ᅠᅠ

ᅠᅠ

Marhamah Study

Margulan Seysembayevning muvaffaqiyat tarixi. I - qism
Oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari orqali Qozog‘istonlik biznesmen, investor, «Seimar Social Fund» notijorat xayriya fondining va Buyuk Britaniyaning «Haileybury School Almaty» shaxsiy maktabini Qozog‘istondagi taʼsischisi, “AlmaU” Olma- Ota menedjmentlik universitetining homiysi Margulan Kaliyevich Seysembayev haqida ko‘p eshitmoqdamiz. Aslida Margulan Seysembayev o‘zi kim? Qayerda tug‘ilgan? Qanday qilib katta muvaffaqiyatlarga erishgan? Biznesni boshlash arafasida turgan yoshlar undan nimani o‘rgansa bo‘ladi? Biz sizga Margulan Seysembayevning  fikrlari, dunyo qarashi va muvaffaqiyat tarixi haqida hikoya qilishga qaror qildik.
Bolalik yillar.
Margulan Seysembayev 1966 yili 2 noyabr kunida Qozog‘istonning Jezkazgan viloyatida tug‘ilgan. Otasi agronom bo‘lgan. Uning otasi mehnat faoliyati davomida Jezkazgan viloyatidagi bir necha sovxozda mehnat qilgan. Shuning uchun Margulan bir necha o‘rta maktabda qozoq va rus tillarida o‘qishga majbur bo‘lgan. Margulan uchun o‘quv dargohlarini tez- tez o‘zgartirish, endigina do‘st bo‘lib qolgan sinfdoshlar bilan ajralish, o‘qituvchilarni o‘zgarishi o‘ziga yarasha qiyinchiliklar uyg‘otgan. Ammo, bu holatning ijobiy tomoni ham bo‘lgan. Margulan qozoq va rus tillarida mukammal gaplasha oladigan, begonalar bilan tezda til topisha oladigan, kerak bo‘lsa o‘zi va do‘stlari uchun xar qanday qiyinchilikni yenga oladigan inson bo‘lib yetishdi.
Margulan o‘rta maktabni tugatib taxminan bir yarim yil sovxozda cho‘pon bo‘lib mehnat qildi. Albatta, qo‘ylarni boqish yosh yigitga qiyin bo‘lgan. Shunday kunlarning birida Margulan  bu dunyoga faqat yeb ichish uchun kelmaganligini tushundi. Cho‘ponlikni tashlab, otasini tashabbusi bilan asalarichilik bilan shug‘ullangan. 1987 yil ikki yil harbiy xizmatni o‘tab kelgandan so‘ng, ota- onasining maslahati bilan Qozog‘iston Davlat Universitetining huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirdi.
Margulan o‘qish davrida mustaqil ravishda ingliz tilini o‘rganishni niyat qildi. Buning uchun u 10 000 so‘zdan iborat qozoqcha-inglizcha lug‘at kitobni qo‘liga bog‘lab o‘qib yurdi. Qo‘lida bog‘langan kitobni ovqatlanganda ham, yuvinganda ham, uxlaganda ham yechmagan. Taxminan ikki yil o‘tib ingliz tilida mukammal gaplasha oladigan bo‘lganidan keyin qo‘lida bog‘langan kitobni yechgan.
Biznesni boshlanishi.
Oliygohni aʼlo bahoga tugatgandan so‘ng biznes bilan shug‘ullanishga qaror qildi va “Seymar kommersiya” kompaniyasiga asos soldi. Biznes sohasida birinchi ishini mebel olib sotish bilan boshladi. Buning uchun kreditni Germaniya bankidan olgan. Bu bank Qozog‘istonda istiqomat qiluvchi nemis millatiga mansub shaxslarga imtiyozli kredit bergan. Margulan rahbarligidagi “Seymar kommersiya” kompaniyasi xodimlaridan biri nemis millatiga mansub edi. Bankdan olingan pulga mebel ishlab chiqaruvchi korxonalardan katta miqdorda stol va stul xarid qilib, endigina biznes boshlashni niyat qilgan o‘ziga o‘xshagan tadbirkorlarga sotib birinchi moddiy foydasini oldi. 
Margulanning biznesdagi navbatdagi rejasi Qozog‘istonda yetishtirilgan bo‘g‘doyni MDX davlatlariga sotish bo‘lgan. Shu tariqa faoliyat olib borgan Seysembayev 28 yoshda to‘lganda 13 million dollarlik sarmoyaga ega bo‘ldi.
