42/2025 – mavzu
O‘ZBEK TILI – ONAJONIM TILI BU(21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni)
Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir.
Shavkat MIRZIYOYEV
Ona tilimizga bo‘lgan e’tibor va hurmat yil sayin ortib bormoqda.
Bunday e’tibor Vatanini sevgan, o‘zbek ekanligidan faxrlanadigan, bir so‘z bilan aytganda, o‘zligini anglagan har bir yurtdoshimiz yuragida o‘zgacha quvonch, faxriftixor tuyg‘ularini uyg‘otishi tabiiy.
Prezidentimizning «Davlat tilining obro‘-e’tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro‘-e’tiboridir», degan fikrlari mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirishga qaratilgan ezgu ishlarning asl mazmun-mohiyatini ifodalaydi.
Boshqacha aytganda, o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadidagi ushbu ezgu harakatlar ona tilimizga qayta jon baxsh etgandek bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uni muqaddas qadriyat sifatida avloddan-avlodga yetkazish uchun barcha huquqiy asoslar yaratilgan. Biroq, hozir ham kelajakni xorijiy til bilan tasavvur etadigan, endi bog‘chaga borayotgan farzandi bilan ham rus yoki ingliz tilida so‘zlashishni muvaffaqiyat, deb biladigan oilalar bor. Axir inson bolasi, avvalo, o‘z ona tilini bilsa, «Ona» so‘zini talaffuz qilib, Vatanni, muqaddas qadriyatlarni anglagach, boshqa tillarni o‘rgansa, to‘g‘ri bo‘lmaydimi? Boshqacha aytganda, poydevor milliy ruh bilan sug‘orilmasa, o‘nta tilni bilgan bo‘lsa-da, undan ertaga chinakam vatanparvar inson yetishib chiqishiga ishonish mumkinmi? Xorijiy til va o‘sha mamlakat madaniyatining shaydosi, yot ellarning qadriyatlarini ulug‘lovchi qavm yuzaga kelmaydimi? Yoki oilada o‘zbek tilida so‘zlashishni or bilgan millatdoshlarimizni kim deb atash mumkin? Bu – shu yurtda yashab turib, millatga xiyonat, ajdodlar ruhiga bepisand munosabat emasmi?
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov o‘zining «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobida quyidagicha yozgandi: «Qancha ko‘p tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi, ona tilida tush ko‘radi, ona tilida yig‘laydi... o‘lim oldida onasini ona tilida yo‘qlaydi...»
So‘nggi yillarda «smart», «chellenj», «startap», «feyk», «press-tur» kabi boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlar muloqotimizda ko‘p ishlatilmoqda. O‘zbek tilida ushbu so‘zlarning mazmun-mohiyatini anglatuvchi muqobillari ham mavjud. Biroq ko‘pchilik osonini qo‘llash yo‘lidan bormoqda. Taraqqiyot va ilm-fan rivojlanarkan, tilimizga yot so‘zlar kirib kelishi tabiiy. Asosiysi, o‘sha yangi so‘zlarni qo‘llashda ayni shu ma’noni anglatuvchi o‘z tilimizdagi so‘zlardan foydalanish, ularni targ‘ib etish, tushuntirish zarur.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi majlisining 2025-yil 30-iyuldagi 62-sonli bayoni bilan o‘zbek tili qoida va me’yorlari asosida shakllantirilgan hamda rasmiy muomalaga kiritilgan yangi so‘z va atamalar ro‘yxati tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatda motivatsiya – ruhlantirish, rag‘bat, aysberg – muztog‘, dostavka – yetkazish, link – havola, navigator – yo‘llagich, bodikamera – yonkamera, chellenj – chorlov, smart – aqlli kabi bir qator so‘zlar berilgan.
Bu yo‘nalishdagi ishlar ilmiy muassasalardan tashqari, har bir vazirlik va idoralarda ham olib borilmoqda. Yangi so‘z va iboralarning tilimizdagi muqobil variantlarini topish va is te ’molga kiritish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, ichki ishlar organlarida iste’molda mavjud bo‘lgan, boshqa tillardan kirib kelgan so‘z va atamalarning muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash borasida vazirlik Akademiyasi va Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan ham ilmiy o‘rganishlar olib borilib, takliflar kiritilmoqda.
Ichki ishlar organlarida ham o‘zbek tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishiga erishish, shuningdek, xodimlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini kuchaytirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator davlat xizmatlari ko‘rsatilib, fuqarolarga tegishli ma’lumotnoma, ruxsatnoma, guvohnoma va qayd varaqalari beriladi. Ushbu jarayonlar ham to‘liq davlat tili qoidalari asosida yuritilmoqda. Biroq ayrim o‘rinlarda hujjat loyihalarida imlo va grammatik xatoliklar ham kuzatilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Shu bois xodimlarni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarida «O‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish» bo‘yicha o‘quv kurslarida reja asosida doimiy tarzda o‘qitib borish ham ijobiy samara bermoqda. Vazirlikning ushbu markaz bilan amaliy hamkorligi natijasida 2023-yildan buyon har yili o‘rtacha 300 nafar xodim o‘quv kurslarida ishtirok etib, tegishli sertifikatni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Qolaversa, tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlari ma’muriy hududidagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, peshlavhalar, e’lonlar va ko‘rgazmali boshqa axborot matnlarining davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek imlosida va xatolarsiz yozilishini to‘liq ta’minlash borasida reja asosida monitoring o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Albatta, bu kabi amaliy harakatlar har bir xodimning mas’uliyatini yanada oshirib, davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish va qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Har bir xodim o‘z faoliyatida, ayniqsa, fuqarolar bilan bevosita muloqot jarayonida tilni to‘g‘ri qo‘llashi, xushmuomalalik bilan fikrni aniq yetkazishi kerak. Turli vaziyatlarni boshqalarga to‘g‘ri tushuntirib yetkaza olish, muammoli holatlarni bartaraf etish, zarur kezda, adolatli qaror qabul qilish, eng asosiysi, odamlarning ichki ishlar tizimidan rozi bo‘lishlariga erishishda ham nutqiy mahorat va muomala madaniyati muhim ahamiyat kasb etadi. Agar xodimning muomalasi samimiy, tili sof, nutqi ravon va aniq bo‘lsa, muloqot qilgan har bir inson va atrofdagilarda ijobiy taassurot uyg‘otishi tabiiy.
Eng asosiysi, bugungi shiddatli zamonda har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashi, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab- avaylashi va rivojlantirishi muhim ekanligini unutmaslik zarur.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qadim zamonlardan bizgacha yetib kelgan, ajdodlarimizning qoni, jasorati, sabr-u matonati ila barhayot yashayotgan tilimizni asrash, uni ona Vatan, muqaddas tuproq kabi himoya qilish bugungi avlodning muqaddas burchidir.
Xurshidbek RO‘ZIYEV,
Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, podpolkovnik.