10-SINF O‘QUVCHISI MINITRAKTORLAR YASASHGA PATENT OLDI

10-SINF O‘QUVCHISI MINITRAKTORLAR YASASHGA PATENT OLDI


Bahor faslida dehqonlarning ishi yanada ortadi. Qish bo‘yi ayozda «dam olgan» dalalar-u bog‘larda mehnatkashlarning ko‘klamgi ishlari boshlanadi. Navro‘z bahona yerga urug‘ qadagan bobodehqon, bog‘da ko‘chat o‘tqazgan bog‘bon ularning hosili to‘g‘risida qayg‘uradi. Maydondagi yerni haydashda esa dehqonlarga traktorlar asqotadi. Ayniqsa, bu traktorlar daraxtlar orasida ham bemalol harakatlana olsa bormi, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi 54-umumta’lim maktabining 10-«B» sinf o‘quvchisi Muhammadsodiq Abduhalilov ana shunday minitraktorlar yasashga patent oldi. 

Muhammadsodiq bolaligida ta’til kunlari traktorchi bobosining yonidan nari ketmas, uning «temir toychog‘i»ni ta’mirlashda yordam berardi. Texnikaga qiziqishi uni pandemiya davrida issiqxonalar uchun mo‘ljallab minitraktor ishlab chiqarishga undadi. Bugun esa yosh ixtirochining ustaxonasi bunday traktorlarning bir nechtasi bilan to‘lgan. 

– Birinchi traktorni yasashimda dadam meni qo‘llab-quvvatladilar. Ilk traktorni yasaganimizda, odamlar unga qiziqa boshlashdi va asta-sekinlik bilan buyurtma ola boshladik. Shu kunga qadar 40 ga yaqin minitraktor yasadik, – deydi Muhammadsodiq. – Traktorlarga Xitoydan keltirilgan motokultivator motori, Angrenda ishlab chiqarilgan g‘ildiraklar qo‘yiladi. Qolgan qismlar o‘zimizda bor. Ushbu traktorlar 3-4 xil agregatlarda  ishlaydi: yer haydaydi, urug‘ ekadi, dori sepadi va o‘t o‘radi. Traktor 5 litr yoqilg‘i bilan ikki gektar yerga bemalol ishlov bera oladi. 2021-yil «Innoweek» haftalik tanlovida qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladik. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi yoshlar akademiyasi Kengashining 1-sonli qaroriga ko‘ra, a’zolik sertifikati hamda ushbu traktorlarni ishlab chiqarish uchun 94 million so‘m mablag‘ bilan taqdirlandik. Ayni damda, traktorlarga talab oshgan. Bu yutuqlarimda men tahsil olayotgan maktab jamoasining, xususan, maktabimiz direktori Alisher Abdurashidovning hissasi bisyor, – deydi tengdoshingiz.  

– Muhammadsodiq maktabimizda tashkil etilgan to‘garakka  qatnaydi. U yerda to‘garak rahbarlari Jamshid Aliboyev hamda Botir Boltaboyevlardan texnikaning sir-asrorlarini o‘rganadi. Bu o‘quvchimizning kelgusidagi rejalari bisyor. Ixtirochi o‘quvchimiz yutuqlaridan faxrlanamiz, – deydi maktab direktori Alisher Abdurashidov.

Muhammadsodiq va uning oila a’zolarining ayni kunlarda qo‘li-qo‘lga tegmayapti. Yosh ixtirochining orzulari ijobat bo‘lishiga ishonamiz!

Ozoda TURSUNBOYEVA




Report Page