14 TA XONADONDA "AQLLI" HISOBLAGICH O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN YECHIB OLINGAN

14 TA XONADONDA "AQLLI" HISOBLAGICH O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN YECHIB OLINGAN

 

Ma’lumki, respublikamizda tabiiy gaz iste’molining aniq hisobini yuritish, inson omilini qisqartirish orqali shaffoflikni ta’minlash, debitor qarzdorlikni kamaytirish va bu boradagi muammolarni bartaraf qilish maqsadida avtomatlashtirilgan tizim joriy etildi. Ya’ni, tabiiy gazdan foydalanadigan aholi xonadonlariga "Hududgazta’minot" aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan "aqlli" hisoblagichlar o‘rnatilmoqda.

Ayni kunga qadar Navoiy viloyatida 106 923 ta hisoblagich o‘rnatib bo‘lindi va undan foydalanish, hisoblagichga tashqi ta’sir yetkazish mumkin emasligi borasida muntazam ravishda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramay, ba’zi iste’molchilar orasida iste’mol qilingan "zangori" yoqilg‘i uchun o‘z vaqtida to‘lov qilish o‘rniga o‘zboshimchalik bilan uni yechib qo‘yish, tabiiy gazdan noqonuniy yo‘l bilan foydalanish holatlari aniqlanmoqda.    

Aytish kerak, "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filialining jismoniy shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berishni nazorat qilish bo‘limi xodimlari tomonidan muntazam ravishda "veb billing" dasturi orqali viloyat aholisining kunlik iste’mol qiladigan tabiiy gaz hajmlari tahlili olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning yanvar oyida ushbu dasturga "0" ko‘rsatkich yuborayotgan hisoblagichlar tahlil qilinib, joylarga chiqib o‘rganilganda, viloyat bo‘yicha 14 ta aholi xonadonlarida "aqlli" gaz hisoblagichlar iste’molchilar tomonidan o‘zboshimchalik bilan yechib qo‘yilib, rezina shlang orqali tabiiy gaz iste’mol qilinayotganligi aniqlandi.

Soha xodimlari tomonidan o‘sha vaqtning o‘zida ushbu xonadonlardagi gaz ta’minoti tarmoqdan uzilib, tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.

Mazkur qoidabuzarlik holatlarining 5 tasi Qiziltepa, 6 tasi Karmana va 3 tasi Xatirchi tumani hududiga to‘g‘ri keladi.
Tahlil qiladigan bo‘lsak, ushbu holatlar sabab 38 418 metr kub gaz o‘zboshimchalik bilan sarf qilingan va oqibatda ta’minot korxonasi jami 14 million 598 mingdan ortiq moddiy zarar ko‘rgan.

Ushbu holatlarni tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilish uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.   

 

"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati


Report Page