ᅠᅠ

ᅠᅠ

Marhamah Study

Rey Dalio «Mening prinsiplarim: hayot va ish» II-qism
Maqsadga erishish yo‘lida besh qadam.
1. Maqsadni aniqlash.
Inson har kunlik xohish va istaklarni ro‘yobga chiqaraman deb eng oliy maqsadini unutmasligi kerak. Reyning fikricha “maqsad” boshqa, “xohish” boshqa. Ularni bir- biridan farqini yaxshilab anglab olish kerak.
Maqsad – bu siz erishishmoqchi bo‘lgan narsa. Xohish esa baʼzida maqsadingizga erishishga to‘sqinlik qilishi mumkin. Masalan: Ozish bu- maqsad, shirinlik isteʼmol qilish bu maqsadga erishishga to‘sqinlik qiluvchi - xohish.
Maqsadni aniqlab olish -orzuni amalga oshirish uchun qo‘yilgan eng birinchi, eng kerakli va eng qiyin qadam. Chunki siz bu dunyoda nima uchun yashayotganingizni belgilab olishingiz kerak bo‘ladi. Bu jarayonda xuddi bir necha xil taom, shirinlik va mevalar bilan yasatilgan stol atrofida o‘tirgan insonga o‘xshaysiz. Siz o‘zingizga yoqqanini va o‘zingizga to‘g‘ri keladigan yeguliklarni meʼyorida isteʼmol qilishingiz kerak. Ko‘p yeyish zarar, kam yeyish qorinni to‘ydirmaydi. Demak maqsad ham amalga oshadigan meʼyorda bo‘lishi kerak.
Maqsadni aniqlash jarayonida, unga qanday usul va vositalar bilan erishishni o‘ylamang.
REY Dalio yangi maqsadini aniqlab olgan vaqtda, unga qanday usul va vositalar bilan erishish haqida tasavvurga ham ega bo‘lmagan. Ammo, REY hayotiy tajribadan kelib chiqib shu narsani aniq bilganki o‘z qaroriga qatʼiy turishi va vaziyatga moslashuvchanlik xislatlari maqsadga erishishiga ko‘mak beradi.
Tahlil uchun savollar:
• Yashashdan maqsadingiz?•. Eng asosiy maqsadingiz?.• Maqsadingizni to‘g‘ri tanlay olasizmi?• Maqsadingizni aniqlashda nima asos bo‘ldi?
2. Muammolarni aniqlash.
Maqsadingizni aniqlab bo‘lganingizdan keyin, unga erishish rejasini o‘ylab ko‘ring va maqsad yo‘lida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlab oling. Sizning fikringizga ko‘ra muammolar juda ko‘p ko‘rinsa ham, harakatdan to‘xtamang. Bu jarayonda sizga fikrlash, tahlil qilish va vaziyatga to‘g‘ri baho berish qobiliyati kerak bo‘ladi.
3. Muammolarni o‘rganish.
Bu jarayonda avvalam bor o‘zingizni zaif tomoningizga va kamchiliklaringizga ahamiyat bering. Shundan so‘ng vaziyatga va yon atrofingizdagi insonlarga to‘g‘ri baho berib 100 foizlik ijobiy natijaga erishish mumkin. Bu jarayonda siz kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarni ijobiy hal etishga tayyor bo‘lishingiz kerak.
4. Aniq vazifalar ko‘rsatilgan reja ishlab chiqish.
Reja- maqsadga erishish yo‘lida bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar to‘plami. Rejada kim, qachon va qanday vazifani bajarishi aniq ko‘rsatilishi kerak. Reja puxta bo‘lishi uchun tahlil qila olish qobiliyati kerak. Reja tuzish filmga ssenariya yozishdek. Ssenariya qanchalik kuchli bo‘lsa, film ham shunchalik ommabop bo‘ladi.
