4% qoidasi yoki cho’pon amaki
Bek OlimjonKecha «damingni ol» puli haqida yozgan edim. U nima ekanligi haqida juda ko’pchilikda ma’lumot yo’q ekanligi hayratlanarli emas. Shuning uchun ham o’quvchi uchun u miqdordagi pul qancha bo’lishi haqida tasavvur yo’q ekanligi tabiiy holat.
Qoldirilgan izohlardagi miqdorlarga qaraydigan bo’lsak shaxsiy moliya haqida savodxonligimiz ancha past ekanligi ma’lum. Buni tushunsa bo’ladi. Sababi bu haqida hech qayerda o’rgatilmaydi. Na maktabda, na oilada. Oilada pul haqida gaplashish ko’pchilik uchun noqulay. Juda millionlab dollar pulim bo’lsa baxtli bo’laman deb o’ylaydi. Aslida unday emas. Mayli, bu alohida mavzu. Bugun kechagi mavzu davomi, damingni ol miqdori qancha ekanligi, uni qanday hisoblash mumkin ekanligi haqida yozamiz.
Bugun ”damingni ol” darajasiga erishgan bitta ukaxon bilan uchrashuvimiz bor edi bu yerda. Bir mavzu haqida gaplashim, ”damingni ol” haqida ham gaplashib qoldik. Aytadiki, men ishlayotgan loyihalarda, ishxonalarda menga mehnat shartnomasi berishlaridan bosh tortaman. Sababi men o’zim hohlamagan muhit bo’lsa, meni ketishim uchun oson bo’lishi kerak deydi. Tushunaman ukaxonni. Uch kun oldin bitta investitsion firmaga 500 ming ko’kidan investitsiya qildi.
Bu postda bir nechta tushunchalar haqida qisqa-qisqa ma’lumot bo’ladi. Juda ko’pchilik uchun zerikarli va tushunarsiz bo’lishi mumkin. Postda inflyatsiya, oylikchi muammosi, biznesga egalik qilish, investorlik, compounding effect, diversifikatsiya kabilar haqida ma’lumotlar bor.
Xo’sh, ”damingni ol” pulini qanday hisoblashimiz kerak. Bu uchun bizga nafsimizni jilovlagan va shatalang otvormaydigan darajada, Hojiboy aytganidek kekirvoradigan darajada emasku, o’zimizni qoniqtiradigan darajada yashashimiz uchun har oyda qancha mablag’ kerak ekanligini hisoblab chiqamiz. Bunga oila ta’minoti, uy, bilim olish, ovqat, transport, kiyim, ko’ngilocharlik (choyxona misol uchun) kabilar uchun bizga har oyda qancha kerak degan savol beramiz. Aytaylik kimdir uchundir bu miqdor 4 million so’m, yana kim uchundir 40 million so’m. Hammada harajat turlicha. Muhimi real ko’z bilan qarab hisoblash. Oshirvorish kerak emas, qanaqadir 5 yilda bir marta bo’ladigan ehtiyojlarni hisoblash kerak emas. Hozirgi kunda kechirayotgan kundalik hayotimiz uchun har oyda qancha kerak. Ana shuni 12 ga ko’paytiramiz va bizni bir yillik harajatlarimiz kelib chiqadi. Kim uchundir 48 million, kim uchundir 480 million va hok. Buni har bir shaxs uchun yoki butun oila uchun hisoblash mumkin.
Endi tushunishga osonroq bo’lishi uchun, soddaroq qilaylik va butun oila emas, bir 30 yoshdagi insonnii misol qilib olaylik. Soddalashtirish uchun uni ehtiyojlari keyingi 10 yilda o’zgarmaydi ham deylik. Shu odamga har oyda 5 million kerak. Statistik jihatdan Uzbdagi erkaklar umr ko’rish davomiyligi 72 yosh deylik. Bu odam yana 42 yil yashaydi deylik. 42x12=504 oy. 504 x 5 million = 2520 million. Hammamizga tushunarli bo’lishi uchun dollarda tahminan 250 ming dollar. Agar shu insonni qo’lida bugun 250 ming dollari bo’lsa har oyda 5 million sarflab, hozirgi kundagi hayot sifatini ushlagan holda 72 yoshgacha yashay oladimi. Ha, agarda inflyatsiya darajasi 0% bo’lsa. Afsuski unday emas. Hozirgi kundagi 5 million kuchi bir yildan keyingi 5 milliondan baland. Ya’ni pul kuchini yo’qotib boradi. Bu ko’rsatkich yiliga o’rtacha 10% deylik. Bu degani hozirgi kundagi 100 dollarlik maxsulot, 2050-yilga kelib 2079 dollar bo’ladi degani. Anavi 30 yoshli akani 250 ming dollar puli qarigunicha yetmasligi aniq.
