ᅠᅠ

ᅠᅠ

Marhamah Study

TAYITI ONO: TOYOTA KOMPANIYASIDA ISHLAB CHIQARISH TIZIMI!
Kirish.
Yaponiyalik muhandis va biznesmen Tayiti Ono o‘z kitobida o‘ttiz yillik tarixga ega bo‘lgan Toyota kompaniyasini tejamkor ishlab chiqarish tizimi haqida hikoya qiladi. Bu tizim Toyota kompaniyasiga na faqat Yaponiyada, balki butun dunyoda yetakchilardan biriga aylanishiga ko‘mak bergan. Juda qiyin davrda asos solingan avtomobil ishlab chiqaruvchi Toyota kompaniyasi, XX -asrning 50 -yillarining o‘rtalarida tejamkor ishlab chiqarish tizimini joriy etdi. Ushbu tizim sababli kompaniya sifatli mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori ko‘rsatgichlarga erishib dunyo yetakchilaridan biriga aylandi.
Hozirgi vaqtda bu tizimdan boshqa sohalarda faoliyat olib boruvchi kompaniyalar ham unumli foydalanmoqdalar.
 Tayiti Ononi kitobi har qanday darajadagi rahbarlarga, iqtisodiy va moliyaviy mutaxassislik bo‘yicha taʼlim oluvchi talabalarga, ishlab chiqarishda mehnat qiluvchi menejerlarga va umuman har qanday ishlab chiqarishga qiziquvchi o‘quvchilarning keng doirasiga mo‘ljallangan.
Aksariyat insonlar yaponlar yuqori samara beruvchi kompaniyalarga asos solishga tug‘ma qobiliyatga ega deb hisoblashadi. Ammo, XX- asrning 40- yillarida Yaponiya davlatining ishlab chiqarishi AQSHga nisbatan 10 barobar past bo‘lgan. Vaqtlar o‘tib Yaponiya sifatli mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biriga aylandi. Bunga qanday erishildi. Albatta buni sabablari ko‘p, ammo, tahlilchilarning fikriga ko‘ra asosiy sabablaridan biri kompaniyada tejamkor ishlab chiqarish tizimini tatbiq etish bo‘lgan.
Tayiti Ono tejamkor ishlab chiqarish tizimini birinchi bo‘lib Toyota kompaniyasida sinab ko‘rdi. Tayiti Ono bir necha yil davomida AQSH sanoatidagi barqarorlik, yuqori texnologik jarayon, mahsulot ishlab chiqarishdagi unumdorlik sabablarini chuqur o‘rgandi. Shundan keyin AQSH avtomobil ishlab chiqarish sanoatidagi ijobiy xislatlarni o‘zining ishlab chiqarishni takomillashtirish usuli bilan birlashtirdi. Buning natijasida «yashirin qurol» - Tejamkor ishlab chiqarish tizimi TPS (Toyota Production System) paydo bo‘ldi.
Tejamkor ishlab chiqarish tizimi tatbiq etilgandan bir necha yil o‘tib mehnat unumdorligi bo‘yicha Toyota kompaniyasi Amerika kompaniyalarini ortga qoldirdi. Toyota kompaniyasining tajribasi dunyoning ko‘pgina oliygohlarida o‘qitiladi. Bu tizim joriy etilgan ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari yuqori samaradorlikka erishganlar.
Tejamkor ishlab chiqarish tizimini tatbiq etgan korxonalar mahsulot sifatini yaxshilash bilan birga xarajatlarni kamaytirib daromadlarni oshirishga erishganlar. Eng asosiysi bu tizimni ishlab chiqarishda tatbiq etish ko‘p moddiy xarajatlar talab etmaydi. Chunki tizimni 80 foizi tashkiliy ishlardan iborat.
Yaponlarning tejamkor ishlab chiqarish tizimi hajmidan, sohasidan va joylashgan manzilidan qatʼiy nazar hamma korxonalarga tatbiq etish mumkin.
