“9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlab “Kadastr sohasini korrupsiyadan holi tizimga aylantiramiz” mavzusida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri haqida

“9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlab “Kadastr sohasini korrupsiyadan holi tizimga aylantiramiz” mavzusida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri haqida


Har yili dunyo bo‘ylab 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida keng nishonlanadi. Meksikaning Merida shahrida 100 dan ortiq davlatlar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Siyosiy konferensiyada BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasi aynan ana shu sanada imzolangan bo‘lib, mamlakatimiz ham 2008-yilning 7-iyulida ushbu konvensiyaga qo‘shilgan va bu g‘ayriijtimoiy illatga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan edi. Bugungi kunda jahonning 172 davlati mazkur konvensiya aʼzosi hisoblanadi. Muhtaram Prezidentimizning saʼy harakatlari bilan mamlakatimizda korrupsiya illatiga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqildi.

Bugun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Namangan viloyat bo‘limining katta majlislar zalida huquqni muhofaza qilish idoralari, ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, blogerlar, idora va tashkilotlarning komplayens nazorat xizmati xodimlari, yoshlar va fuqarolar ishtirokida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyat boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar samaradorligi haqida maʼlumot beruvchi “Kadastr sohasini korrupsiyadan holi tizimga aylantiramiz” mavzusiga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Tadbirni Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyat boshqarmasi boshlig‘i Gapparov Qodirxon Sattarovich kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Anjumanda Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasining faoliyati, sohada erishilgan yutuq va kamchiliklar haqida Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Nasritdinov maʼruza qildi.

Shundan so‘ng, so‘z olgan asosiy maʼruzachi Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi M.Nurmatov so‘nggi yillarda sohada korrupsiyani oldini olish, xodimlarda ushbu illatga qarshi murosasizlik hissini shakllantirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Maʼruzachi birgina 2023 yilning o‘tgan o‘n oyi mobaynida ushbu yo‘nalishlarda mehnat jamoalarida 70 dan ortiq umumprofilaktik maʼruzalar, 42 marotaba yakka tartibdagi profilaktik tarbiyaviy ishlar, uchrashuv va suhbatlar, fuqarolarimizning kadastr tizimi faoliyati haqidagi huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida, soha mutaxassislari bilan birgalikda viloyatimizdagi 25 dan ortiq mahallalarda huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘nalishida davra suhbatlari o‘tkazilganligini taʼkidlab o‘tdi. O‘tkazilgan umumiy va individual tartibdagi profilaktik tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va yig‘ilishlar taʼsiri o‘laroq, korrupsiyaviy jinoyat va huquqbazarlik sodir etish bo‘sag‘asida turgan 

35 nafardan ortiq soha xodimlarini bu jirkanch yo‘ldan qaytarishga muvaffaq bo‘linganligi alohida urg‘ulandi. Kadastr agentligi Rahbariyati tomonidan sohani korrupsiyadan holi tizimga aylantirish maqsadida,

ISO 37001 xalqaro standarti hamda qonunchilik talablariga mos keluvchi

10 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar tasdiqlanganligi, bular asosan “Kadastr agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha nizom”, “Tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti” va shu kabi reyting baholash ko‘rsatkichlarida asosiy omil hisoblanadigan meʼyoriy hujjatlardan iborat ekanligi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida so‘z olgan Davlat kadastrlari palatasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi bosh mutaxassisi Yuldashev Timur Nurullovich Kadastr agentligi tizimida Respublika miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida qisqacha maʼlumot berib o‘tdi.


       Maʼruzachilar, viloyat kadastr tizimi rahbarlari anjuman ishtirokchilarining, ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollarining 20 dan ortiq savollariga to‘laqonli javob berdilar.

“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ko‘tarinkilik ruhida, ishtirokchilarning faol, erkin, savol-javoblari tarzida qiziqarli maʼlumotlarga boy o‘tdi. 


Matbuot xizmati.

Report Page