2022/2023-o‘quv yili magistratura qishki qabuli yuzasidan rasmiy bayonot

2022/2023-o‘quv yili magistratura qishki qabuli yuzasidan rasmiy bayonot

@eduuz

Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar, aziz talabalar!

Ma’lumki davlatimiz rahbarining qarori bilan bu yildan boshlab magistraturaga qabul yilda ikki marta – yoz va qishda amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Xabaringiz bor, kecha, 20-dekabrdan e’tiboran davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasi qishki qabuliga hujjatlar magistr.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilina boshlandi.

E’tiborlisi, faqatgina ushbu qabulda abituriyentlarga qo‘shimcha yengillik berilib, istisno tariqasida tanlovlarda xorijiy til bilishning barcha darajadagi sertifikatiga ega talabgorlar ham ishtirok etishiga ruxsat etildi.

Ammo, bu ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan noto‘g‘ri, xuddiki magistratura qabulida chet tillariga bo‘lgan talab yumshatildi degan ma’noda talqin qilinmoqda.

Shu o‘rinda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yana bir bor bu berilgan istisno, tizimdagi islohotlardan qaytish emas, balki talab va taklif hamda fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib abituriyentlarga berilgan qo‘shimcha imkoniyat ekanligini alohida eslatib o‘tadi.

E’tibor bering, bu qishki qabulda ham avvalgidek eng avvalo yuqori darajali til sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlarning o‘qishga kirishiga ustuvorlik beriladi. To‘lmay qolgan o‘rinlargagina xorijiy til bilishning barcha darajadagi sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar o‘qishga tavsiya etilishi mumkin. Bunda ular o‘qish davomida talab etilgan sertifikatlarni qo‘lga kiritishi lozim bo‘ladi. Aks holda, yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat etilmaydi.

Eslatma o‘rnida, ushbu istisno Davlat qabul komissiyasi tomonidan faqatgina joriy yil magistratura qishgi qabuli uchun tadbiq etilmoqda.

Raqamlarga e’tiboringizni qaratamiz. 2021-yilgi qabulda xorijiy til sertifikatiga ega talabgorlar soni 768 tani tashkil etgan. Prezident qarori talablari asosida 2022-yilning yozgi qabulida tashkil etilgan tanlovda 4 578 nafar xorijiy til sertifikatiga ega abituriyent qatnashdi. O‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bir yilni o‘zida sertifikatlilar soni 6,2 barobarga ortdi. Prognozlarga ko‘ra, qishki qabulda ham talabgorlar soni yana oshishi kutilmoqda. Bunday xulosa qilishimizga kecha, 20-dekabrda boshlangan magistratura qishki qabuliga bir kunda 1800 nafarga yaqin talabgor hujjat topshirishi asos bo‘la oladi.

Hujjatlar qabuli 10-yanvarga qadar davom etishini inobatga olsak, yuqoridagi yengillik talabgorlar sonining ortishiga zamin yaratmoqda.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Mo‘min Ibodov,
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati rahbari

Report Page