5. Rejani amalga oshirish.
Rejadagi vazifalarni bajarish uchun ijro intizomi talab etiladi. Qaysidir bosqichda qandaydir vazifani bajarishda qiyinchilik yuzaga kelsa, rejangizga o‘zgartirish kiriting, sheriklar yoki mutaxassislar jalb eting. Rejani bajarish jarayonida kunlik bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni aniqlab olish ijobiy samara beradi.
Unutmang! Muvaffaqiyatga erishgan insonlar rejalaridagi vazifalarni bajarish jarayonida vaqtdan, kuchdan, vositadan va usuldan samarali foydalanganlar. Bu bosqichda sizdan ijro intizomi va natija sari harakat talab etiladi. 
REY Dalioning jamoani boshqarish prinsipi.
1. Qanday qilib kuchli biznes-jamoani yaratish mumkin?
Har qanday jamoani (maktab, jamg‘arma, kompaniya va hattoki davlatni) muvaffaqiyatga erishishi uchun umumiy prinsiplari bo‘lishi kerak. Agar jamoani har bir aʼzosi umumiy prinsiplarga amal qilsa, yakuniy maqsadga erishish uchun chin dildan mehnat qiladi.
Ammo, bu hali hammasi emas, maqsadga erishish uchun jamoaga uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega yetakchi va o‘z kasbini mukammal o‘zlashtirgan mutaxassislar kerak.
 REY Dalio o‘zi rahbarlik qilgan jamoa ijobiy natijalarga erisha olmayotganligiga eʼtiborini qaratdi. Olib borilgan tahlil natijalari shuni namoyon etganki, vazifalar o‘z ishini mutaxassisi bo‘lmagan xodimlarga topshirilganligi sababli ijobiy natijaga erishilmagan. Shundan so‘ng, REY kompaniyasida xodimlar haqida to‘liq maʼlumot beruvchi, ularning kuchli va zaif tomonlari bayon etilgan «beysbol kartochkasi» tizimini joriy etdi. Tez kunlarda bu tizim o‘zini ijobiy natijasini berdi. Garvard universiteti xodimlari tomonidan Reyning «beysbol kartochkasi» tizimi chuqur o‘rganib chiqildi va juda samarali deb topildi.
Kuchli biznes -jamoa aʼzolari:
a) maqsadga erishish uchun bajarishi kerak bo‘lgan o‘z vazifalarini yaxshi biladilar;B) muammoli va bahsli vaziyatlarga mutaxassislarning fikriga quloq soladilar;V) yo‘l qo‘ygan xato va kamchilikni tan oladilar;g) xavfli tavakkalchilikka yo‘l qo‘ymaydilar;d) o‘z ishini doimo tahlil qilib oldinga intilish uchun harakat qiladilar. 
E) xodimlar orasidan ajralib turishga harakat qilmaydilar;j) masʼuliyatni o‘ziga oladilar;Z) qaror qabul qilinish jarayonida o‘z manfaatlarini ustun qo‘ymaydilar;i) jamoa rivojlanishiga to‘siq bo‘lmaydilar;k) jamoa maqsadiga erishishi uchun mehnatini ayamaydilar.
2. Xodimlarni tanlash prinsiplari:
- Xodimni ishga qabul qilish davrida ko‘proq uning maʼnaviy yetukligi va qobiliyatiga eʼtibor bering. Albatta, tajriba ham muhim, ammo undan ham muhimi umumiy maqsad yo‘lida jamoa prinsiplarini qo‘llab- quvvatlashi.
- Xodim tanlashga masʼul shaxs tayinlayotganingizda, shuni unutmangki, har qanday inson o‘ziga o‘xshashini tanlashga harakat qiladi. Agar sizga tashabbuskor, yangilikka intiluvchi va o‘zgacha fikrlovchi mutaxassis kerak bo‘lsa, xodim tanlashni shunday qobiliyati bor mutaxassisga topshiring yoki nomzod bilan suhbatni bir guruh masʼul shaxslar ishtirokida olib borishni yo‘lga qo‘ying.
