4 yil…

4 yil…

G'olibjon Narzullayev

Assalomu alaykum barchaga! Bugun va’da qilganimdek O‘zbekistondagi oliy o’quv yurtlarda o‘qish arziydimi yoki yo‘qmi kabi savollarga shunchaki 4 yil ta’lim olgan, bakalavr diplomiga ega inson sifatida shaxsiy fikrlarimdan kelib chiqib javob berishga harakat qilaman. Shuni unutmang, har qanday soha vakili (men o‘zimdan kelib chiqib aytaman), shuningdek, IT sohasi vakillari ham oliy ta'lim olishi kerak deb hisoblayman.

2019-yil.

2019-yil sentyabr oyida Universitetda o‘qishim boshlangan. Men uchun universitetda 1-yil edi. Tanishlarimdan, qarindoshlardan eng birinchi universitetga kirgan men bo‘lgani uchun universitet haqidagi fikrlarim juda ham boshqacha bo‘lgan. Universitetga kirishdan oldin “universitetga o‘qishga kiraman, zo‘r kadr qilib tayyorlashadi va zo‘r kadr bo‘lib chiqib ketaman” degan fikrlar bo‘lgan. Bu fikrlar 2020 yil yanvar oyigacha davom etdi. Menimcha ko‘pchilik tushundi, yanvar oyida birinchi sessiya bo‘lib o‘tdi. Sessiyada umuman o‘qimagan, jon kuydirmagan talabalar 4 baho olib, men semestr davomida jonimni berib o‘qib, mustaqil ishlar tayyorlab, darslarda aktiv bo‘lib ham 4 baho oldim va shu vaqtda universitet haqidagi iliq fikrlarim yomonlashishni boshladi. 

2020-yil

1-semestr davomida doim formada keladigan, darslarga aktiv qatnashadigan, dars jarayonlarida oldi qatorlardan joy oladigan o‘sha yigit 2-semestrda butunlay o‘zgardi. Forma kiyish yo‘q, darslarga aktiv qatnashish yo‘q, dars jarayonlarida esa orqadan joylashishni odat qildim. Nima uchun? Sohani o‘zim mustaqil o‘rganish uchun. Chunki universitetdan deyarli hech nima o‘rgana olmasligimni tushunib yetdim. Shu orada dasturlashni o‘rganishni boshladim. Dastlab C++ asoslari kursiga borishni boshladim. Bu kursda judayam katta bilim bergan, o‘sha vaqtda TATU da 4-kurs talabasi bo‘lgan Doston aka Umarov dars berganlar. Katta rahmat aytmoqchiman. Undan keyin Java dasturlash asoslarini boshladik va 3 hafta darslardan so‘ng 16-martdan karantin e’lon qilindi va uyga qaytishga majbur bo‘ldim. Kurs esa shu holatda qolib ketdi. Endi o‘zim mustaqil o‘rganishni boshladim. Dastlab shu Java ni davom ettirishga harakat qildim. Lekin negadir davom ettirish fikridan qaytdim va boshqa dasturlash tillarini sekin-sekin sinab ko‘rishni boshladim. Bir qancha dasturlash tillaridan keyin JavaScript ni tanladim va shuni o‘rganishni boshladim. Dastlab frontend ni self-study qilib o‘rgandim. Bu jarayon karantin vaqtda bo‘ldi. Shu bilan karantin tugadi.