Unda hammasi cho’pchak ekanda deyishingiz mumkin. Shunday desa ham bo’ladi, lekin har doim ham, hamma joyda ham emas.
Oylik oluvchi sifatida moliyaviy erkinlikka erishish juda-juda qiyin. Sinalgan usuli bu qandaydir biror biznesga egalik qilish. Odam o’zi yuritishi shart emas. Pul keltirib turadigan qandaydir biznes bo’lishi kerak. Bu ijaraga berilgan uy bo’lishi mumkin yoki qandaydir pul keltirib turuvchi biznes.
Oylik muammosi shuki oylik odatda inflyatsiya bilan bir xilda oshib bormaydi. Inflaytsiya 10% bo’lsa, oylik 5% ga oshadi, qog’ozda o’tgan yilgidan ko’ra ko’proq oylik olayotgandeksiz, ammo aslida o’tgan yilgidan ko’ra 5% kamroq olayotgan bo’lasiz. Oylik masalasi alohida mavzu.
Demak oylik bilan erishib bo’lmas ekan bunga, qanday erishiladi? Pul orqali pul topib. Bu degani investorga aylanib. Agarda siz bitta oshnangizga Turkiyadan mol olib kelishi uchun 500 dollar berib turgan bo’lsangiz, siz investorsiz. Pulni to’g’ri tikyapsiz yoki yo’q bu alohida mavzu. Investorlik nima? Investorlik juda oddiy qilib aytadigan bo’lsak, biror biznesga uni foydasi va zararini tushungan holda va unga rozi bo’lgan holda, kelishgan holda pul tikish. Bunga turli talablar bor, ayniqsa ma’naviy talablari yuqori. Demak investor bu pulini ko’paytirish maqsadida, zarariga tayyor bo’lgan holda risk qilgan holda pulini tikkan inson. Bu biznes o’zingizniki bo’lishi mumkin yoki boshqaniki bo’lishi mumkin. Agar boshqa odam biznesiga pul tiksangiz rasmiy va qonuniy kelishuv juda-juda muhim. Qaysidir biznes bugun siz bergan 100 so’mni 1 yildan keyin 110 so’m qilib berdi. Zarar qilganida 80 so’m bo’lishi ham mumkin edi. Siz bunga rozi bo’ldingiz. Investorlik tabiati bu. Boshqa bir biznes bugun siz tikkan 100 so’mni 180 so’m qilib berdi. Ishi yaxshi bo’ldi chunki. Siz uni 80 so’mini olib ehtiyojga ishlatishingiz mumkin. (Bu misolda siz jannatmakon o’lkadasiz va hech qanday daromad solig’i yo’q deb turamiz. Shuning uchun siz topgan 80 so’mdan hech qanday soliq to’lamaysiz. Misol soddalashtirish uchun). Agar mana shu biznes keyingi 20 yil davomida har yili tikilgan 100 so’mni 180 so’m qaytarib berishini kafolatlaganida edi, olam guliston bo’lar edi. Ammo hech qaysi biznes kelajakda topadigan foizini kafolatlay olmaydi. Bu yil 100 so’mni 180 so’m qilgan bo’lsa, yanagi yili 100 so’m 50 so’mga tushishi mumkin, hattoki minusga tushib bankrot bo’lishi ham mumkin.
Ijobiy yangilik shuki, insoniyat yaratilgandan boshlab har doim foydali bo’lishga, rivojlanishga harakat qilib keladi va bunga erishadi. Shuning uchun ham tarixan har doim o’sishga erishgan. Biznes rivojlangan va bir yil oldingi 100 so’m 10 yildan keyin ancha ko’paygan. Tarixan olganda dunyodagi yirik korxonalar oxirgi 100 yil ichida har yillik daromadi +10% bo’lgan. Bu degani agar 100 yil oldin ana shu tashkilotlardan biriga 100 dollar investitsiya qilganingizda va uni esdan chiqarganingizda, hozir, 100 yildan keyin bu pul 1 378 000 dollar bo’lar edi. Qanday qilib bu deyish mumkin. Buni nomini ”compounding effect” deyiladi. O’zbekchasi nima deyilishini bilmayman. Ortidagi oddiy prinsip quyidagicha. 100 dollar, yiliga 10% o’sish, 100 yilda qancha bo’ladi.
