22 aprel – Butunjahon Yer kuni.

22 aprel – Butunjahon Yer kuni.



   Bugun 22-aprel “Xalqaro Butunjahon Yer kuni” munosabati bilan Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmalari, Namangan muhandislik-qurilish instituti bilan hamkorlikda bayram tadbirlari o‘tkazildi.

  Unda Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i S.Muxitdinov, Namangan muhandislik-qurilish instituti dekani texnika fanlari doktori, professor S.Razzaqov, “Bino va inshootlar” fakultetining 120 ortiq talabalari, kadastr xodimlari, Namangan teleradiokompaniyasi jurnalistlari, "Namangan haqiqati", "Namanganskaya pravda" gazetasi muxbirlari va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

  “Ushbu bayram Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida 2009 yil 22 aprel kuni qabul qilingan rezolyutsiyasi bilan taʼsis etilgan, va 2010 yil 22 aprel kunidan boshlab nishonlanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan har yilning 22 aprel kuni dunyoda «Butunjahon Yer kuni» xalqaro bayram sifatidan nishonlashdan maqsad, sayyoramizning ekotizimi, biologik xilma-xilligi, tabiati bilan yerda yashayotgan bashariyatning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari orasida adolatli muvozanat bo‘lishi kerakligini targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, insoniyat va yer sayyorasi o‘zaro uzviy hamohanglikda yashashining ahamiyatini har bir shaxs ongiga yetkazishni maqsad qilgan.” –dedi S.Muxitdinov tadbirdagi kirish so‘zida.


  “ Ayniqsa, butun sivilizatsiya uchun taalluqli xatarlarni yuzaga chiqayotgan hozirgi bir necha global muammolar sharoitida, xususan, iqlim o‘zgarishlari, pandemiya, o‘rmonlarning qisqarishi va cho‘llanish jarayonining tezlashuvi, muzliklarning erishi, noyob jonivorlarning qirilib ketayotgani va brakonyerlik avj olayotgani singari ko‘ndalang turgan masalalar qarshisida odamlarning ona sayyorani himoya qilish yo‘lida birdamligi g‘oyat muhimdir" - dedi texnika fanlari doktori, professor S.Razzaqov.

  Tadbirda Kadastr agentligining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i S. Muxitdinov institut talabalari bilan uchrashuvda, yoshlarni kadastr tizimiga ishga kirishlari uchun qo‘yiladigan talablar va sohaga oid 10 dan ortiq savollariga javob berdi.


Tadbir davomida "Yer–bizning yagona uyimiz" shiori ostida qiziqarli, yutuqli viktorina bo‘lib o‘tdi.


  Tabiatga ozor bermaslik, uning boyliklaridan va neʼmatlaridan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni asrash, jonivorlarga ziyon yetkazmaslik, ifloslantirmaslik, o‘z tevarak-atrofimizni pokiza tutish – bu har birimizning qo‘limizdan keladigan oddiy va lekin umumiy zamin manfaati uchun g‘oyat muhim bo‘lgan narsalardir. Bu bizning nafaqat o‘zimiz uchun, balki kelgusi avlodlar uchun ham qiladigan eng katta xizmatimiz bo‘ladi.


Matbuot xizmati.

Report Page