- Suhbat jarayonida nomzod tomonidan berilayotgan javoblardan ko‘ra, ko‘proq uning savollariga ahamiyat bering. Aqlli va mantiqiy savol har qanday javobdan ustun.
- Nomzodlar orasidan ijobiy tomondan yaqqol ajralib turadiganlarni tanlang. Tajribasi bor, ammo, boshqa hech qanday qobiliyati yo‘q insonlarni ishga qabul qilmaganingiz maʼqul.
 - Maqsad bilan vazifani bir -biridan ajrata olmaydigan nomzodlarni ishga qabul qilmang. Buning uchun nomzodni hayotdagi eng oliy maqsadini va shu maqsadga erishish uchun nima ish qilganligini aniqlashga harakat qiling. Maqsadi yo‘q insonlar har kuni bajaradigan ishlari haqida gapirishdan chetga chiqa olmaydilar.
Menejmentlikning  beshta asosiy prinsipi:
1. Menejment - jamoa oldida qo‘yilgan maqsadga erishish uchun ishni to‘g‘ri tashkil etish va xodimlarni samarali boshqarish.
2. Maqsadga erishishni dastlabki bosqichiga xodimlaringiz bilan yaqindan hamkorlik qiling. Bilmagan yoki tushunmagan narsalarini o‘rgating. Farzandingizda velosipedda uchishni o‘rgatgan davringizni eslang, sizni qatʼiyatligingiz va qo‘llab -quvvatlashingiz farzandingizga velosipedda mustaqil uchishga kuch bergan.
3. Maqsadga erishish yo‘lida qo‘lga kiritilgan natijalarni doimo tahlil qiling. Agar qandaydir muammo yuzaga kelgan bo‘lsa, uni sabablarini aniqlang. Ushbu muammolar kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan xodimlarni nazorat qilishni kuchaytiring.
4. Buyruqbozlikka yo‘l qo‘ymang. Xodimlarga haddan tashqari ko‘p ko‘rsatmalar bermang. Sizning avtoritar boshqaruvingiz xodimlaringizni kasbiy o‘sishiga va tashabbuskorlik xislatlarini rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Xodimlar o‘z vakolati doirasida qo‘rqmasdan mustaqil qaror qabul qilishni o‘rgansin.
 5. Xodimlaringizni har biriga aniq vazifa bering. Masʼul shaxslar tayinlang. «Biz shu ishni bajarishga masʼulmiz», -deb emas, «Sen bu ishni bajarishga masʼulsan», -deb ayting. Shunda xodim masʼuliyatni his etadi.
Fikrlash usuli.
Qobiliyatli menejer har bir xodimni kuchli va zaif tomonini o‘rganib oladi. Bunday qobiliyatni doimiy ravishda rivojlantirish uchun avvalam bor fikrlash qobiliyatingizni oshiring.
Nobel mukofoti sohibi Rodjer Sperri taʼkidlashicha odamlar asosan ikki usulga fikrlaydilar: «chap tomon» va “o‘ng tomon” bilan.
• «Chap tomon» bilan fikrlovchi insonlarning tahlil qilish qobiliyati kuchli. Ular umumiy muammoni emas, alohida bir muammoni ko‘radilar va shu muammoni ijobiy hal etadilar. Boshqacha aytsak, o‘rmonni ko‘rmasdan, alohida bir daraxtni ko‘radilar. O‘zlariga yuklatilgan qiyin vazifalarni muvaffaqiyatli bajara oladilar.
• «O‘ng tomon» bilan fikrlovchi insonlar aksincha, alohida bir muammoni emas, umumiy muammoni ko‘ra oladilar. Ular diqqatlarini alohida bir daraxtga emas, o‘rmonga qaratadilar. Bunday insonlar o‘zlariga yuklatilgan vazifani asl mohiyatini yaxshi tushunadilar va samarali bajarishga harakat qiladilar.
