1800 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv laboratoriya binosi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi

1800 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv laboratoriya binosi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi

@eduuz

Ma’lumki, oxirgi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, talabalarning zamonaviy, puxta bilim olishi uchun ko‘plab talabalar turar-joylari qurilishi, zamon talablariga mos o‘quv laboratoriyalari barpo etilishi, albatta yangi imkoniyatlarni yaratib bermoqda.

Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qoraqalpoq davlat universitetining yangi 4 va 6 qavatdan iborat 1800 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv laboratoriya binosi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

 “Kelgusi yil bu yerda zamonaviy ko‘rinishga ega o‘quv laboratoriyasi talabalar uchun foydalanishga topshiriladi. O‘ylaymanki, talabalar ham yaratilayotgan sharoitni qadriga yetib, o‘z iqtidor va salohiyatlari bilan yurtimiz rivojiga hissa qo‘shadilar”, – dedi vazir.

Ma’lumot o‘rnida, binoning birinchi qavatidan GIS texnologiyalari, kimyo-texnologiya, kimyo, qurilish yo‘nalishlariga moslashtirilgan zamonaviy ilmiy tadqiqot laboratoriyasi o‘rin oladi. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qavatlarda o‘quv auditoriyalari, kompyuter xonasi, kutubxonalar joylashsa, 5-6-qavatlardan dekanat, kafedra mudiri va o‘qituvchilar xonalari joy oladi.

Qurilish ishlari uchun universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qariyb 64 mlrd so‘m ajratilib, bino zamonaviy arxitektura shaharsozlik talablari asosida, o‘quv laboratoriya xonalari esa eng so‘nggi texnika hamda asbob-uskunalar bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.

Binoni qurishdek mas’uliyatli mehnat “KO‘CHMA KOLONNA 017” MChJning tajribali quruvchilariga ishonib topshirildi. 

Hozirda ta’lim muassasasida 34 ta o‘quv laboratoriya hamda 1 ta ilmiy tadqiqot laboratoriyasi mavjud. Jumladan, 2021 yilning sentabr oyida qiymati 2,5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan “Bioekologik tadqiqotlar” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshladi.

Bugungi kunda soha ixtisosligi bo‘yicha universitet yosh olimlari, doktorantlar, tayanch doktorantlar, stajor-tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilar mazkur laboratoriya imkoniyatlaridan keng foydalangan holda Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga doir samarali ilmiy tadqiqotlarni olib bormoqda.

Report Page