20% moliyaviy erkin inson

20% moliyaviy erkin inson

Bek Olimjon


Agar bu kanalda kuzatuvchi bo’lsangiz balki xabaringiz bor. Moliyaviy erkinlik muhimligi haqida yozaman. Bunga erishishga faol harakat ham qilaman. Moliyaviy erkinlikning dastlabki qadami sifatida 5 kunlik ish kunini 4 kunlik ish kuniga aylantirganim haqida yozgan edim. Avvallari haftasiga 5 kun ishlab, 2 kun (shanba-yakshanba) dam olish imkoni bo’lgan bo’lsa, endilikda juma-shanba-yakshanba ishlamaslik imkoniyati nasib etdi. 


20% moliyaviy erkin nima degani? 

Bu post mening (20% moliyaviy erkin inson sifatida) oxirgi dam olish kunlarim qanday o’tganligi haqida. Nega 20%? Agar men moliyaviy holatim sabab umrimda yana biror kun ishlashga majbur bo’lmaslik darajasiga erishsam unda 100% moliyaviy erkin insonga aylangan bo’laman. Hozirda bu ko’rsatkich 20%. Ya’ni endi butun umr davomida 100% (5 kun) emas, 80% (4 kun) ishlasam ham bir xil darajadagi hayot standartini ushlab tura olaman.


Oxirgi 3 kun ichida nimalar qilganim(iz) haqida, rasm va videolar bilan. 

Suv rasmlarini ko’rib zerikib ketmasangiz bo’lgani. Hozir ham ayvonda yoz yomg'irini shitirlashini eshitib issiq shokolad ichib yozyapman bu postni :)

Payshanba kuni ishga soat 7 da ketdim, 8 dan 5 gacha bemor qabul qildim, 5 dan 6 gacha biznes uchrashuv, so’ng uyga qaytdim. Dam olish kunlarini do’stim bilan o’tkazishga kelishgan edik. U Stockholmda yashaydi, Toshkentda Avtadarojni tugatgan. 

Stockholmdan uyimgacha 7 soatlik yo’l. U ishidan chiqib kelishini aytdi, soat kechki 10 larga. Osh pishirdim. Uyda go’sht qolmagan ekan, uyatga buyurish yo’q 😁


Ertasiga yaxshi dam olib, ertaman tashqarida o'tirib hotirjam kofeni ichdik. Shvetsiya migratsiya siyosati, farzandlar ta'limi, qadriyatlar mavzularida suhbatlashdik. Keyin men qo'l bola qili ispancha tuxum quymoq tayyorladim. Zo'r ketdi.

Keyin ko’lga bordik. Kayaklarni mashinaga yuklab. Do’stim dengizda kayakda yurishda ancha tajribasi bor. Stockholmdagi eng katta kayak klubi doimiy a’zosi. U bilan qo’rqmasdan uzoqroq muddatli sayohatga chiqsa bo’ladi. 

Uyim yaqinidagi ko’lga bordik. Boshlanishiga aniq bir rejamiz yo’q edi. Shunchaki suvga tushdik, bir muddat laqillab aylanib yurdik. 


Ko’l uzunasiga 19km dan uzoqroq masofaga ega. Shu ko’lni boshiga boramizmi degan taklif bilan chiqdim. Do’stim bir oz skeptikroq tuyuldi, lekin bo’sh kelgisi kelmadi va ketdik dedi. 

Yo’lda to’xtab tanaffus qiladigan joy haqida kelishdik. Taxminan 6 km yurgandan keyin tanaffus qilib ovqatlanadigan joyga to'tadik. O’zimiz bilan ovqat, choy, kofe, shokolad, suv, quyosh krem, sochiq va pichoq kabi kerakli narsalarni olganmiz.

Osh qilsam ko'proq qilaman. Musofir talabaga odat bo'lib qolgan. Ko'proq bo'lsa yana bir-ikki kun yeyish mumkin. Men musiqa deyarli eshitmayman, lekin do'stim bolaligidagi qo'shiqlarni yaxshi ko'radi. Sherali, Bahodir, Xurshid deysizmi. Tohirchani boshqacha maza qilib eshitadi.



Davom etdik. Ancha yurdik. Kenglik va bepayonlikda inson masofani baholashda yanglishishi oson. Chunki har kuni ko'rib o'rganmaganmiz. Ammo biz hech qayerga shoshilganimiz yo'q. Tabiatdan bahra olib, chiroyli ekanligini ichimizga sig'dira olmay, yaratgan mo'jizalariga qayta-qayta guvoh bo'lib sayohatni davom ettirdik.