Siz rahbar sifatida xodimlaringizni fikrlash qobiliyatini kuzatib qanday usulda fikrlashini aniqlab olishingiz mumkin. Masalan: xodim umumiy vazifalar haqida gapiradimi yoki alohida bir topshiriq haqidami? Tahlil qilish qobiliyati qanday? Xodimlaringiz orasida qaysi usulda fikrlovchilar bo‘lishidan qatʼiy nazar ular jamoangizga foyda olib kelishi zarur. Ammo, bir narsani unutmaslik kerak «chap tomon» va «o‘ng tomon» bilan fikrlovchi insonlar bir -biri bilan kelishib ishlashi qiyin.
Masalan: Qandaydir masalani muhokama qilish jarayonida ular bir- birlarining fikrlariga qarshi chiqadilar. Yuzaga kelgan muammoni qanday hal qilish bo‘yicha ham bir- biriga qarama- qarshi fikr bildiradilar. Shuning uchun ham jamoaga bir xil usulga fikrlovchi insonlarni jamlashga harakat qiling.
Kutubxonachi yoki mutafakkir?
Baʼzi insonlar muammoni hal etish uchun o‘qigan kitobi, bilimi va tajribasidan kelib chiqib qaror qabul qiladi. REY bunday insonlarni “kutubxonachi” deb tarif bergan. Shunday insonlar borki muammoni hal etishda yangi mustaqil fikr bildiradilar. Bunday fikrlovchi insonlarni REY “mutafakkir” deb atagan. Aksariyat “kutubxonachi” -«chap tomon», “mutafakkir” -«o‘ng tomon» bilan fikrlovchi insonlar toifasiga kiradilar.
“Kutubxonachi” va “mutafakkir” bir -birini tushunishi qiyin. Chunki “kutubxonachi” muammolarni anʼanaga ko‘ra, tajribaga ishongan holda hal qilinishi tarafdori. U muammoni hal etish bo‘yicha “mutafakkir” tomonidan bildirilgan yangicha fikrlarni kamdan -kam holda qo‘llab quvvatlaydi. “Kutubxonachi”ni aniqlab olish qiyin emas,  undaylar maktabda yoki oliy o‘quv yurtlarida yaxshi baholarga o‘qigan. “Mutafakkir”ni aniqlash esa ancha qiyin, ayniqsa kam ish tajribasiga ega bo‘lsa.
Hozir kunmi yoki kelajak?
Kimdir kunlik daromad, kimdir kelajakdagi maqsadi yo‘lida mehnat qiladi. Kelajak uchun mehnat qiluvchi insonlar vaziyat qanday rivojlanishini oldindan ko‘ra biladilar. Ular yangi g‘oyalarni amalga oshirishga moyillar. Bunday insonlarning aksariyati -«o‘ng tomon» bilan fikrlovchi insonlar bo‘ladilar. Hozirgi kun bilan yashovchi insonlarning ko‘pchiligi kunlik vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajaradilar. Ammo, bunday insonlarga avval bajarmagan vazifalarni yuklash xavfli, chunki bunday vaziyatga ular o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni qanday bajarishni bilmay qolib xatoga yo‘l qo‘yadilar.
Reja yoki vaziyatga qarab.
Rahbar reja bilan yoki vaziyatga qarab ish bajaruvchilarning ikkisining ham kuchli tomonidan unumli foydalanishga harakat qilishi kerak. Vaziyatga qarab ish bajaruvchilar yuzaga kelgan muammolarni sabab va sharoitini tez aniqlaydilar va bartaraf etishni unumli usullaridan foydalanadilar.
Muqaddima.
• Maqsadingizni belgilab oling. Qo‘rquv sababli maqsaddan voz kechmang. • “Maqsad” va “xohish” tushunchalarini bir -biridan ajratib oling. Nafsni qondirishga bo‘lgan “xohish”, “maqsad” yo‘liga to‘siq bo‘lmasligi kerak.
• Prinsiplaringiz siz chin dildan eʼtiqod qilgan qadriyatlaringizni aks ettirishi kerak. Prinsip tanlashda masʼuliyat bilan yondashing.
