25 yosh

25 yosh

Diyorbek Sadullaev

Bugun men 25 yoshga to’ldim. Bo’rttirish, bu yosh o’ziga xos deya urg’u berish va o’zimdan faylasuf yasab olishni xohlamayman. Shu uchun chorak asrlik hayotimda men anglab yetgan quyidagi ba’zi narsalarni shunchaki shaxsiy tajriba va fikrlar deb qabul qiling:

Do'stlaring kimligini aytsang, sening kimligingni aytaman

Bu gap har doim o'z isbotini topib kelgan. Mening ham shu kungacha erishgan yutuqlarim va olgan tarjibalarim ostida menga yaqin bo'lgan insonlaring ta'siri katta. Biz kimlar bilan ko'p birga bo'lsak, fikrlash va dunyoqarashimiz ularnikiga o'xshab boraveradi. Ota-onamizni, qaysi oilada tug'ilishimizni biz hal qilmaymiz. Lekin do'stlarimizni tanlash o'z qo'limizda.

Ko’pincha siz xohlagan narsalar ularni xohlamay qolgan paytingiz keladi

Bu hamma uchun to'g'ri bo'lmasligi mumkin. Ammo hayotimdagi men katta yutuq deb hisoblaydigan narsalar aynan ularga erishishdan umidimni uzgan paytimda menga nasib etgan. Malasan, 4 yil oldin Polshaga ketishdan umidimni uzib, befoyda urinishlardan charchab, O'zbekistonda qolib qiladigan ishlarim rejasini tuza boshlagandim. Keyin viza berib qolishsa deng! 🤦‍♂️

Tavakkal qilishdan, sharmanda bo'lishdan qo'rqsangiz, hech qachon o'smaysiz

O'sish, o'zgarish og'riqsiz bo'lmaydi. Bu inson sifatida o'sish bo'lsin, yoki kasbiy rivojlanish bo'lsin, farqi yo'q. Men birinchi marta omma oldida tamosha ko'rsatganimni, rezyumeni yo'lgonga to'ldirib intervyudan sharmanda bo'lib chiqqanimni, cho'ntagimda 5000 so'mdan ko'p pulim bo'lmagan paytlarim chet elga ketish uchun harakat qilib yurganimni, INHA imtihonlariga 2 oy qolganida dasturlash yo'nalishiga topshirib kirish uchun fizikadan tayyorlanishni boshlaganimni, keyin fizikadan 90% natija bilan 6-o'rinda o'qishga kirganimni, o'z kompyuterim bo'lmasdan turib sayt qilish uchun "zakaz" olib yurgan paytarimni va shu kabi ko'p hodisalarni yaxshi eslayman. Komfort zonadan chiqish har doim qo'rqinchli. Lekin bu ish qilinmasa, butun umr nimaga qodirligingizni bilolmay, qilolmagan ishlaringizdan afsuslanib o'tib ketasiz.

Xatolaringiz siz sotib olgan eng qimmat darsliklardir

Yuqoridagi maslahatni olganingizdan keyin har bir tavakkalingiz omadli bo'lishini hech kim kafolatlamaydi. Kafolatlangani - siz olgan tajriba. Xatolar, sharmandali holatlarni eslash og'riqli. Biz xatolarimiz ortidagi haqiqatdan qo'rqamiz, tan olgimiz kemaydi. Xatolarimizni tan olmas ekanmiz ulardan hech narsa o'rganolmaymiz. Har holda ular bizga qimmatga kelgan tajribalar, ya'ni og'riq, uyat, sharmandalik yoki aybdorlik evaziga.

Siz boshqalar uchun nutqingiz qadargina qobiliyatlisiz

Bu ko'proq kasbiy rivojlanishga oid kuzatuvlarimdan biri. Siz dunyodagi eng aqlli, qobiliyatli inson bo'lavering, agar o'z-o'zingni to'g'ri "taqdim" qilolmas ekansiz, fikringizni ravon ifoda etolmas ekansiz, sizning qobiliyatlaringizga odamlar ishonmaydi. Ha, odamning ishi uning uchun gapirishi kerak. Lekin oldin sizga kimdir ish berishi kerak-da!

O'zingizga bo'lgan ishonchni oshiring. Siz o'zingizga ishonmasangiz, boshqalarni sizga ishonishini kutmang.

Tanish-bilishchilik bor narsa, ishlaydigan narsa

Qarindoshlarni tortish kerak deganimas bu! (Torting, faqat buni to'g'ri qiling!)

Yangi imkoniyatlar yangi tanishlar ortidan keladi ko'pincha. Sizning tanish-bilish tarmog'ingiz qancha katta bo'lsa, sizning bu imkoniyatlar uchun potensialingiz ham katta bo'ladi. Bu tarmoqni ushlab turuvchi narsa - siz boshqalarga taklif qila oladigan narsalardir.

Eng yuqadigan bilim - chin dildan qiziqib o’rganilgan yoki zarurat yuzasidan o’rganilgan bilimdir

Men shu paytgacha majburan o'rgangan narsalarimning hech biri hozir esimda yo'q. Lekin men belgilash orqali funksiyalarni integrallashini, shprits bilan gidravlik press yasashni, aravaga eshakni qo'shishini (siz o'ylagandek oson emas) yaxshi eslayman. Ba'zisini shu darajada sevib o'rgandimki, u mening kasbimga aylandi va shu ish uchun menga pul to'lashadi. Spoiler: bu dasturchilik edi.

Ko’p pul topish maqsad bo’lolmaydi

O'ylab ko'ring, ko'proq ovqat yeyish haqida orzu qilish, shuning uchun intilib yashash qanchalik to'g'ri? Ko'p pul topishni maqsad qilish ham shuningdek. Bu bilan boy bo'lish yomon demoqchi emasmas. Pul toping, boy bo'ling, lekin uni qanday sarf qilishingiz eng muhimi bo'lib qoladi. Sizdagi pul sizning nimadir qila olishingiz potensiali deb qarang. Maqsadlariningiz shunday qo'yingki, sizning pulingiz shu maqsadlarni amalga oshirishda kerak bo'ladigan vosita bo'lsin xolos.

Keyingi "o'gitlar" izohga muhtoj emas menimcha:

  1. Insonning eng kuchli super qobiliyati - moslashuvchanlik
  2. Qo’lingizdan kelgancha qattiq harakat qilmay turib “taqdir ekan” demang
  3. Hamma chiroyli gullar zaharli emas, lekin zaharli/yirtqich gullarning hammasi chiroyli bo’ladi. (Tushungan tushundi.)
  4. Reja bo’lishi uning bo’lmasligidan yaxshiroq.
  5. Komfort zonaga tushib qolganingizni ba'zida anglamay qolasiz. Shuning uchun doim harakatda bo'ling, o'zgarishda bo'ling, o'sing, hayotingizga yangilik olib kirishdan to'xtamang.

Omad!

Report Page