«20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturi Buxoroda ham o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda
Buxoro viloyat soliq boshqarmasi hamda hududlardagi soliq inspeksiyalari hamkorligida viloyatda xususiy tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan yurtdoshlarimizni tadbirkorlikka yanada kengroq jalb qilish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tashkiliy hamda moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturi doirasida joylarda korxonalar faoliyati o‘rganilib, korxonalarni ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish choralari ko‘rilayapti.
Bu esa o‘z navbatida hududlarda ishsizlikka barham berilib, ko‘plab muammolarga yechim topilmoqda.
Kogon tumanidan dasturga kiritilib, soliqlardan alohida imtiyozlarga ega bo‘lgan “Siyovush Tekstil Buxoro” korxonasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Aytib o‘tish kerak, ushbu korxona O‘rta Osiyoda yagona sanaladi. Korxonada Germaniya hamda Turkiyadan keltirilgan zamonaviy dastgohlar yordamida yiliga 40 ming tonna akril ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarish nazarda tutilgan. Hozircha 600 ta ishchi o‘rni, yil yakuni bilan esa yana 120 aholi bandligi ta’minlanadi. Jamiyatning yillik eksport quvvati 6,2 mln.dollarni tashkil qilib, mahsulotlar Yevropa davlatlariga yo‘naltiriladi.
Ta’kidlash lozim, mamlakatimizda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan e’tibor mahsuli sanalgan korxona faoliyati natijasida 4,5 mlrd. so‘mlik byudjetga qo‘shimcha tushumlar tushishi ta’minlanadi. Bu o‘z navbatida viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishiga ham zamin yaratadi.
Buxoro viloyati soliq boshqarmasi
Matbuot xizmati.