Biz sizga Tayiti Ono tomonidan asos solingan va yuqori samaradorlikka sabab bo‘lgan tejamkor ishlab chiqarish tizimining asosiy prinsiplari hamda yutuqlari haqida qisqacha maʼlumot berishga qaror qildik.
1. Tejamkor ishlab chiqarish tizimining afzalligi va asosiy prinsiplari.
Toyota kompaniyasida tejamkor ishlab chiqarish tizimi tatbiq etish majburiy chora sifatida paydo bo‘ldi. Chunki ikkinchi jahon urushidan keyingi qiyin davrda Yaponiyada yangi avtomobillarga talab katta bo‘lmagan. Ford kompaniyasida o‘xshab avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarish, Toyota kompaniyasi uchun samara bermagan. Shuning uchun ham Toyota kompaniyasining menejerlari oz miqdorda bo‘lsa ham faqat talab bo‘lgan avtomobil rusumlarini ishlab chiqarishga harakat qilishgan. Qiyin vaqtda kompaniyada joriy etilgan tejamkor ishlab chiqarish tizimi bir necha yildan keyin iqtisodiy jihatdan rivojlanishga erishgan vaqtida ham yuqori samara bermoqda.
1.1 Tejamkor ishlab chiqarish tizimini afzalligi.
• Mahsulotlar oz miqdorda ishlab chiqariladi, buning natijasida nuqsonli mahsulotlar soni juda kam bo‘ladi. • Tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etilgan korxonada ikki barobar kam-ishchi kuchi, katta bo‘lmagan ishlab chiqarish hududi va oz miqdorda moddiy xarajat talab etiladi.
•Yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish uchun vaqt tejaladi.
Tejamkor ishlab chiqarish tizimining asosi –yo‘qotishlarga barham berish. Yo‘qotishlar moddiy (ko‘p chiqindi) yoki moddiy bo‘lmagan (qo‘shimcha kuch, vaqt va resurs) bo‘lishi mumkin. Agar kompaniya bir xil turdagi mahsulotni bozor talabini o‘rganmasdan katta miqdorda ishlab chiqarsa u kompaniya albatta yo‘qotishlarga uchraydi.
Yo‘qotishlar quyidagi sabablar tufayli bo‘lishi mumkin:
- Mahsulot, xom- ashyo yoki detallar meʼyoridan ko‘p ishlab chiqarilganligi sababli;
- Mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xom-ashyo yoki detallarni kutib behuda vaqt sarf qilinganligi sababli;
- Ortiqcha transportirovka qilish sababli;
- Ortiqcha ishlov berish sababli;
- Meʼyoridan ortiq zaxira sababli;
- Meʼyoridan ko‘p ishlab chiqarilgan mahsulot, xom-ashyo yoki detallarni saqlash joyini bir necha bor o‘zgartirilishi sababli;
- Nosoz mahsulot ishlab chiqarganligi sababli.
 Toyota kompaniyasi tejamkor ishlab chiqarish tizimining joriy etib yuqorida bayon etilgan yo‘qotishlarga barham berdi.
1.2. Tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etilmagan kompaniyaga xavf soluvchi Yo‘qotishlar
• Ishlab chiqarish.
 Agar kompaniya bozor talabidan ko‘p mahsulot ishlab chiqarsa, mahsulotni saqlash, transportirovka qilish va xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga keladi.
• Xodimlarni ishga bo‘lgan salbiy munosabati.
Faqat rahbarni buyrug‘ini bajarish bilan chegaralanib qolgan xodim motivatsiyani yo‘qotadi. Xodimda ishga bo‘lgan ijobiy munosabatni oshirish uchun uni ishlab chiqarish jarayonini yana-da takomillashtirishga jalb etish kerak. Kompaniya ichida fikr va tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish ijobiy natija beradi. 
• Transportni ortiqcha harakati.
 Transportga ortilgan xom-ashyo yoki tayyor mahsulotning keragidan ortiqcha harakati, qo‘shimcha xarajatlardan tashqari xom-ashyo yoki tayyor mahsulotga zarar yetkazilish xavfini keltirib chiqaradi.
