2023-yilgi rektorlar forumini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif qilindi

2023-yilgi rektorlar forumini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif qilindi


Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov Fransiya-Oʻzbekiston univesitetlari II forumi doirasida “Campus France” agentligi xalqaro tashkilotining bosh direktori Donatiyen Issard xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot avvalida keyingi paytda oliy taʼlim sohasidagi oʻzaro aloqalar ham jadal suratda kengayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Ikki tomonlama muzokarada vazir fransuz tilini oʻrganish hamkorlikdagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidlab, bugungi kunda Oʻzbekistonda 13 ta OTMda fransuz tili boʻyicha mutaxassis-kadrlar tayyorlash samarali yoʻlga qoʻyilganiga alohida toʻxtaldi. 

Oʻqituvchi va mutaxassislarimiz uchun Kampus Frans va Fransuz Alyansi tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan seminar va oʻquv kurslari yangi sanoat texnologiyalari, axborot va kompyuter tizimlari, tibbiyot hamda tibbiy taʼlim sohalarni rivojlantirishdagi Fransiya tajribasini oʻrganish uchun yaxshi imkoniyatdir, – dedi vazir.

Suhbatda Fransiyaga tashrif buyurgan Oʻzbekistonning bir qator oliy taʼlim muassasalari rektorlarining toʻqimachilik va dizayn, kimyoviy texnologiyalar, energetika, mashinasozlik, sanoat texnologiyalari, biotexnologiya, sugʻorish va suv resurslari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, farmakologiya, farmatsevtika sohalarida hamkorlik oʻrnatish takliflariga alohida eʼtibor qaratilayotgani aytildi.

Shuningdek, bu borada Oʻzbekiston fransiyalik oʻqituvchi va mutaxassislarni yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha qisqa va uzoq muddatli maʼruzalar, mahorat darslari, konferensiya va seminarlarga taklif qilishdan manfaatdor.

Bundan keyin ikki mamlakat universitetlari oʻzaro hamkorlik aloqalarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻlga qoʻyishda bugungi forum muhim ekani taʼkidlandi.

Muloqot yakunida Fransiya universitetlari bilan navbatdagi rektorlar forumini 2023-yilda Toshkentda oʻtkazish taklif qilindi.




Report Page