24/7 ishlashning foydasi
BrogrammistHikoya
Faraz qilaylik, X kompaniyasida oddiy bir dasturchisiz. Siz kompaniyangizning “core value”larini (qadriyatlarini) yaxshi tushunasiz va ularga asoslanib ishlaysiz. Axir siz kompaniya CEOsi yoki “tepadagilar” bilan bo‘ladigan mitinglarda “biz bir oilamiz”, “har bir ishchi kompaniya uchun muhim” kabi baland parvoz gaplarni eshitgansiz.
Bu gaplar sizni ilhomlantiradi va sizda kompaniyangiz rivoji uchun ko‘proq hissa qo‘shish ishtiyoqi uyg‘onadi. Chunki hamkasblar orasida eng yorqin yulduz bo‘lishni, mitinglarda olqishlanishni, maoshi oshishini kim xohlamaydi deysiz?
Siz kompaniyangiz uchun endi har kuni 100% energiyangizni berasiz. Nafaqat o‘z vazifalaringizni bajarasiz, balki hamkasblaringz vazifalarida ko‘maklashasiz. Proyektning faqat bir qismida emas, bir necha qismlarida siz ekspertsiz. Chunki sizdan “proactive” bo‘lish, majburiyatlardan oshig‘ini qilish kutiladi. Mitinglarda, majlislarda faol qatnashasiz, yangi takliflar bilan chiqasiz. Jamoadoshlaringiz sizni doim ma’qullashadi va sizning fikrlaringiz doimo inobatga olinadi.
“Performance review”lardan siz doimo “exceeded expectations” natijasi bilan o‘tasiz. O‘z navbatida bu oyligingiz ko‘tariladi degani. Uyqusiz tunlar, achishgan ko‘zlar meva berishi kerak-ku axir!
Lavozimingizni middle’dan senior’ga, senior’dan lead’ga, lead’dan staff’gacha ko‘tarib tashlashadi. Chunki siz “leadership skills” (boshqaruvchilik qobiliyati) ustida ham qattiq ter to‘kib o‘zingizni ko‘rsatgansiz.
Yana davom ettirardim-u, ertak aytish ham evi bilan-da! 😄
Tahlil: Nega hayotda unday bo‘lmaydi?
Keling, yuqoridagi ideal hikoyada nimalar real hayotda noto‘g‘ri ketib qolishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
Korporativ dunyo haqiqati
Juda ko‘p kompaniyalarda “oila” bo‘lish, har bir xodim “qadrlanishi” kabi gaplar kompaniyaning ichki atmosferasini emas, marketing va motivatsion gaplar aytish salohiyatini ifodalaydi. “Core value”lar aksariyat hollarda biznes kitoblarida shunday yozilgani uchungina bor. Siz bu shablonlarga asoslanib ishlab ajralib turishingiz qiyin. Qanchalik “oila” bo‘lmang, iqtisod osmonida sal bulut ko‘rinsa, “сокращение”ga tushib, chopilib ketishingiz mumkin!
Lavozim va maosh ko‘tarilishi
Real hayotda mashaqqatli mehnat va fidoyilik bilangina lavozimingizni yoki oyligingizni oshirolmaysiz. Ko‘pincha bu kompaniya ichki siyosati, tanish-bilishchilik va subyektiv baholash kabi omillarga bog‘liq bo‘ladi. Undan tashqari ko‘tarilish uchun faqat texnik bilimlar kamlik qiladi. Agar sizda soft-skills, yetakchilik qobiliyati yaxshi bo‘lmasa, qilgan mehnatingiz ko‘rinmay qolib ketaveradi.
Yoki, shunchaki rahbariyat ishchilarning mehnatini qadrlamasligi ham shuncha ter to‘kkaningizni bekorga aylantirishi mumkin.
Jamoada ishlash
Hamkasblarga yordam berish, do‘stona munosabat eng yaxshi fazilatlardan bo‘lsa-da, hammada bu xarakter bo‘lishi haqiqatdan uzoqda. Hasad, raqobat va kelishmovchiliklar jamoa dinamikasini murakkablashtiradi. Shunday odamlar ham borki, siz tashabbuskorlik ko‘rsatib, o‘z vazifalaringizdan tashqari narsalar ustida ham ishlasangiz, bu o‘ziga aytilgan ishni qilmayapti deb menejerga chaqib beradi. Ana xolos!
“Performace review” lardagi subyektivlik
“Performace review”lar xuddi ish suhbatiga o‘xshaydi. Go‘yoki siz menejeringizga nega sizni ishdan haydamasliklari kerakligini keltirib berishingiz kerakdek! Ba’zida ko‘p muhim proyektlar ustida ishlamasangiz, o‘zingizni hech narsa qilmagandek his qilasiz. Ba’zida esa katta proyekt ustida ishlab turib o‘zingiz qo‘shgan hissangiz qanchaligini bilmaysiz.
Soft-skills haqida gapirgandim-a? Sizni baholayotgan odam, menejeringiz, ko‘pincha sizning har bir qilgan ishingizni sinchiklab ko‘rikdan o‘tkazmaydi. Atrofingizdagilarda feedback so‘raydi va o‘zingizni eshitadi. Agar shu vaziyatda siz qilgan ishingizning qiymatini “himoyalay” olmas ekansiz, sizning darajangizni oshirishmaydi. Nari borsa “met the expectations” deb yozishadi.
Cheklangan imkoniyatlar
Tepdagi mavzuni davom ettiradigan bo‘lsak, “performance review”larda sizni belgilangan kriteriyalar bo‘yicha baholab chiqishadi.
Masalan, middle darajadan senior’ga o‘tish uchun stajyor yoki junior’ga mentorlik qilish kriteriyasi bor deylik. Agar kompaniyada bittayam junior bo‘lmasa, stajirovka umuman yo‘q bo‘lsa, dardingni kimga aytasan?
Yoki, proyektning biron kattaroq qismi ustida ishlagan bo‘lishi kerak desa-yu, hech kim senga kattaroq vazifani ishonib topshirmagan bo‘lsa, beringlar deb so‘raganingda ham, aytilgan ishni qil deyishsa-chi?
Men bularni to‘qiyotganim yo‘q. Tajribamda va boshqalar tajribasida ko‘rganlarimdan olib yozyapman.
Tashqi omillar
Bu har narsa bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy inqirozdan tortib, o‘z sog‘lig‘ingizgacha bo‘lgan faktorlar sizning ishingizga katta ta’sir qiladi. Sizning 24/7 ishlaganingizni shu omillardan birginasi ham puchga aylantirib yuborishi hech gap emas!
Xulosa
Yuqoridagi ro‘yxatni xohlagancha davom ettirish mumkin. Men aytmoqchi bo‘lgan gap shuki, mulohaza qiling! Ishingiz uchun vaqtingizni, kuchingizni keragidan ortiq sarflashingizdan ma’no bormi? Tashkilotlar ko‘zida ishchilar har doim almashtirsa bo‘ladigan resurs, shuni unutmang.
Siz 24/7 ishlaysizmi, kompaniyangizga joningizni tikvorasizmi, oxir oqibatda foydaning ko‘pi (agar foyda chiqqan taqdirda) baribir kompaniya cho‘ntagiga tushadi, siznikiga emas! Bu achchiq haqiqat, lekin bor gap.