***

***


Samolardan boqadi mahzun,

Ko'zlarida elning hasrati.

So'nggi bora porlagan uchqun

Qodiriyning so'nggi surati.*


Haqiqatdan shivirlar asta,

Nigohlari dardchil, shikasta,

Aybin bilmay ketgan dilxasta

Qodiriyning so'nggi surati.


Otabekni izlaydi giryon,

Kumushbibi bo'g'zida fig'on.

Xalq qalbida abadiy armon

Qodiriyning so'nggi surati.


Ketdim, ortda faryod qoldi, der,

Hayqiriqsiz bir dod qoldi, der,

Shukur, ruhim ozod qoldi, der,

Qodiriyning so'nggi surati.


Bir bor so'roq bermay imonga,

Oh, sotdilar seni arzonga...

"O'tgan kunlar" cho'kdi armonga,

Qodiriyning so'nggi surati.


Koinotdan boqadi mahzun,

Yelkasida turkning xasrati.

So'nggi bora porlagan uchqun

Qodiriyning so'nggi surati.

Orifjon ODILOV.

*Xurshid Davron satri.