Norvegiya tabiati go'zal. Ammo uni hurmat qilish zarur. O'z qudratini soniyalar davomida ko'rsatib qo'yishga, sizni qanchalik kuchsiz ekanligingizni ko'rsatib qo'yishga qodir.

Manzilimizga 2 km cha masofa qolganda tinch turgan ko'l ustidan birdaniga shamol kela boshladi. To'lqinlar ko'payishni, tez va baland bo'lishni boshladi. Birdaniga turgan, kutilmagan, ob-havo ma'lumotlarida berilmagan shamol sabab chetga chiqishga qaror qildik. Chetda bir-ikkita odamlar yurgan, plyajga o'xshagan joy bor edi. O'sha yerga bordik. Bir qiz vaziyatimizni tushundi. Turishidan yordam berishga tayyor edi. Chetga chiqdik. Shamol haqida, ko'l haqida bir oz gaplashdik. Vaziyatimiz yaxshi ekanligiga ishonch hosil qilganidan keyin ishi borligi va unga qaytishi kerakligini aytdi.

Qarasam futbolkasi orqasida "Norvegiya ko'rlar jamiyati" logosi turipti. Kasbim sabab ko'rlar jamiyati bilan yaqindan ishlaymiz. U haqida so'radim. Aytishi bo'yicha biz ana shu jamiyat eng katta binosi, lagerlar uyushtiradigan joyiga kelib to'xtagan ekanmiz. Men o'zimni tanishtirib, kasbim ko'z doktori ekanligini aytdim. Biroz gaplashdik yana. U qiz ichkariga kirib ketdi va birozdan keyin boshqa bir ayol chiqib keldi. Qarasam biz bilan hamkorlikda ishlaydigan Miya ismli ayol. Atrofdan gaplashdik. O'sha kuni keratokonus kasalligiga duchor bo'lgan bemorlar uchun seminar o'tkazishayotgan ekan. Ertasi kuni butun davlatdan ko'zi ojiz bolalar uchun lagerga tayyorgarlik ko'rishayotgan ekan. Kofe, suv va tort olib chiqdi haligi qiz.


Shamol sal pastladi. Miya va hamkasblariga rahmat aytib, qullug'imizni qilib davom etdik. Manzilga yetib keldik. Jami 21,5km masofa bosib o'tipmiz. Yomon emas. Manzilga borishdan oldin bir do'stimga tel qilib bizni olib ketishini iltimos qildik. Uyga soat kechki 10 da keldik. Ozgina shokolad yeyildi. Oshni qolgani urildi :)


Shanba nonushtadan keyin uydan uncha uzoq bo'lmagan Mjøsa degan ko'lga borishga qaror qildik. Bu safar kayakda emas, shunchaki cho'milishga. Cho'miladigan joyga borib, yana bittadan kofeni ichib, laqillab, cho'milib ortga qaytdik.


Norvegiya haydovchi va yo'lovchilar uchun jamoat hojatxonalariga boshqacha e'tibor bilan qaraydi. Tabiati zo'r tomonga qaratib ajoyib dizaynli hojatxonalar quradi. Mana bu ana shunday hojatxonalardan biri (foydalanish tekin). Ko'z quvnaydi hojatxonani ko'rib :)

Uyga qaytdik. Yo'l-yo'lakay mahallamizdagi turk qardosh Bulut abiy do'koniga kirib Yunoniston tarvuzidan, Arabiston xurmosidan, Bolgariya pomidoridan, Shvetsiya kartoshkasidan oldik. Kartoshga qovurib yegimiz keldi. Tezroq bo'ladi dedik. Do'stim telefonda ishini bitirgunicha ovqat ham tayyor bo'ldi.

