101 YILLIK UMR – IBRAT NAMUNASI

101 YILLIK UMR – IBRAT NAMUNASI



Keksalarning duosi yurtni asraydi, ularga e’tibor esa jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yoshi ulugʻ insonlar e’zozlangan yurtda baraka va farovonlik bardavom boʻladi.


Shu maqsadda, 14-yanvar – "Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan Zangiota tumani hokimligi tomonidan front ortida mashaqqatli mehnat qilib, oʻz halol ishi va matonati bilan Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan keksa avlod vakillari holidan xabar olish tadbirlari tashkil etildi.


Ilk uchrashuv "Ibrat" mahallasida istiqomat qiluvchi 101 yoshni qarshi olgan Xayrulina Minibika aya xonadonida boʻlib, uzoq umr koʻrib, turmushning koʻp sinovlarini yengib oʻtgan bu nuroniy onaxon xonadoniga tuman hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi S. Usmonova hamda 71186-harbiy qism qoʻmondonligi vakili mayor V. Hamidov tashrif buyurishdi.


Mehmonlar Xayrulina Minibika ayaga tuman hokimining samimiy tabrigini yetkazar ekan, unga uzoq umr, sihat-salomatlik va tinch-totuv hayot tilab, esdalik sovgʻalarini taqdim etishdi.


Onaxon esa oʻzining boy hayotiy tajribasi, oʻtmishning mashaqqatli kunlari va bugungi kunda davlat tomonidan koʻrsatilayotgan e’tibordan mamnun ekanligini soʻzlab berdi.


Bu kabi uchrashuvlar nafaqat keksa avlod vakillariga hurmat-e’tibor koʻrsatish, balki yosh avlodni tarbiyalashda ham katta ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.


Zangiota tumanida keksalarni e’zozlash va ular holidan xabar olish kabi ezgu tashabbuslar davom ettirilmoqda.



Report Page