2020-2021-yillar

Universitetda darslar offlayn ko‘rinishiga o‘tishni boshladi. Universitetga anchagina bilim bilan keldim.Ya’ni karantin vaqtida bekor o‘tirmay, o‘z sohamni o‘rgangan edim. Sekin sekin o‘qituvchilarning ishonchiga kirishni boshladim va darslarda universitet darslarini emas o‘z sohamni yanada rivojlantirishga qaratdim. Qo‘shimcha backend o‘rganishni boshladim. Bunda judayam katta yordam bergan ustozim o‘sha vaqtlarda Click kompaniyasida ishlaydigan dasturchi Behruz aka Xolmo‘minovga judayam katta rahmat aytaman. Universitet darslariga deyarli aktiv bo‘lmaydigan bo‘ldim. Oxirgi qatorga o‘tirib faqat kod yozardim. Ba’zi bir universitet o‘qituvchilariga ham rahmat aytaman, sababi shu o‘z sohamni o‘rganayotganimni ko‘rib, uning darsiga e’tibor bermaganimga emas, shu harakatim uchun ham meni qo‘llab quvvatlagani uchun. Shunda aytsa bo‘lardi, darsimga e’tibor ber. Qolgan ishni keyin qilasan deb. Yo‘q ular unaqa deyishmadi, imkon berishdi. Ba’zi bir o‘qituvchilar esa universitet o‘qituvchisi degan nomga noloyiq deb hisoblayman. Bunaqalar judayam ko‘p. Men niyatim yomonlash emas, shunchaki shaxsiy fikrlarimni aytib o‘tyapman. Na bilim beradi, na imkon (Qayerdan bilim bersin, bilim bo‘lsa beradi-da). Mayli bilim bera olmayapman hech bo‘lmasa shuni o‘rganishi uchun imkon beray degan tushunchalar ham bo‘lmagan. O‘qituvchilar o‘zlarini o‘zlari bilimi yo‘qligini isbotlab berishgan vaqtlar ham bo‘lgan. Algoritmlar bo‘yicha fan bo‘lardi. Shunda oraliq nazorat bo‘ldi va shunda 2 ta nazariy va 3 ta masala bor edi. Masalada aynan bir dasturlash tilida yozing degan talablar yo‘q edi. Men tan olaman manimcha hammada shunaqa bo‘lsa kerak nazariy savollarni internetda ko‘chirdim. Masalalarni esa ataylab Java dasturlash tilida ishladim. Hamma masala natijasi to‘g‘riligiga 100% aminman. Endi keyingi darsga natijasini kutib o‘tiribman o‘shanda oraliq uchun 10 ball ajratilgan. Kamida 9 ball kutib o‘tiribman. Natijalar tarqatildi, qarasam 7 ball qo‘yilgan. O‘qituvchining kim balidan norozi bo‘lsa hozir aytsin degan gapi qulog‘imga chalindi va “men” deb turdim. “Nega 7 ball qayerda xato qilganman” deya savol berdim. Shunda o‘qituvchi yozgan masala kodingni tushunmadim deya javob berdi. Men nimasi tushunarsiz deb savol berdim. Shunda o‘qituvchining savolidan tushunib yetdimki, algoritmlash ga doir fandan dars berayotgan o‘qituvchining bilimi yetarli emas yoki umuman yo‘q degan xulosaga keldim. Va shunda o‘qituvchi ko‘z oldimga yozgan kodingni kompyuterga kiritib natijasini olib berasan dedi. Men yozgan kodimga 100% ishonaman va kod kiritib natijasini olib berdim. Dastur unaqa qiyin emasdi. Shunchaki massiv elementlarini Bubble sort yordamida kamayish tartibida saralab bering. Shunda o‘qituvchi balimni 9,7 ga ko‘tarib berdi. Bunaqa holatlar ko‘p bo‘lgan. Men faqat sizlarga bittasini misol qilib keltirdim. Shunda yana bir bor tushunib yetdimki, universitetlarda o‘qituvchi nomiga noloyiq insonlar ko‘p. Yana eng qiziq tomoni dasturlash fanidan fizika bo‘yicha universitetni tamomlaganlar ma’ruza darslarini to‘liq o‘tishgan. Eshmat bizda boshqa yo‘nalishdagilar, boshqa fanlardan ham dars beraverishadi. Menimcha fizika bo‘yicha dars soati yetmay qolgan bo‘lsa kerakda. Shu orada 2021 iyul oyida IT Park Qashqadaryo hududiy filiali qoshida ochilgan IT Center da Frontend bo‘yicha mentor sifatida ishga kirdim. Shu bilan IT sohasidagi sarguzashtlarim boshlandi.

2021-2022-yil

3-kurs ham boshlandi. Har doimgidek endi o‘rganishdan tashqari, frontend bo‘yicha dars ham berishni boshlagandim. Endi universitetni deyarli hech qanday qizig‘i qolmagandi. Bu orada judayam katta rahmat aytadigan o‘qituvchilarim bor edi. Kafedramiz o‘qituvchilarimizning hammasi ishonch bildirishgan, imkon berishgan. Darslarida faqatgina o‘z sohamni yanada rivojlantirishga e’tibor qaratganman. Faqatgina faqat o‘z sohamni emas, universitet darslarini ham to‘liq joyida qilishga harakat qilardim. Sababi universitetda diplomimni hech qanday gap so‘zlarsiz, bizda ta’lim tizimi kredit modul tizimida bo‘lganligi uchun kreditga tushib qolmay degan maqsadda ham universitet vazifalarini ham bajarardim. Faqatgina bu vazifalarni qabul qilishda, meni umuman muammoga qo‘yishmagan o‘qituvchilar sizga kattakon rahmat. Shu bilan 3 kursni judayam oson tamomlaganman. Chunki o‘zi o‘qituvchilarning ishonchi bor va o‘z yo‘lim bor edi.