1-yil 100, 2-yil 110, 3-yil 121, 4-yil 133, 5-yil 146, 6-yil 177, 7-yil 195, 8-yil 214, 9-yil 236, 10-yil 259 …… 50-yil 11739, 75-yil 127189, 90-yil 531302, 100-yil 1378000$
Agar yillik daromad foizi o’rtacha 14% bo’lsa bu pul sal kam 50 million dollar, agar u 6% bo’lsa 100 yildan keyin 33900$ bo’lar ekan.
Endi aqlli investor bitta kompaniya har yili bir xilda foyda bermasligini juda yaxshi biladi. Bankrotga kirib ketish xavfini ham yaxshi tushunadi. Shu sababli pulini turli xil sohadagi kompaniyalarga tikadi. Nega turli xil soha. Aytaylik bir davlatda faqat qurilish sohasini tanlasa va qurilish materiallari asosan Ukrainadan olib kelinayotgan bo’lsa, bitta urush sabab materiallar kelishi to’xtaydi va natijada biznes uxlaydi. Shu bilan birga daromad ham. Shuning uchun investor puli bir qismini qurilishga, bir qismini oziq-ovqatga, bir qismini dori-darmonga, bir qismini avtosanoatga va hokazolarga sochib tashlaydi. Maqsad bitta sohadagi bizneslar uxlasa qolgan sohadagi yo’qotishlarni qoplashi uchun. Buni nomini diversifikatsiya deyiladi. Diversifikatsiya yutqazish xavfini kamaytiradi.
Investorlik, investitsiya, diversifikatsiya, foyda haqida yuzaki bo’lsada tushundik.
Endi 4% qoidasiga qaytamiz.
1998-yili Texasdagi Trinity degan institutdagi iqtisod bo’yicha 3 ta professor bir ajoyib savol qo’yadi. ”Qilingan investitsiyadan tushayotgan daromadni necha foizini o’zimizga olsak (ya’ni pulni biznesdan chiqarib olib, qoringa, choyxonaga ishlatsak ma’nosida) qilingan investitsiya tanasi kamaymaydi?”. Ya’ni, 100 tikkan bo’lsamu, oradan qancha vaqt o’tsayam shu 100 so’m kamaymasin, lekin men kelgan foydani olib turay ma’nosida. Shu foyda dastlabki investitsiyani necha foizi bo’lishi kerak ma’nosida.
Bu foiz 4% bo’lib chiqqan. Ya’ni qilingan investitsiyani 4% qismigacha bo’lgan miqdorini olsa, asl tanasi hech qachon kamaymasligini isbotlashgan. Bu 1998-yilgi ilmiy tadqiqot bo’lsada oradan 25 yil vaqt o’tgan bo’lsa ham, bu to’g’riligicha qolmoqda. Butun boshli davlatlar mana shu tamoyilga asoslanib hazina yaratishmoqda va investitsiya qilmoqda.
4%ni oyog’ini osmondan qilsak 25 baravar bo’ladi. Bu haligi 30 yoshli aka uchun juda foydali son. U akaga esingizda bo’lsa oyiga 5 million kerak edi, yiliga 60 million, $ da aytaylik 6 ming. Aka har yili 6 mingni o’z investitsiyalaridan olib turishi uchun u 6 mingni 25 barobar miqdorini investitsiya qilgan bo’lishi kerak. Ya’ni 6000 x 25 = 150 000. Endi kimdir har oyda 5 ming ishlatadi, yilida 60 ming. U odam esa 60000 x 25 = 1,5 million $ investitsiya qilgan bo’lishi kerak. Agar harajatlarim 5 mingdan oshib ketishi mumkin deydigan bo’lsa unda 30 barobarini investitsiya qilishi kerak bo’ladi.