• Kechikish.
 Ishlab chiqarishni mukammal rejalashtirmaslik va yetkazib beruvchilar tomonidan xom-ashyo, asbob-uskuna va jihozlarni vaqtida yetkazilib berilmaslik holatlari kompaniya ishchilarning qimmatli vaqtlari bekorga sarf bo‘lishiga olib keladi.
• Ortiqcha harakat.
Xom-ashyo, asbob-uskuna va jihozlar zaxirasini keragidan ortiqcha jamlash ham ishchilarni qimmatli vaqtlarini bekorga sarf bo‘lishiga olib keladi. Chunki ortiqcha xom-ashyo, asbob-uskuna va jihozlarni qaytarib berish yoki saqlash joyini almashtirish ishchi kuchi, vaqt va qo‘shimcha xarajat talab etadi.
• Qo‘shimcha ishlov.
 Ishlab chiqarilgan sifatsiz mahsulot, ehtiyot qism yoki detallarga qo‘shimcha ishlov berish yoki shu mahsulotni qayta ishlab chiqarish kerak bo‘ladi, bu holat ham qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi.
• Ortiqcha zaxira.
 Omborda saqlanayotgan xom-ashyo, asbob-uskuna va jihozlarni meʼyoridan ko‘pligi ularni eskirib qolishiga, foydalanish muddati o‘tishiga yoki nosoz holga kelishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida ishlab chiqarilgan mahsulotni sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Tayiti Ononi taʼkidlashicha bir necha o‘n yillar avval istiqomat qilgan dehqonlar qurg‘oqchilik va tabiiy ofatlardan qo‘rqib keragidan ko‘p miqdorda yegulik mahsulotlarini zaxirasini yaratishga harakat qilganlar. Hozirgi baʼzi menejerlar ham xuddi qadimda istiqomat qilgan dehqonlar kabi yetishmovchilik xavfidan qo‘rqib keragidan ortiq xom-ashyo, asbob-uskuna va tayyor mahsulotlar zaxirasini yaratmoqdalar. Tayitini fikricha hozirgi rivojlangan jamiyatda zarur narsani, zarur miqdorda va zarur bo‘lgan vaqtda xarid qilish mumkin va maqsadga muvofiqdir.
• Sifatsiz mahsulot.
 Sifatsiz mahsulot yoki ehtiyot qism ishlab chiqarish shunisi bilan xavfliki, u qo‘shimcha xarajatlardan tashqari buyurtmachining noroziligiga sabab bo‘ladi va kompaniya obro‘siga salbiy taʼsir etadi. Toyota kompaniyasi sifatsiz mahsulot yoki ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni oldini olishga katta ahamiyat beradi. Shuning uchun ham Toyota kompaniyasining shiori: «Nosozlikni paydo bo‘lgan joyda aniqlash!» Bu shiorga amal qilish uchun ishchilar ishlab chiqarish jarayonida tayyorlanayotgan har bir detalni diqqat bilan nazorat qiladilar.
  1.3. Kompaniyadagi jamoaviy madaniyat: Ford va Toyota.
Yaponlarning fikricha ishlab chiqarishni takomillashtirish uchun jamoaviy madaniyat yaratish kerak. Albatta bunday madaniyat boshqa kompaniyalarda ham bor, xususan Ford kompaniyasida. Quyida ikki kompaniyada o‘rnatilgan jamoaviy madaniyatni solishtirib ko‘ramiz.
2. Tejamkor ishlab chiqarish tizimining prinsiplari.
2.1. «O‘z vaqtida»
 «O‘z vaqtida» - tejamkor ishlab chiqarish tizimining asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi. Bu prinsip shundan iboratki, mahsulotni yig‘ish uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar o‘z vaqtida va kerakli miqdorda yetkazib beriladi. «O‘z vaqtida» prinsipiga amal qilgan kompaniya ko‘p miqdorda ehtiyot qismlar zaxirasini yaratmasa ham bo‘ladi. Buning natijasida korxonani boshqarish osonlashadi. Albatta avtomobil ishlab chiqarish kompaniyalarida bu prinsipga 100 foiz amal qilish qiyin, chunki avtomobil mingga yaqin ehtiyot qismlarni bir-biriga ulanishidan paydo bo‘ladi.