2022-2023-yil

4-kursda deyarli darslarga qatnashmadim. Chunki ishimda kunduzi ham darslar olishni boshladim. Shunga ham imkon yaratib berib, qo‘llab quvvatlagan o‘qituvchilarim sizga rahmat. Agar bu postni o‘qigan bo‘lsangiz, meni unutmassiz. Men ham yaxshiliklaringizni unutmayman. Yana bir o‘qituvchim bor. U kishi ilmiy rahbar edilar. U kishining menga bergan ishonchlari sabab, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiant sohibi bo‘ldim. Bu shunchaki soha stipendiyasi edi. Lekin shuni unutmang nomdor stipendiant bo‘lmoqchi bo‘lsangiz yaxshigina tanishingiz universitetda ishlashi kerak, shunda nomdor stipendiant bo‘lish uchun sizdagi bilim bormi yoki yo‘q qarab ham o‘tirilmaydi. Umuman bilimni yo‘qlar shu kabi nomdor stipendiat bo‘lib ketishmoqda. Bilimi borlar esa shunchaki diplom bilan bitirishmoqda. Bu o‘quv yilida bo‘lgan eng qiziq va eng yomon voqealarida biri bu 2022-yil dekabr oyida e’lon qilingan Eng yaxshi veb sayt, eng yaxshi mobil ilova va hokazo nomli tanlov e’lon qilingani bo‘ldi. Nimasi qiziq shu qiziq voqeami desangiz endi qolgan ma’lumotlarni ham o‘qing. Shu tanlovda eng yaxshi veb sayt nominatsiyasi bo‘yicha o‘z ishlarim bilan qatnashdim. O‘z ishimni google meetda hakamlarga onlayn tushuntirib berishim kerak bo‘ldi. Hakam haqiqiy IT sohasida ishlovchi dasturchi edi. Shuning uchun ham ishonchim komil bo‘ldiki, demak tanlov haqqoniy o‘tadi. Haqqoniy o‘tdi. Lekin natijalar e’lon qilinishi kundan kunga cho‘zilishni boshladi. Tanlovni tashkilotchisiga murojaat qilganimizda, tanlov uchun ajratilgan pul mablag‘larini rahbariyat berishdan bosh tortgan. Tanlov natijasini bilmasdan o‘qishni ham bitirdik. Bir necha murojaatlar ham bunga yordam bermadi. Universitetga bo‘lgan ishonchim yanada kamaydi. Qo‘pol qilib aytganda o‘ldi desa ham bo‘ladi. Tashkilotchi agar tanlov uchun ajratilgan pul mablag‘larini berishmasa, keyingi o‘quv yilida universitetdan bo‘shab ketaman deya javob bergan vaqtlari ham bo‘ldi. Yaqinda gaplashganimda rostdan ham universitetdan ketibdilar. Shu tariqa 4-kurs ham tugadi.

2023-yil may oxirlari

O‘zbekistondagi IT Kompaniyalar ichida judayam katta obro‘ga ega bo‘lgan Mohirdev kompaniyasiga backend dasturchi sifatida ishga kirdim va hozirda shu kompaniyada o‘z faoliyatimni olib boryapman.

2023-yil iyul oyi

Diplomimni olish uchun universitetga bordim. Endi qiziq voqeani aytib bermoqchiman. Judayam xarob va churkab ketgan ta’lim tizimda ekanimiz shunda bilindi. Bitiruv varaqasini to‘ldirish jarayonida, 5-6 ta bo‘limdan talabaning qarzi yo‘q degan tasdiqlovchi belgi kerak ekan. Xo‘p deb to‘ldirishga kutubxona, marketing va buxgalteriyaga bordim. Marketing bo‘limiga borganimda shu tasdiqlovchi belgini qo‘yib berishlari uchun bir Telegram kanalga a’zo bo‘lishimni aytishdi. 

Tushunyapsanmi Karl! Mana bizda obunachi qanaqa yig‘iladi. Menimcha tepadagilar shunaqa buyruq berishgan bo‘lishsa kerakda.