Qayerga qiladi bu investitsiyani deyish mumkin. Misol uchun dunyodagi eng top 500 ta tashkilotga. Yoki talablaridan kelib chiqib alkogol yoki qurol savdosiga aralashmagan tashkilotlarga yoki din talablariga javob beradigan tashkilotlarga va hok. (Bu investitsiya bo’yicha maslahat emas, shunchaki asosiy tamoyillar haqida ma’lumot xolos).
Misol uchun AQShdagi top 500 ta kompaniya 1926 yildan boshlab 2023 yilgacha har yili o’rtacha 7,3% daromad qilgan. Bu inflyatsiyani inobatga olgandan keyingi ko’rsatkich.
Shuncha raqam, foiz, yunoncha so’zlarni tushunmagan, lekin shu joygacha o’qigan odamlar bo’lsa, ”Damingni ol” miqdorini cho’pon misolida tushuntirishga harakat qilaman. Aytaylik bir cho’pon oilasi bilan cho’ponlik qiladi. Unda 200 ta qo’yi bor. Yiliga 10 ta qo’yini go’shti uchun so’yib yeydi, 10 tasini sotadi va puliga guruch, yog’, otiga yem, telefoniga internet, nevarasiga beshik oladi. Podasi yiliga kamida 20 taga ko’payadi. Agar kasallik kelib podani qirmasa yoki bo’ri bosib ketmasa va poda bir xilda o’saversa va cho’pon harajatlari pasaymasa, u hohlagan odamiga damingni ol deya oladi. Chunki u kimdandir oylik kutayotgani yo’q. Muhimi unga tegmasliklari, rais kelib tegajoqlik qilmasa bo’lgani.
Endi sizni hafsalangizni pir qiladigan bir xabar bor. Yuqorida aytib o’tilgan barcha investitsiyayu, 4% kabi gaplar jahon iqtisodiyoti talablari amal qiladigan hudud va bozorlarda ishlaydi. Jahon iqtisodiyoti talablariga amal qilmaydigan bozorlarda yoki iqtisod qattiq boshqariladigan hududlarda inflyatsiyani nazorat qilish qiyin. Shu sababli ham inflyatsiya doim o’sib boraveradi. Misol uchun Argentina hozirgi ahvoli. Davlat tomonidan qattiq nazorat qilingan valyuta bozori va narhlarni sun’iy muzlatish inflyatsiyani osmonlarga olib chiqdi. Bunday hududlardagi investorlar uchun jahon bozoriga chiqish va unda investitsiya qilish imkoniyatlari ham yaxshigina cheklangan bo’ladi. Chunki ishonch yo’q.
Endi siz damingni ol darajasiga chiqmoqchimisiz, avval siz o’zingiz hohlagan hayot tarzini belgilab oling. Qandaydir Lamborgini, Versace qilmasdan, hotirjam bo’lib yashay oladigan, uyga kelganda oila bilan hotirjam issiq ovqat yeya oladigan tinch hayot tarzini aytyappan. Unga har oyda qancha ketishini hisoblang, keyin yilda qancha ketishini hisoblang. Shuni 25 ga ko’paytiring. Bu sizni ”damingni ol” miqdoringiz bo’ladi. Harajatlarni nazorat qilib, tejashni boshlang va tejalgan pulni jahon miqyosidagi kompaniyalarga investitsiya qilishni boshlang. Qaysi kompaniyalar, qanday tarzda investitsiya bu alohida ikir-chikirli mavzular.
Agar sizda bu borada jiddiy maqsad bo’lsa, shaxsiy moliyaga munosabatingiz jiddiy bo’lsa, daromad va harajatlaringizni nazorat qila olsangiz va umuman investitsiya haqida ko’proq o’rganmoqchi bo’lsangiz bu borada alohida gaplashish mumkin. Bu alohida bilim va ko’nikma. Faqat jiddiy qaragan va intizomli insongina o’rgana oladi. Damingni olga erishish oson emas. Bunga erishganlar soni eng boy jamiyatlarda ham 0,1% kam. Mana sizga motivatsiya :)
17.07.2023
Norvegiya
NB. Bu post tinmay savol berib turuvchi bitta bola atrofimda bo’lgan holatda yozildi. Xatolar yoki fikrlarda uzilishlar, sakrashlar bo’lsa ma’zur tutishingizni so’rayman. Xatoni ko’rsating, tushunmasangiz yozing, tanqid qiling :)