• Doimo halol bo‘ling. Tahlil qilish qobiliyatingizni oshirib boring. Unutmang! Hammaning zaif tomoni bor. Ammo, muvaffaqiyatga erishgan inson bilan muvaffaqiyatga erisha olmagan insonni farqi shundaki, muvaffaqiyatga erishgan inson o‘zini zaif tomonini aniq biladi va uni yo‘qotishga harakat qiladi yoki ustun tarafi bilan zaif tomonini yopib ketadi.
•. Ishga nomzod tanlayotganda tajribasiga emas, hayotiy qadriyati, prinsipi va qobiliyatiga ahamiyat bering. Agarda xodimlaringiz sizni hayotiy qadriyatlaringizni qo‘llab -quvvatlasa, kuchli biznes jamoa shakllantira olasiz.
• Xodimlaringizga baho berayotganda quyidagilarga eʼtibor bering: Xodimlaringiz o‘z manfaatini jamoa manfaatlaridan ustun qo‘ymaganmi?
Xodimingiz qaror qabul qilishda masʼuliyatlimi?
•. Har bir topshiriqqa masʼul xodim tayinlang.
• Xodimlaringizni fikrlashi va qobiliyatiga mos ravishda topshiriq bering.
•. Menejmentlikning asosiy vazifasi biznesni yaxshilash ekanligini Unutmang.
• Vaqtingizni unumli taqsimlang. Rejadagi vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga harakat qiling.
• Muammo yuzaga kelganda harakatdan to‘xtab qolmang. Aksariyat muammolar -rivojlanishning navbatdagi bosqichi bo‘ladi. Navbatdagi muammoni hal etib, siz o‘z maqsadingizga yana-da yaqin bo‘lasiz.
• Evolyutsiya — bu dunyoni ushlab turgan eng buyuk kuch. Agar ijobiy tomonga o‘zgarmas ekansiz asta sekinlik bilan bu dunyo bilan xayrlashasiz. Katta maqsadlar sari harakat qilishdan qo‘rqmang.
Kitob muallifini shahsiy hayoti.
REY Dalio 1949 yil 8 avgustda Nyu -Yorkda tug‘ilgan. U  Long-Aylenda universitetini tugatib bakalavr bo‘lgan.  Garvard biznes maktabini tugatib magistr bo‘lgan. Dalio oliygohni tugatib Nyu–York fond birjasida ishga kirgan. Keyinchalik Dominick & Dominick kompaniyasida rahbar lavozimida faoliyat olib borgan. 1974 yil REY baʼzi sabablarga ko‘ra Dominick & Dominick kompaniyasidan ishdan bo‘shatilgan.
REY Dalio 1975 yili regbi komandasidagi jamoadoshi bilan
Bridgewater kompaniyasiga asos soldi. 2012 yilga kelib Bridgewater kompaniyasi dunyodagi eng yirik jamg‘armalarning biriga aylandi. Kompaniya iqtisodiy Daily Observations byulletenini chop etadi.
REY Dalio oilali, turmush o‘rtog‘i Barbara bilan Devon, Pol, Metyu va Mark ismli farzandlari bor. 2011 yili REY va Barbara o‘zlarining jamg‘argan sarmoyalarini yarimini xayriya qilishga qasamyod qilishgan.
 REY okeanda tadqiqot olib borishni yoqtiradi.
The New York Times bergan maʼlumotga ko‘ra REY Dalioning  «Mening prinsiplarim: hayot va ish» («Moi prinsipi: jizn i rabota») kitobi jahon bestsellerlari ro‘yxatiga kiritilgan.
2020 yilda REY Dalioning shaxsiy jamg‘armasi 20 milliard dollarga teng bo‘lgan.
Sizga ham REY Dalio kabi omad yor bo‘lsin!
«Hayotning zavqi - maqsadga intilish» Rey Dalio

Report Page