Diplomimni oldim, endi kollejni diplomimni ham hozir olib ketishim kerak desam, unda avgustni o‘rtalarida kelasiz deyishdi. Shunda men kollej diplomimni olishim uchun ham shunaqa tizimga qaytib kelishim kerakmi? Yo‘q nasib shu bugun hamma hujjatlarimni olib chiqib ketaman. Shunaqa gaplar…

Xulosa

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam universitetdan faqatgina fikrlash qobiliyati rivojlandi. Subyektiv fikr bildirishga o‘rgandim. Chunki universitetdagi ahvolni ko‘rib hech qanaqasiga bu yerdan o‘z sohamni o‘rgana olmayman degan xulosaga kelganman. Shuning uchun universitetgacha umuman boshqacha fikrlaydigan men, universitet bitirib ketgunimcha fikrlashim 180 gradusga o‘zgardi. Muomala madaniyati rivojlandi. Shunday o‘quvchilarni ko‘rdim bilimi dars berayotgan o‘qituvchini bilimidan yaxshi. Bir narsaga e’tibor bergan bo‘lsangiz sohamni o‘rgandim yoki rivojlantirdim demadim. Faqatgina olganim diplom bo‘ldi xolos. Men 4 yil kontraktni faqat diplom uchun to‘ladimmi shunda. Aslida biror sohani shu universitetdan o‘rganishimiz kerak emasmi. Xo‘p aytishingiz mumkin, kim aytdi kontraktga o‘qi deb, yaxshi o‘qib davlat grantiga kirsang bo‘lmasmidi deb. To‘g‘ri yomon o‘qigandirman, lekin agar haqiqiy bilim berishganida edi man to‘lagan kontraktimga rozi bo‘lardim. O‘sha siz aytgan davlat granti orqali kirgan talabalarni ham ko‘rdim. Ko‘plar faqat universitetga kirib olguncha o‘qiydi, undan keyin o‘qishni tashlab qo‘yadi. Manda teskarisi bo‘lgan o‘qishga kirgunimcha yaxshi o‘qimagandirman, lekin universitetga kirganimdan keyin shuni tushunib yetdimki, universitetgacha ham o‘qish kerak, lekin universitetga kirib olgandan keyin ham o‘qish kerak. Agar universitet bizga bilim beradi, sohamizni o‘rganib yaxshi kadr bo‘lib chiqamiz desangiz chuchvarani xom sanabsiz. Universitetga kirib faqat universitet beradigan bilimga qarab qolsangiz, qarabsizki 4 yildan keyin dum-dum miya va qo‘lingizda o‘sha xalq orasida tarqalgan 2 varaqli karton qog‘oz bo‘ladi. Bu bilan nima demoqchiman, universitetga kirib oldim bo‘ldi emas, universitetga ishonmang, o‘zingiz harakat qiling. Yangi narsalarni o‘zingiz o‘rganing. Agar o‘rganmasangiz aytganimdek, 4 yildan keyin faqatgina diplom bo‘ladi. Hozirgi kunda faqatgina diplom bilan biror ish qilish qiyin. Qilish imkoni bo‘lsa, bilingki orqangizda katta tanka bo‘lishi kerak (Shu joyini tushungan tushundi).

Eng alam qilgani diplom ishga kirishimga hech qanday yordam bergani yo‘q. Diplom olgunimcha, yoki universitet bitirmasimdan oldin ham menda ish bo‘lgan. To‘g‘ri hammasi Allohdan. Lekin universitetga shuncha pul to‘lagandan keyin nimadir kutishga haqqimiz bor-ku! Umumiy xulosa qiladigan bo‘lsam universitetga o‘qing faqat iloji bo‘lsa O‘zbekiston universitetlariga emas. O‘zbekistondagi hamma universitetlar demayman, balki hammasidadir faqatgina 4 yildan keyin sizga diplom beradi, boshqa narsa emas. Sizga faqat diplom kerak bo‘lsa bemalol O‘zbekiston universitetlarida o‘qishingiz mumkin. Agar yaxshi bilim, tajriba kerak bo‘lsa chet tilini o‘rganing va chet universitetlariga o‘qing. Harakat qilsangiz hammasiga imkon topiladi. Men ham magistratura o‘qish niyatidaman, faqat O‘zbekistonda emas. Endi aytishingiz mumkin IT sohasi uchun ham diplom kerakmi, to‘g‘ri hozir kerak emasdir, lekin bu qachongacha deb o‘ylaysiz. IT sohasini o‘rganuvchilar soni ko‘payib ketmoqda. Shu sababli yaxshi kadrlar doim kerak bo‘ladi. Deylik kompaniyangiz bor. Kompaniyangizga dasturchi kerak. Oliy ma’lumotli va oliy ma’lumotli yo‘q ikkita dasturchi keldi. Ikkalasida bilim bir xil. Birini olib qolishingiz kerak. Shunda diplom bir pog‘ona ustun qilib beradi va oliy ma’lumotli dasturchi ishga kirib ketish ehtimolligi bor. Undan tashqari juda ko‘plab FAANG kompaniyalari kamida bakalavr darajasini so‘raydi, chunki universitetda o‘qigan insonlarda soft skill yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Post yoqdi va ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldingiz degan umiddaman. Rahmat kattakon!

Report Page