2022-2023-o‘quv yili bitiruvchilarining OTMga kirish darajasi va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar
Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Matbuot xizmatiMaktab taʼlimi yurtimizda har qachon eng ahamiyatli yoʼnalishlardan biri boʼlib kelgan. Oʼquvchi yoshlarga keng sharoitlar yaratish, zamonaviy texnologiyalar asosida bilim berish bugunning ham muhim talabi boʼlib qolmoqda.
2022-2023-o‘quv yilida Surxondaryo maktablarini tamomlagan jami 33 ming 28 nafar
11-sinf bitiruvchilaridan 8 ming 542 nafari (27,8 foiz) O‘zbekistondagi OTMga talabalikka tavsiya etildi. Quvonarlisi, o’quvchilarimizning 274 nafari muddatidan ilgari talaba bo’lishdi. Bu ko‘rsatkich 2021-2022-o‘quv yiliga nisbatan 3,8 foizga oshishiga erishildi.
Viloyatda jami 974 ta taʼlim muassasasi, xususan, 944 ta umumtaʼlim maktabi, 7 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 4 ta maxsus maktab, 2 ta sanatoriya tipidagi maktab, 1 ta malaka oshirish markazi va 16 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, shuningdek, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida 16 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda 1 ta Prezident maktabi faoliyat yuritib kelmoqda.
Maktablarining 96 tasida qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlandi. Jumladan, 61 ta ogʼir toifadagi maktabda mukammal taʼmirlash, investitsiya dasturiga asosan 2 ta yangi maktab qurish, 33 ta maktabni rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi. Shu qatorda viloyat rahbari tashabbusi bilan 287 ta maktabning atrofini oʼrash, qator taʼlim muassasalarining hojatxonalarini zamonaviy koʼrinishga keltirish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, viloyat budjetidan 429 ta maktablarni taʼmirlash uchun jami 11 mlrd 195 million soʼm mablagʼ ajratildi. Shundan 1 mlrd 756 million soʼm maktablar oʼquv binosining ichki va tashqi yoritish tizimi uchun kerakli mahsulotlarga, 8 mlrd 333 mln soʼm oʼquv binosining pol qismi uchun kerak boʼladigan mahsulotlarga, 1 mlrd 106 million soʼm oʼquv binosining ichki va tashqi fasadi uchun kerak boʼladigan mahsulotlarga yoʼnaltirildi.
Maʼlumot oʼrnida, Termiz shahrida 3 ta, Аngor tumanida 3 ta, Bandixon tumanida
18 ta, Boysun tumanida 25 ta, Denov tumanida 54 ta, Jarqoʼrgʼon tumanida 16 ta, Qiziriq tumanida 42 ta, Qumqoʼrgʼon tumanida 31 ta, Muzrabot tumanida 32 ta, Oltinsoy tumanida 45 ta, Sariosiyo tumanida 51 ta, Termiz tumanida 5 ta, Uzun tumanida 30 ta, Sherobod tumanida 46 ta hamda Shoʼrchi tumanida 28 ta maktablar mazkur tashabbus doirasida taʼmirlandi.
Joriy oʼquv yilida viloyatimizdagi maktablarga 62 ming 956 nafar oʼgʼil-qizlar 1-sinfga qabul qilindi. Ularga 12 nomdagi oʼquv qurollaridan iborat 62 ming 956 dona "Prezident sovgʼalari" toʼliq yetkazib berildi.