“Navoiy yodi ila yashaymiz mudom”

“Navoiy yodi ila yashaymiz mudom”

t.me/jizpi_online

Jizzax politexnika institutida 2022-yil 10-fevral kuni “Qurilish materiallari muhandisligi” va “Servis” fakultetlari hamkorligida Alisher Navoiyning 581 yilligiga hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 539 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy yodi ila yashaymiz mudom” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

 Tadbir davomida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri H. Xamdamova o‘z so‘zida ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hayoti hamda ijodi, uning davlat, xalq manfaatlari yo‘lidagi fidoyiligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Alisher Navoiy bugun o‘zbek xalqi uchun milliy iftixor ramziga, adabiy, ma’naviy kamolot timsoliga aylangan. Xalqimiz ulug‘ bobokalonimizning bebaho merosini hamisha sevib e’zozlaydi. Shoirning yaratgan asarlari va ularning hayotiyligi, qimmati asrlar o‘tsa-da o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotmaganligi, aksincha dunyo xalqlarini ezgu umuminsoniy g‘oyalar sari chorlab turishini qiziqarli tahlillar, kuzatishlar, hayotiy misollarga tatbiq etgan holda izohlab berdi.  Alisher Navoiy bebaho va ulkan ijodiy meros qoldirgan. Haqiqatdan ham, Navoiy chig‘atoy tilida (eski o‘zbek tili) ham fors-tojik adabiyoti bilan bir darajada turuvchi asar yaratish mumkinligini isbotlashga harakat qilgan. Va u o‘zining besh xazinasi orqali buning uddasidan chiqqan. Navoiy musulmon Sharqining, deyarli barcha janrlarida o‘z qalamini sinab ko‘rdi va o‘z ovozi, o‘z uslubi borligini ko‘rsata oldi. Hazrat Alisher Navoiy hayotda o‘zidagi ulug‘ umuminsoniy fazilatlari, ijodda esa yuksak mahorati va iste’dodi bilan nafaqat butun o‘zbek xalqi, balki jahonning ulug‘ mutafakkirlaridan biriga aylandi. Shunday ekan, Alisher Navoiy faxru iftixorimiz, yuksak madaniyatimiz timsolidir. Zero, ulug‘ shoir asarlarini har kim, har kuni o‘qishi, so‘zlaridagi ma’naviyat ziyosidan har doim bahra olishi lozim.

Tadbir davomida Qurilish materiallari muhandisligi dekani M. Mirzabekov so‘zga chiqib, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – buyuk bobokalonlarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburni xotirlash, ularning boy ma’naviy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish va Navoiy hamda Bobur kabi buyuk avlodlarni tarbiyalashdan iboratdir. 

Tadbirning badiiy qismida talabalar ijrosida buyuklar siyomosiga bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi va ularning hayotiga oid turli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.  Tadbir mobaynida talabalar tomonidan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning ruboiy va g‘azallaridan rus, ingliz, tojik va boshqa tillarda namunalar o‘qildi. 

Ayniqsa, tashkillashtirilgan sahna ko‘rinishlarida Buyuk siymolarning asarlari qahramonlari timsoli gavdalangani barchaning ko‘z o‘ngida o‘sha davr ruhini namoyon etdi. Bo‘lib o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.


Report Page