Margulan Seysembayev mebel va bo‘g‘doy bilan shug‘ullanishdan tashqari o‘z biznes yo‘nalishlarini kengaytirib telekommunikatsiya, bank, brokerlik, qurilish, qishloq -xo‘jaligi, oziq-ovqat, ko‘mir, gaz, neft va boshqa sohalarda ham faoliyat olib bordi.
 Bir necha yildan keyin uning sarmoyasi 6 milliard dollardan oshdi. Margulan 70 million dollarga xarid qilgan shaxsiy axtaga, 1 dona samolyot, 3 dona vertolyot, tan soqchilar va ko‘plab xizmatchilarga ega bo‘ldi. Shunday kunlarning birida Margulan o‘ziga savol berdi, bunday hashamatli hayot nimaga kerak? Ko‘p o‘ylab o‘tirmasdan hashamatli hayotdan voz kechishga qaror qildi.
U Moskva shahrining Arbat ko‘chasida tinchgina yolg‘iz o‘zi hech narsadan qo‘rqmasdan aylanib yurishni va oila aʼzolari bilan o‘zining uyida tinchgina istiqomat qilishni niyat qildi.
Margulan Seysembayev katta muvaffaqiyatlar erishishi silliq bo‘lmagan. Unga qarshi taʼziqlar, qo‘rqitishlar bo‘lgan hattoki ishongan hamkori tomonidan uni hayotiga suiqasd uyushtirilgan.
 2009 yil unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha 5 milliard 800 million dollarga teng sarmoyasi davlat tomonidan olib qo‘yilgan. O‘zi esa Qozog‘iston hududini tark etishga majbur bo‘lgan.
Bundan tashqari Shveysariya, Lixtenshteyn, London va Dubay huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Interpol tomonidan qidiruv eʼlon qilindi.
 Margulan katta muammolarga duch keldi. Nima bo‘lganda ham u o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Uning taʼkidlashicha, bunday qiyin vaqtlarda o‘zining imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qildi. asosiysi u sog‘lom va ozodlikda ekanligini tezda tushundi. Margulan kurashdi va o‘zini aybsiz ekanligini isbotladi. 2016 yilga kelib unga nisbatan qo‘zg‘atilgan barcha jinoiy ishlar jinoyat tartibi yo‘qligi sababli harakatdan to‘xtatildi.
U sarmoyasiz qoldi. Shu davrda, Margulanni taʼkidlashicha Alloh unga 130 million dollar berdi. Bu pul Margulanga tegishli mobil aloqa kompaniyasi sotilganidan qolgan pul edi. Hozirgi vaqtda Margulan Seysembayev Olma-Ota shahrida istiqomat qiladi. Asosan investitsiya bilan shug‘ullanadi.
Oilali, turmush o‘rtog‘i: Seysembayeva Saule Kairbayevna (26.01.1972-y.T.). Farzandlari: Zere (19.08.1992-y.T.), Dameli (23.11.2008-y.T.), Almira (23.11.2008-y.T.)
Margulan ov qilishni, tog‘da chang‘i uchishni, aviasportni, shaxmat va golf o‘ynashni yoqtiradi.
Margulan Seysembayevning maslahatlari.
Biznesni nimadan boshlash kerak?
Margulan Seysembayevning taʼkidlashicha biznes boshlashgan avval nima bilan shug‘ullanishni yoqtirishingizni aniqlab oling. Sevgan mashg‘ulotlaringizni ro‘yxatini tuzib chiqing. Keyin ro‘yxatdagi qaysi mashg‘ulotni yaxshi bajara olishingizni aniqlang. Unutmang! Odamlar sizga bekordan-bekorga pul to‘lamaydi. Ular sizga boshqalarga qaraganda yaxshiroq ishlab chiqargan mahsulotingiz yoki yaxshiroq ko‘rsatgan xizmatingiz uchun haq to‘laydi.
Har qanday biznes yo‘nalishni tanlashdan boshlanadi. Yaxshilab tahlil qiling sizning qobiliyatingiz qaysi sohani boshqalardan ko‘ra yaxshi bajarishga moyil.
Qaysi sport turi bilan shug‘ullanishni boshlashni o‘ylab turgan yosh bolani ko‘z oldingizga keltiring. Aytaylik bolaning bo‘yi uzun, qo‘llari jismonan baquvvat, kaftlari keng. Siz unga qaysi sport turi bilan shug‘ullanishni maslahat berasiz. Albatta suv bilan bog‘liq sport turi bilan. Chunki bu sport turi bilan shug‘ullanish uchun unda Alloh tomonidan berilgan ustunlik bor. Mana shu ustunligidan unumli foydalansa muvaffaqiyatga erisha oladi. Agar bola futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rsa, ammo yaxshi yugura olmasa, u qanday qilib muvaffaqiyatga erisha oladi.