Tejamkor ishlab chiqarish tizimining yana bir ustun tomoni bozorda talab bo‘lmaguncha yangi mahsulotni yoki ehtiyot qismlarni ishlab chiqarmaslik. Ahamiyat berganmisiz supermarket peshtaxtalari mahsulot bilan doimo to‘la bo‘lmaydi. Peshtaxta mahsulot bilan isteʼmolchi tomonidan talab va istak oshganda to‘ldiriladi.
«O‘z vaqtida» prinsipiga amal qilish uchun:
• Talab va istak darajasini har kuni nazorat qiling.• Mijozlarga mahsulotingizni yoki xizmatingizni zarur vaqtda va kerakli miqdorga taqdim eting.• Ishlab chiqarilgan mahsulot zaxirasi ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘ymang.• Zaxirangizda oz miqdorda tayyor mahsulot saqlang va talab bo‘lmaguncha sotuvga chiqarmang, aks holda qo‘shimcha xarajatlar qilishga majbur bo‘lasiz.
 «O‘z vaqtida» prinsipi joriy etilgan korxonalarga quyidagilarga ahamiyat berish zarur.
- Ishlab chiqarish vaqti - bir detal ishlab chiqarishga sarf qilingan vaqt (soniya va daqiqa).- Harakatlar ketma-ketligi - ishlab chiqarish jarayonida ishchi va uskunalarni harakati.- Zaruriy zaxira- mahsulot ishlab chiqarish uchun eng kam miqdordagi ehtiyot qismlar va detallar zaxirasi.
2.2. Ko‘p jarayonli ishlab chiqarish tizimi.
Kompaniyalar o‘z mahsulotini ishlab chiqarish uchun ko‘p uskunalardan foydalanishga majbur. Aksariyat korxonalarda bir operator faqat bitta uskunani boshqaradi. Toyota kompaniyasida ishchi mehnati ko‘p jarayonli tashkil etilgan, yaʼni bir operator bir necha turdagi uskunalarni boshqara oladi. Ishchilar mehnatini bunday tarzda tashkil etish-ko‘p jarayonli deb ataladi.
 Bir ishchi bir necha turdagi uskunalarni boshqara olishi natijasida ishchilar soni kamayadi. Toyota kompaniyasi uchun ishchilar mehnatini bunday tashkil etish korxonani turg‘unlik yoki rivojlanish darajasi yuqori bo‘lmagan davrida juda muhim bo‘lgan. 
2.3. Ishlab chiqarishni takomillashtirish uchun “kanban” usulidan foydalanish.
“kanban” so‘zi yapon tilidan “kan” - «ko‘rinib turgan» va “ban” – “kartochka” so‘zlaridan olingan. “kanban” so‘zi keng maʼnoda - ishlab chiqarish jarayonini nazorat qilish asbobi tushunchasini bildiradi. Oddiy tilda tushuntirilsa “kanban” ko‘pgina korxonalarda ko‘rinadigan joyda ilib qo‘yilgan eʼlonlar doskasiga o‘xshash. Unda joylashtirilgan kartochkalarga barcha maʼlumotlar jamlanadi. Xususan bajarilishi kerak, bajarilayotgan va bajarilgan ishlar, shuningdek kerakli ehtiyot qismlar va tayyor mahsulotlar ro‘yxati hamda boshqa kerakli maʼlumotlar.
 “kanban” vazifalari
•Tayyor mahsulotni qabul qilish joyi va vaqti haqida maʼlumot berish.• Qo‘shimcha xarajat hisobida avtomobilni qayta ishlab chiqarishni oldini olish. • Tayyor mahsulot haqida to‘liq maʼlumot berish.• Ishlab chiqarish jarayonidagi muammolarni aniqlash. • Mahsulotni sifatli ishlab chiqarishga ko‘mak berish.
