6-sinf 1-dars. MATN MUHARRIRLARI

 6-sinf 1-dars. MATN MUHARRIRLARI

Aziz o‘quvchilar! Siz klaviaturadan foydalanish va uning yordamida matn yozish imkoniyati bilan 5-sinfda tanishdingiz. O‘ylaymi…

  YOZUV TARIXIDAN

Tarixdan ma’lumki, axborotlarni saqlashning eng qadimiy usullaridan biri yozuv hisoblanadi. Qadimgi odamlar yashagan g‘orlar devorlaridagi rasm va yozuvlar buning yaqqol isbotidir. Yozuv san’ati asrlar davomida deyarli o‘zgarmadi. Faqatgina yozish vositalari takomillashib bordi. Avval toshlarga o‘yib yozilgan bo‘lsa, keyinchalik bo‘yoqlar yordamida yoziladigan bo‘ldi. Hayvon terilariga ishlov berish natijasida toshlar o‘rniga teriga yozila boshlandi. Qog‘oz ixtiro qilinishi bilan yozish yana ham qulaylashdi. Shu bilan birga yozuv quroli ham takomillashib bordi. Qadimda yozish vositasi sifatida toshlar, turli mo‘yqalam, qamish-perolar va g‘oz patlaridan foydalanilgan. Keyinchalik patlar o‘rniga peroli ruchkalar, avtoruchkalar va sharikli ruchkalar hamda yozuv mashinkalari ishlatila boshlandi. Lekin, agar, matnni o‘zgartirish kerak bo‘lsa, uni baribir qayta ko‘chirib yozishga to‘g‘ri kelardi. Bu juda ko‘p vaqt va mehnat talab qilishini siz yaxshi bilasiz.

Kompyuterlar ishlab chiqilishi va rivojlanishi yozuv san’atini tubdan o‘zgartirib yubordi. Matnlarni yozish, saqlash, qayta ishlash, qog‘ozga chop etish kabi ishlarni bajarishga mo‘ljallangan ko‘plab dasturlar ishlab chiqildi. Bu dasturlar, asosan, ikki turga bo‘linadi: matn muharrirlari va matn protsessorlari. Matn muharrirlari faqat matn mazmuni ahamiyatga ega bo‘lganda, matn protsessorlari esa matn mazmuni bilan birga matnning ko‘rinishi, shakli hamda matn mazmuni turli obyektlar bilan boyitilishi zarur bo‘lganda qo‘llaniladi. E’tiboringizga havola etilgan ushbu darslik ham matn protsessorida yozilgan bo‘lib, turli rasmlar, jadvallar, ranglar va boshqa bezaklardan foydalanilgan.

MATN MUHARRIRLARI HAQIDA MA’LUMOT

Matn muharriri kompyuterda nisbatan eng ko‘p ishlatiladigan dasturlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, har xil rusumdagi kompyuterlar uchun turli xil matn muharrirlari yaratilgan. Bir rusumli kompyuter uchun o‘nlab matn muharrirlari ishlab chiqilgan. Masalan, Windows operatsion sistemasining tarkibiga kiritilgan Bloknot, WordPad va hokazo. Shuni bilingki, Bloknot, WordPad matn muharrirlari siz 5- sinfda o‘rgangan Paint yoki Kalkulator dasturlari kabi ishga tushiriladi.

Deyarli barcha matn muharrirlari quyidagi vazifalarni bajaradi:

1) ma’lumotlarni  kiritish

5)  xatolarni  tuzatish

2) belgilar,  so‘zlar,  satrlar, abzaslar  o‘rnini  almashtirish yoki  o‘chirib  tashlash

6)  matnni  biror  «qolipga  solish», ya’ni chap  va  o‘ng  tomonlarini tekislash, satrlar  orasidagi  masofani o‘zgartirish

3)  matnni xotirada   saqlash

4) matnni xotiradan o‘qish

7)  bosib chiqarish

Matn muharrirlarida, asosan, matnning mazmuniga e’tibor beriladi. Ular matnning ekrandagi va qog‘ozdagi ko‘rinishi (bezagi) katta ahamiyatga ega bo‘lmaganda qo‘llaniladi.

Matn muharrirlari yordamida matn fayllari hosil qilinadi. Bir matn muharririda hosil qilingan matnni boshqa matn muharririda muammosiz qayta ishlash mumkin.

Matn muharrirlarining nomi, interfeysi turlicha bo‘lgani bilan, ularda ishlash jarayoni deyarli farq qilmaydi. Matn muharrirlarining asosiy elementlari bo‘lgan ishchi maydon, yurgich (курсор) va menyu 7- betdagi rasmda ko‘rsatilgan.

Ishchi maydon. Matn muharriri kompyuter ekranida «ishchi maydon» deb ataladigan maxsus joy ajratadi. Ishchi maydon matn yozish uchun sahifa vazifasini bajaradi. Kiritilayotgan matn ishchi maydonda aks etadi.


Yurgich. Klaviaturadan kiritilayotgan belgi ishchi maydonining qayerida aks etishini ko‘rsatib turadi. Odatda, gorizontal yoki vertikal chiziqcha ko‘rinishida bo‘ladi.

Menyu satri. Maxsus buyruqlar va amallar majmuyi menyu deb ataladi. Ular yordamida matnlarni diskdan o‘qish, diskka yozish, chop etish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Yurgich va ishchi maydonining ko‘rinishi matn muharriri ishiga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Ular turli matn muharrirlaridan biroz farq qilishi mumkin.

Matn muharrirlari, asosan, menyusi bilan bir-biridan farqlanadi. Menyudagi buyruq va amallar matn muharrirlarining imkoniyatlarini belgilaydi. Ular qancha ko‘p bo‘lsa, matn muharrirlarining imkoniyatlari shuncha yuqori bo‘ladi. Turli matn muharrirlarining mos buyruqlari biroz farqlansa-da, ma’nosini tushunib olish qiyin emas. Masalan, ìatnni xotiraga yozish buyrug‘i ba’zi matn muharrirlarining Fayl menyusida «yozish» deb nomlangan bo‘lsa, boshqalarida «saqlash» deb nomlangan. Shu kabi matnni xotiradan o‘qish buyrug‘i turli matn muharrirlarida «o‘qish», «yuklash» yoki «ochish» deb nomlanishi mumkin. Mazkur buyruqlarning nomlari turlicha bo‘lsa ham, deyarli bir xil ma’noni anglatadi va aynan bir xil vazifani bajaradi.

Bizga qo'shiling: @informatika

Report Page