#2yil_2million_taqdir

#2yil_2million_taqdir


E’tibor va g‘amxo‘rlikning yuksak namunasi

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida joylashgan Muqimiy mahalla fuqarolar yig‘inidagi 630 ta xonadonda hozirda 741 ta oila istiqomat qiladi.

Aholi soni 2 ming 533 nafar. Ular orasida nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 70 nafarni tashkil etadi.

O‘tgan davrda ular orasidan yagona ijtimoiy reyestrda 44 ta, kambag‘allik reyestrida esa 21 ta oila qayd etilgan.

Shu fuqarolarning haqiqiy hayoti bilan yaqindan tanishish va yechim topish maqsadida mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim sifatida faoliyat yuritayotgan Maftuna Ermatova nafaqat aholi bilan ishlash, balki har bir oilaning ichki muammolarini teran his etish orqali katta ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, Ufq ko‘chasida yashovchi Shuhrat Barotov yaqinda og‘ir jarrohlik amaliyotidan so‘ng sog‘lig‘ini tiklayotgan, hayotga qaytish uchun kurashayotgan inson.

Uning bu murakkab yo‘lida nafaqat shifokorlar, balki mahalla faollari va ijtimoiy xizmatchilarning ko‘magi ham muhim bo‘ldi.

Maftuna Ermatova bu insonning oilasi sharoiti bilan tanishar ekan, ularni kambag‘allik reyestriga kiritish tashabbusini ilgari surdi. Bu orqali bir qator yordamlar amalga oshirildi. Birinchidan, dorixona uchun zarur bo‘lgan mablag‘ Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi orqali to‘lab berildi. Qo‘shimcha ravishda, unga nogironlik guruhini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatildi va zarur nogironlar aravachasi ham olib berildi.

Fuqaroning turmush o‘rtog‘i Surayyo Barotova ham e’tibordan chetda qolmadi. Unga maxsus dalolatnoma orqali bir yillik mehnat staji rasmiylashtirildi. Oiladagi farzandlari ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi doirasida kam ta’minlanganlik toifasidagi imtiyozlardan foydalandi. Kichkina farzandi maktabgacha ta’lim muassasasiga bepul qabul qilindi. Qizi Sojida Zokirjonova esa mahalladagi “Barkamol avlod” o‘quv markaziga to‘liq bepul ravishda joylashtirildi va u hozirda to‘garakda faol ishtirok etmoqda.

– Qiyinchilik paytimizda bizni yolg‘iz qoldirishmadi. Turmush o‘rtog‘im jarrohlik amaliyotidan chiqqanida ko‘zimda faqat tashvish bor edi. U kishi yurib keta olmasa, davolash uchun pulimiz yetmasa, farzandlarimizni qanday boqaman, degan savollar tinchlik bermasdi. Mahallamizdagi ijtimoiy xizmatchining sa’y-harakatlari tufayli hammasi yana o‘z iziga tushdi. Biz yolg‘iz emasligimizni his qildik, – deydi Surayyo Barotova.

Bu kabi misollar insonparvarlik va mahalla faollarining samarali ishi natijasidan darak beradi. Eng muhimi, ijtimoiy himoya tizimi hayotda o‘rinli va haqiqiy ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.



Report Page