Biznesni boshlashni niyat qilgan har bir inson o‘zini boshqalarga nisbatan ustun tomonini aniqlab olishi va shu ustunligidan samarali foydalanishi shart.
Keyingi bosqich- tanlagan biznesni o‘rganish. Buning uchun shu soha bilan shug‘ullanuvchi korxona yoki kompaniyaga yollanma ishchi sifatida ish boshlash afzal. Chunki, birinchidan siz hech qancha pul tikmaysiz, ikkinchi afzal tomoni shundaki, siz tekinda biznes bilan shug‘ullanishni o‘rganasiz. Hattoki mehnatingiz uchun ish haqqi ham olasiz. Boshqacha aytilsa tekinga universitetni tugatasiz. Yollanma ishchi sifatida mehnat qilish jarayonida siz na faqat oddiy ishchi sifatida malakangizni oshirib borishingiz, balki rahbar sifatida fikrlash, masʼuliyatni bo‘yniga olish va qaror qabul qilishni o‘rganishingiz kerak bo‘ladi. Maʼlum bir darajaga yetganingizdan keyin o‘zingiz mustaqil ravishda biznes boshlashingiz mumkin.
Biznes faoliyat.
Biznes bilan shug‘ullanish qandaydir ustunlik va tavakkalchiliklardan iboratdir. Biznesga muvaffaqiyatga erishish uchun inson o‘z oldiga aniq bir maqsad qo‘yishi kerak. Bu maqsadga erishish uchun avvalam bor baʼzi savollarga javob topishi kerak. Nima sababdan biznes bilan shug‘ullanmoqchisiz? Qanday natijaga erishmoqchisiz? Inson o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib maqsad belgilashi kerak. Margulan Seysembayevning fikricha aksariyat yosh biznesmenlarning asosiy muammosi shundaki, ularning istaklari imkoniyatlariga mos kelmaydi. Avvalam bor imkoniyatdan kelib chiqib o‘z oldiga maqsad qo‘yish kerak. Maqsad katta bo‘lishi shart emas.
Katta muvaffaqiyatga erishgan omadli va boy biznesmenlar mustaqil ravishda faoliyatini boshlash bosqichida o‘z oldiga kichik maqsadlar qo‘ygan va shu maqsadlarga erishish yo‘lida shoshmasdan, ammo, ishonch bilan muvaffaqiyat sari qadam tashlaganlar. 
Kichik maqsad-katta natija beradi. Har bir kichik maqsadga erishganingizdan so‘ng o‘zingizni rag‘batlantiring. Masalan; qandaydir maqsadga erishganingizdan keyin oila aʼzolaringiz bilan dam olib kelishni reja qiling yoki kuni bilan o‘zingizga yoqqan serial tomosha qiling.
Har bir kichik maqsadga erishish sizga qo‘shimcha kuch va g‘ayrat beradi, o‘zingizga bo‘lgan hurmat va ishonch ortadi. Kichik bir maqsadga erishganingizdan so‘ng, yangi maqsadlarni rejalashtiring va uni amalga oshirganingizdan keyin yana o‘zingizni rag‘batlantiring. Bu sizga odat bo‘lib qoladi.
  Unutmang! Muvaffaqiyatga erishish yon-atrofingizdagi insonlarga ham bog‘liq. Ular qanchalik kuchli, bilimli va omadli bo‘lsa, muvaffaqiyat ham shunchalik katta bo‘ladi. Shuning uchun ham siz kuchli, omadli va katta muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan ko‘proq muloqot qiling, ulardan o‘rganing, ular bilan do‘st bo‘lishga harakat qiling. Ularning biznesdagi va hayotiy tajribasi sizni qo‘pol xatolardan asraydi.
Harakatdan to‘xtamang.
Margulanning fikricha katta muvaffaqiyatga- o‘zini hurmat qilgan va o‘ziga ishongan inson erishadi. O‘zini hurmat qilgan inson katta maqsadlarga erishishni niyat qiladi va shu maqsadlarga erishishiga ishonchi bo‘ladi. Ishonch insonni harakat qilishiga undaydi. Muvaffaqiyatga erishgan insonlarning boshqalardan ajratib turadigan jihati, ular harakat qilishdan to‘xtamaganlar. Maqsadga erishish uchun bir necha bor urinib ko‘rganlar. Birinchi, ikkinchi va hattoki keyingi urinishlarda ham muvaffaqiyat kelmasa ham to‘xtab qolmaganlar. Yangi usul vosita va kuchlardan foydalanganlar. Unutmang! Moddiy foyda olib kelmagan urinish ham sizni nimagadir o‘rgatadi.