Tarvuzni rasmga olish esdan chiqipdi :)

Kun issiq, yana ko'lga cho'milgani bordik va kechga yaqin baliq oviga boramiz dedik. Muzdek ko'lda cho'milishku o'ziga yarasha maza, lekin baliq ovlash boshqacha baribir. Negadir menga shu baliq ovlash bolalikdan yoqadi. Qishloqda uyimiz oldidan ariq o'tar edi. Shunda o'zim qarmoq yasab baliq tutar edik. Mahalladagi bolalar bilan to'rda baliq ushlar edik. Mayda bolalachalari chiqsa "otangni boshlab chiq!" deb qo'yib yuborardik bir tuflab :)


Baliq ovlagani odamlar kam boradigan, tashqi dunyodan uzoq bo'lgan tabiat yaxshi. O'rmon ichidagi bir joyga bordik. Hech qanday texnika ovozi yo'q. Faqat qushlar sayragani, baliq sakragani, chivin chingillagani ovozi eshitiladi xolos. Chivin kelmasligi uchun pissillaq dorisidan qo'limizga, boshimizga, kiyimlarga sepdik va qarmoqlarni tayyorlab suvga otdik. Ana hotirjamlik.



Shimol davlatlarida baliq ovlash uchun, umuman ov qilish uchun alohida ko'nikmalar kerak. Bilimini o'qish kerak, o'rganish kerak. Kurslarga borib o'rganish faqat foyda. Men haligacha shu qarmoqni yaxshi ishlatishni o'rgana olganim yo'q.

Videoni ovozini ko'tarib ko'rish tavsiya etiladi :)


3 soatcha baliq ovladik. 8 tacha tutdik, 6 tasini qo'yib yubordik. Qoida bo'yicha aynan biz tutgan baliq turini 25 cm dan kichkinasi chiqsa qo'yib yuborish zarur. Undan kattasini uyga olib ketsa bo'ladi. Bunga sabab baliqlarni qirilib ketmasligini, tabiiy muvozanatni saqlab turishni ta'minlash. Baliq kamaysa chivin ko'payadi, u ko'paysa yana nimadir kamayadi va hokazo. Aslida kimdir kelib tekshirmaydi. Mahalliy ovchilar jamiyati vakili juda kamdan-kam hollardagina tekshirib qolishi mumkin. Shunday bo'lsada tabiatdan men ham, qolganlar ham, kerak bo'lsa bolalarim ham foydalana olishi uchun qoidalarga amal qilamiz. Xullas hech kim muammo sifatida ko'rmaydi buni.


Ovqatbop 2 ta baliq bo'ldi. Ichiga limon suvi, tuz, ukrop, zira, kashnich maydalanganini solib, tushlikdagi kartoshka ovqatdan qolgan yog'da qovurdim. Kartoshkadan ham 4-5 ta qolgan ekan. Juda tekis ketdi. Do'stim aytishicha biz tutgan baliqlarni do'kondagi baliqdan farqi katta emish. Qandaydir so'li ko'p, mazasi shirinroq emish. Men bilmasam buni :)



Do'stim ismi Abbos, Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidan. Qishloqda katta bo'lgan. Toshkentda avtadarojni tugatgan. Ingliz tili o'rgangan. Bundan 11 yil avval imkoniyat Shvetsiyada PhD uchun imkoniyat chiqqanda shartta ushlagan imkoniyatni.

Shvetsiya qirollik texnologiya institutida doktorantura tamomlagan. Hozir Scania avtozavodida katta yuk mashinalarni dizayni bilan ishlaydi. Adashmasam o'sha zavod 2022 yillik oboroti 16 milyard dollar bo'ldi.

Abbos asosiy ishidan bo'sh vaqtida shved-o'zbek-shved tarjimoni bo'lib ishlaydi. U Shvetsiya davlati tomonidan rasman tan olingan va litsenziya berilgan yagona o'zbek tarjimoni hisoblanadi.

Qandaydir alohida talantga ega emas. Ingliz tilini ham, shved tilini ham yoshi katta bo'lganida o'rgangan. Oddiy maktabda o'qigan. IELTSdan ham unday zo'r bal olmagan. Qolgan ko'pchilikdan asosiy farqi uni oldida paydo bo'lgan imkoniyatlarga pessimistik nazar bilan qaramaydigan inson. Qilib ko'rish kerak, yutqazadigan narsamiz yo'q, o'xshasa zo'r, agar o'xshamasa tajriba bo'ladi, o'rganganimiz qoladi deydigan inson.

O'zi avtozavodda ishlasada, yangi mashina olmagan hali, yoshiga to'lgan, 7 kishilik qora BMW haydab yuradi. Endi uni necha foiz moliyaviy erkin ekanligi alohida mavzu :)


Nasib bo'lsa yanagi hafta yana bir do'stim bilan sayohatimiz bor. Unisi suvda emas.

Hammaga salomatlik tilab,

Bek Olimjon
18.06.2023
Norvegiya































































































































































































Report Page