• Sifatsiz mahsulot ishlab chiqarilishni oldini olish va nuqson paydo bo‘lgan bosqichni aniqlab berish.
“kanban”dan foydalanishning eng oddiy usuli – bir doska uch bo‘lakka bo‘linadi. Birinchisiga “Reja”, ikkinchisiga “Bajarilayotgan”, keyingisiga “Bajarilgan” ishlar haqida kartochka shaklida maʼlumot beriladi. Doskada yana boshqa maʼlumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin. Masalan; “Boshlanishi” yoki «Zudlik bilan».
“Kanban”dan samarali foydalanish qoidalari. 
• Kartochkada ko‘rsatilmagan hech qanday ehtiyot qism yoki detallar ishlab chiqarmaslik. Bu qoida ortiqcha ishlab chiqarishni oldini oladi.• Har bir bosqichda faqat kartochkada ko‘rsatilgan miqdorda ehtiyot qism yoki detallar ishlab chiqarish.
• Navbatdagi bosqichda o‘zdan avvalgi bosqichda bajarilgan ishlarni kartochkada qarab qabul qilish.• Ishlab chiqarilgan sifatsiz ehtiyot qism va detallar keyingi bosqichga o‘tkazmaslik. Bu qoida sifatsiz mahsulot ishlab chiqarishni oldini oladi. • Doskani hammaga ko‘rinadigan joyda o‘rnatish.
3. Sababini aniqlash va muammoni hal etish.
 Tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etilgan Toyota kompaniyasining har bir xodimi muammo yuzaga kelsa o‘ziga «Muammo nima sababdan yuzaga keldi?» savolini bir necha bor beradi.
Faraz qiling sinovdan o‘tayotgan mototsiklda nosozlik yuzaga keldi.Bu vaziyatda kompaniya xodimlari quyidagi savollarga javob topadilar: 
1. Nima sababdan mototsikl ishlamay qoldi?
- Ortiqcha kuchlanish sababli himoya qilish moslamasi kuyib qolgan.2.Nima sababdan ortiqcha kuchlanish yuz berdi?
 - Podshipnik yetarlicha moylanmagan.3. Nima sababdan podshipnik yetarlicha moylanmagan?
- Moy yetkazib beruvchi nasos nosoz bo‘lgan.4. Nima sababdan nasos nosoz bo‘lgan?
- Nasos porsheni yedirilgan. 5. Nima sababdan nasos porsheni yedirilgan?
- Filtr o‘rnatilmaganligi sababli porshenga metall zarrachalari tushgan.  
Agar mototsiklni ishlamay qolishini asil sababi aniqlamasdan, himoya qilish moslamasi yoki porshen almashtirib qo‘yilsa, tez kunda shunday nosozliklar qaytarilishi aniq.
4. Yaponcha profilaktika.
 Zamonaviy uskunalar ishlash jarayoniga inson ishtiroki juda qisqartirilgan. Ammo, bunday uskunalarning bir salbiy xislati bor, bunday uskunalarda ommaviy ravishda ko‘p miqdorda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bir kun kelib o‘z sifatini yo‘qotadi. Chunki ko‘p vaqt foydalanilganlik sababli nosoz holga kelgan uskunalarda sifatsiz mahsulot ishlab chiqarilayotganligini o‘z vaqtida aniqlash qiyin. Buning natijasida sifatsiz minglab tayyor mahsulotlar, ehtiyot qismlar va detallar omborni to‘ldiradi.
Tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etilgan Toyota kompaniyasida yuqorida ko‘rsatilgan salbiy holat yuz bermaydi, chunki joriy etilgan tizim nosozlikni boshlang‘ich bosqichida aniqlaydi va sifatsiz mahsulot ishlab chiqarishni oldini oladi. Shuningdek, Toyota kompaniyasida ishlab chiqarish jarayonlari bir- biri bilan bog‘liq ravishda va uzluksiz usulda olib boriladi.
Tayiti Ononing fikricha texnologik jarayonni shunday tashkil etish kerakki, yarim tayyor mahsulot,ehtiyot qism va detallar omborda ko‘p muddat qolib ketmasin.
