iltimos, @hujayrauz_bot orqali menga xabar bering. Siz koʻrsatgan kamchiliklarni yoziladigan tahliliy maqolada ishlataman. Maqolani xudo xohlasa Xalq taʼlimi vazirligining maxsus nashri "Maʼrifat" gazetasi chop ettiramiz. 


9-sinf darsligida uchragan kamchilik va ilmiy xatoliklardan namunalar:


👉 Darslikning 4§ 13-betida prokariot organizmlar amitoz boʻlinish yoʻli orqali koʻpayishi aytilgan. Vaholanki prokariot organizmlar teng ikkiga boʻlinish yoʻli bilan koʻpayadi. Amitoz boʻlinish va teng ikkiga boʻlinib koʻpaysh alohida-alohida jarayon, bu haqida quyidagi maqolada batafsil yozganman.


👉 Xuddi mana shu paragrafning 15-16 betlarida koʻk-yashil suvoʻtlarini oʻsimliklar olamiga mansub boʻlim deb ketilgan. Bu ilmiy jihatdan kamchilik emas, balki katta xatodir! Boisi koʻk-yashil suvoʻtlar deb nomlanadigan organizmlar bakteriyalar dunyosiga mansub sianobakteriyalar deb nomlangan alohida tip hisoblanadi. Ular hech qanaqasiga oʻsimliklar olamiga mansub emas. Nahotki darslik mualliflari bu haqida bilmasa?!


👉 Darslik 2019 yilda chop etilganidan keyin undagi maʼlumotlar mavzuga oid eng soʻnggi raqamlar, maʼlumotlar asosida bayon etilishi lozim. Masalan, darslikning 6§ 19-betida Zamburugʻlar haqida yozilayotganida ularning 100 000 ga yaqin turi mavjud deb yoziladi. Vaholanki, 2017-yilda xalqaro mikologlar jamiyati zamburugʻlarning yer yuzidagi kashf etilgan soni 120 000 ga yaqin deb koʻrsatadi. Ayrim darslik mualliflari biologiyada raqamlar muhim ahamiyatga ega emas deb oʻz ayblarini xaspoʻshlamoqchi boʻladilar. Iye, raqamlar muhim boʻlmasa unda nima sababdan darslikni davlatning milliardlab pulini sarflab qaytadan chop etdingiz? 


👉 Darslikning 9§ 30-betida hujayra nazariyasi haqida maʼlumot beriladi. Darslik mualliflar hozirgi zamon hujayra nazariyasi nechta ekanligi, ularda nimalar yozilganligini oʻqib ham koʻrishmagani yaqqol seziladi. Men bu haqida alohida yozaman. Zamonaviy hujayra nazariyasi 7 ta banddan iborat va buni butun dunyo tan olib boʻlgan, bizning darslik mualliflariga bu narsa hali yetib kelmagan koʻrinadi.


👉 Darslikning 13§ 41-sahifasida yozilgan quyidagi ilmiy xato maʼlumotni mualliflar qanday oqlashar ekan hayronman. "Mitoxondriyalar yarim avtonom organoid boʻlib ularning membranalararo boʻshligʻida DNK, RNK va ribosomalar boʻladi." Ushbu gapda nima xato ekanligini payqadingizmi? Agar sezmagan boʻlsangiz oʻzim aytaqolay, mitoxondriyaning membranalararo boʻshligʻida hech qanday DNK, RNK yoki ribosoma boʻlmaydi. Ushbu molekula va organoid mitoxondriyaning ichki membranasi ichida joylashadi. 

Xullas, bunday xato va kamchiliklar hali juda-juda bisyor. Men ularning har birini alohida-alohida qayd etib boryapman. Ekspertiza yakuniga yetkach albatta bu haqida darslik mualliflari, taqrizchilar, darslikni chop etishga ruxsat berganlardan hisob soʻraymiz. Zero, mamlakatda millionlab oʻquvchilar xato, eski, kamchiliklarga toʻla maʼlumotlarni oʻrganishi, shu xatolikni toʻgʻri deb OTM kirish imtihonlarida testlar ishlamasligi kerak. Aks holda hali uzoq vaqt biologiya sohasida soʻnggi vagonda qolaveramiz.

Kanalga ulanish:

https://t.me/joinchat/AAAAAEumtlDaF6ujt5TuHA