Margulan Seysembayev biznes boshlashni niyat qilgan yoshlarga savdo- sotiqdan boshlashni maslahat beradi. Buning uchun katta mablag‘ ham shart emas. Harakatni boshlang, yon atrofni kuzating, bozorda nimaga talab oshgan o‘rganing. Bu narsa mavsumga ham bog‘liq, aytaylik qish mavsumi yaqinlashmoqda, demak qishki kiyim, isitish moslamalari, yangi yil bayram sovg‘alariga talab oshadi. Buning uchun talab va ehtiyoj oshgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalardan xarid qiling va o‘z mijozingizni toping. Keyingi navbat bahor mavsumiga tayyorgarlik ko‘ring.
Muvaffaqiyat.
Margulanning fikricha biznes boshlagandan keyin muvaffaqiyatga erishish uchun avvalam bor to‘s-to‘polon biznes olamida omon qolish kerak. Omon qolish uchun zarur bo‘lmagan narsalar bilan shug‘ullanib vaqtingizni ketkazmasligingiz kerak. Faraz qiling o‘rmonda bir yigitning ortidan yirtqich hayvonlar quvlamoqda. Bu vaziyatda yigitning asosiy maqsadi omon qolish. Shuning uchun yigit oziq-ovqat va zaxira kiyimlari solingan sumkasini hamda tez yugurishiga xalaqit qilayotgan egnidagi baʼzi kiyimlarini yechib yuguradi va yirtqichlardan qochib daraxtga chiqib jon saqlab qoldi. U o‘z maqsadiga erishdi-omon qoldi. Ahamiyat berdingizmi omon qolish uchun keraksiz narsalardan voz kechdi.
Muvaffaqiyatga erishishning keyingi bosqichi-zaruriy bilim olish.  Margulanning fikricha zaruriy bilim olish bilan shug‘ullanmagan insonning ko‘p vaqti foydasiz narsalarni o‘rganish bilan o‘tadi. Bilim bo‘lmasa muvaffaqiyat kelmaydi. Hozirgi vaqtda biznes bilan shug‘ullanish uchun zaruriy bilim olish katta muammo emas. Ko‘plab kitoblar chop etilgan, biznes o‘rgatuvchi o‘quv markazlar faoliyat olib bormoqda, forumlar va seminarlar tashkil etilmoqda.
Keyingi bosqich o‘zlashtirgan bilimdan unumli foydalanish. Bilimingizdan foydalanmasangiz unda o‘rganishga ne hojat. Ko‘proq amaliyot bilan shug‘ullaning. shundagina bilimingiz ortidan katta qobiliyatga ega bo‘lasiz. Qobiliyatingiz sizga muvaffaqiyat olib keladi.
Seysembayevning taʼkidlashicha muvaffaqiyatga erishish quyidagi bosqichlardan iborat:
1. Biznes bilan shug‘ullanish uchun istak.
2. Motivatsiya.
3. Harakat.
4. Xato va kamchiliklarni yengib o‘tish.
5. Zaruriy bilimga ega bo‘lish.
6. Bilimni amaliyotga tatbiq etish.
7. Muvaffaqiyat.
Margulan Seysembayevning fikricha muvaffaqiyat – biznes faoliyatning samarali mahsuloti hisoblanadi. Muvaffaqiyat deganda albatta boy bo‘lishni tushunish kerak emas. Inson boy bo‘lishga emas, baxtli bo‘lishga harakat qilishi kerak. Aksariyat insonlar pul topib boy bo‘lish niyatida kechayu-kunduz mehnat qiladi. Oilasiga, yaqinlariga, do‘stlariga, qarindoshlariga vaqt ajratmaydi, sevgan mashg‘uloti bilan shug‘ullana olmaydi. Buning natijasida asablari ishdan chiqadi, surunkali kasallik orttiradi va natijada boy bo‘lish niyati amalga oshmaydi, aksincha, baxtsiz va omadsiz insonga aylanadi.
 Margulanning o‘zi boy bo‘lishga emas, baxtli bo‘lishga harakat qilgan. Uning fikricha, maqsadi baxtli hayot kechirish bo‘lgan insonga muvaffaqiyat albatta keladi. O‘zini baxtli inson deb hisoblaganlarning hammasi muvaffaqiyatga erishgan. Chunki muvaffaqiyatga erishish uchun aksariyat insonlarga kuch, vaqt, vosita, bilim yetishmasligi mumkin, ammo, baxtli bo‘lish uchun esa barcha zaruriy narsalar yetarli.
«Xatodan saboq olmaslik, katta xato». Margulan Seysembayev
Manba: Margulan Seysembayevning OAV xodimlari bilan suhbatlari.

Report Page