Faraz qilaylik kompaniya uyali telefonlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Agarda ommaviy ravishda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, uning ehtiyot qismlari shu jumladan uyali telefon uchun ko‘p miqdordagi quvvat berish moslamalari ham kompaniya omborida saqlanadi. Vaqt o‘tishi bilan omborda saqlanayotgan quvvat berish moslamasi o‘z xususiyatini yo‘qota boshlaydi. Navbatdagi partiya uyali telefonlar ishlab chiqarishda o‘z xususiyatini yo‘qota boshlagan quvvat berish moslamalaridan foydalaniladi. Bu esa mahsulot sifatida salbiy taʼsir etadi. Ammo, aksariyat hollarda kompaniya rahbariyati bu vaziyatdan uyali telefon xarid qilgan mijozlardan shikoyatlar kelib tushgandan so‘ng xabar topadilar.
Tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etilgan korxonada har bir jarayon bir-biri bilan bog‘liq va uzluksiz ravishda olib borilishi sababli uyali telefonlarning quvvat berish moslamasi ko‘p muddat omborda saqlanmasdan sexga chiqariladi, agarda moslamada nosozlik yoki o‘z xususiyatini yo‘qotish holati yuzaga kelgan bo‘lsa, sifatni nazorat qilish bosqichida aniqlanadi va moslama zudlik bilan shu yerning o‘zida almashtiriladi.
4.1 Tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etilgan korxonalarda quyidagilar amalga oshiriladi:
 • Nosozlik aniqlansa ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatiladi.
Ishlab chiqarishda nosozlik yuzaga kelganda uning asl sababini aniqlash juda muhim. Tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etilgan korxonalarda nosozlik yuzaga kelganda ishlab chiqarish jarayoni butunlay to‘xtatiladi. Bu holat samarasizdek ko‘rinsada, ammo tajribada ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatish nosozlikni asl sababini tezda aniqlab muammoni zudlik bilan ijobiy hal etilishiga ko‘mak berishi isbot qilingan.
 • Ish hajmi teng miqdorda taqsimlanadi.
Mahsulotni ommaviy ishlab chiqarish joriy etilgan korxonalarda yuqori suratda ishlab chiqarish bilan birga, ishlab chiqarish jarayoni to‘xtab qolishi ham kuzatiladi. Bunday vaziyatlarni oldini olish uchun “toshbaqa” kabi shoshmasdan, keskin harakat qilmasdan va to‘xtab qolmasdan ishlab chiqarish jadvaliga rioya qilgan holda ishlashni tashkil etish zarur. Ishchilarga ortiqcha vazifa yuklamasdan, uskunalardan meʼyoridan ortiq foydalanmasdan ish jarayonini teng miqdorga olib borish kerak.
Shundagini ishchilar jismonan toliqmaydilar, uskunalar esa ko‘p yil benuqson xizmat qiladi. Tayiti Ononi taʼkidlashicha, sekin harakat qiluvchi toshbaqa, maqsadsiz tez yugurish natijasida tez charchab qoladigan quyondan afzal.
•Nosozlikni vaqtida aniqlab beruvchi uskunalar o‘rnatiladi.
Toyota kompaniyasida mahsulot ishlab chiqarish jarayonida nosozlikni avtomatik ravishda aniqlab beruvchi uskunalar o‘rnatilgan. Shunday uskunalar borki, ishlab chiqarish jarayonida nosozlik yuzaga kelganda avtomatik ravishda to‘xtaydi. Ishlab chiqaruvchilar bunday uskunalarni «xatolardan himoya qiluvchi» uskunalar deb nomlashgan.
 Bunday uskunalar:
- Birinchi operatsiyani tugatmasdan keyingisini boshlanmaydi.• Ishlab chiqarish jarayonida nosozlik yuzaga kelgan vaqtda uskuna avtomatik ravishda detalga ishlov berishdan to‘xtaydi. • Detalda nosozlik aniqlansa uskuna ishga tushmaydi.
• Ishlab chiqarish jarayonida xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa uskuna avtomatik ravishda tuzatish kiritadi va shundan so‘nggina detalga ishlov berishni davom ettiradi. Tayiti Ononi taʼkidlashicha, kompaniya xuddi inson tanasidek ishlashi kerak. Inson o‘z harakatlarini boshqara oladi va shu bilan birga inson hayotida baʼzi jarayonlar avtomatik ravishda sodir bo‘ladi. Masalan; asab tizimi hattoki inson uxlagan vaqtda ham atrofdagi voqealarga avtomatik ravishda munosabat bildiradi.
• Xodimlarning vazifalari qisqartiriladi va standartlashtiriladi.
Ishchilarga topshirilgan vazifa qanchalik oddiy va og‘ir bo‘lmasa, uni sifatli bajarish ham qiyin bo‘lmaydi. Ishchilar o‘z vazifasini sidqidildan bajarganligi uchun rag‘batlantiriladi.
Muqaddima.
• Tejamkor ishlab chiqarish tizimini joriy etishdan asosiy maqsad – yo‘qotishlarni kamaytirish. Buning uchun ishlab chiqarish jarayonini tahlil qiling. Ishlab chiqarish jarayoniga yuzaga kelgan nosozliklarni, sifatsiz mahsulot yoki ortiqcha mahsulot ishlab chiqarish uchun yo‘qotilgan vaqt va moddiy resurslarni hisoblab chiqing.
• Ishlab chiqarish jarayonini shunday tashkil etish kerakki, tayyor mahsulotlar, ehtiyot qism va detallar omborda chang bosib yotmasin.• Ishlab chiqarishda «o‘z vaqtida» prinsipini qo‘llasangiz ortiqcha mahsulot ishlab chiqarishni oldini olgan bo‘lasiz.•. Ishlab chiqarish jarayonini yaxshilash maqsadiga “kanban” tizimini joriy eting. • Yuzaga kelgan muammoni asl sababini aniqlash va uni ijobiy hal etish maqsadida bir necha bor «Nima sababdan shunday bo‘ldi?» savoliga javob bering. • Ishlab chiqarish jarayonida nosozlikni avtomatik ravishda aniqlay oladigan uskunalardan foydalaning. • Xodimlaringizga “toshbaqa” kabi keskin harakatlar qilmasdan ishlashni o‘rgating. Ishchilarga ortiqcha vazifa yuklamang. Uskunalardan meʼyoridan ko‘p foydalanmang. Ishlab chiqarish jarayoning teng miqdorda taqsimlagan ravishda olib boring.• Ishchilarga qobiliyatiga qarab topshiriq bering.
 Tayiti Ononing taʼkidlashicha Toyota kompaniyasi o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarning eng asosiysi - isteʼmolchiga sifatli mahsulot yetkazib berish. Hozirgi kunda qadar kompaniya o‘zining asosiy vazifasini sidqidildan bajarib millionlab avtomobil ishqibozlariga zavq ulashmoqda.
Muallif haqida.
Tayiti Ono 1912 yil 29 fevral kuni tug‘ilgan.  Nagoya  politexnika institutining bitiruvchisi.Tayita Ono 1932 yili institutni tugatib “Toyota bosyoku” kompaniyasiga ishga kirgan. 1943 yili «Toyota Motor» zavodiga ishga o‘tgan. Shu yerda ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish bilan shug‘ullandi. 1946 yili u sex boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bir necha yildan so‘ng bu sex tejamkor ishlab chiqarish tizimi joriy etish bo‘yicha laboratoriyaga aylantirildi. Tayiti Ononing  kompaniyadagi lavozimi ko‘tarilib 1975 yil kompaniya vitse prezidenti etib tayinlandi. 1978 yili «Toyota Motor» kompaniyasini tark etib, shu yili “Toyota bosyoku” kompaniyasining direktorlar kengashining raisi lavozimiga tayinlangan.  Tayiti Ono 1990 yil 28 may kuni vafot etgan.
«Tejamkorlik-farovonlik manbai» Sitseron

Report Page