Talaba-yoshlar o‘rtasida ekologik yo‘nalishdagi “Ekologiya bilimdoni”, “Ekologik madaniyat targ‘ibotchisi”, “Eng faol ekovolontyor” va “Yilning eng yaxshi ekologiya himoyachisi” nominatsiyalari bo‘yicha tanlovlarni
tashkil etish tartibi to‘g‘risidagiNIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talaba-yoshlar o‘rtasida ekologiya sohasida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, tashabbuskorlikni rivojlantirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladigan tanlovlarni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Talaba-yoshlar o‘rtasida “Ekologiya bilimdoni”, “Ekologik madaniyat targ‘ibotchisi”, “Eng faol ekovolontyor” va “Yilning eng yaxshi ekologiya himoyachisi” nominatsiyalar bo‘yicha tanlov (keyingi o‘rinlarda – tanlov) doimiy tashkil etiladi.
II. Maqsad va vazifalar
3. Mazkur tanlov talabalarni ekologik bilimlarni chuqur o‘zlashtirish, ekologik madaniyatni keng targ‘ib qilish, ekovolontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida tashkil etiladi.
4. Tanlovning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- talabalarning ekologik savodxonligini oshirish;
- ekologik targ‘ibot va tashviqot ishlarini rivojlantirish;
- yoshlar o‘rtasida volontyorlik harakatlarini kengaytirish;
- atrof-muhitni muhofaza qilishga oid eng yaxshi tashabbus va loyihalarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash.
III. Tanlovni oʻtkazish tartibi va muddatlari
5. Tanlovning har bir bosqichini yuqori saviyada tashkil etish va ishtirokchilarning ijodiy ishlarini shaffof va adolatli baholash maqsadida fakultet mas’ullari va professor-o‘qituvchilaridan iborat Tashkiliy ishchi guruh va Hakamlar hay’ati tarkibi shakllantiriladi.
6. Ishchi guruhga umumiy rahbarlik va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor tomonidan amalga oshiriladi.
7. Tanlovni oʻtkazish boʻyicha universitet hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy boshqarmalari mutaxassislaridan iborat Hakamlar hayʼati shakllantiriladi.
8. Tanlovning fakultet bosqichini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga fakultet dekanlari, universitet bosqichini o‘tkazishga yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda tabiiy fanlar va agrar qo‘shma fakulteti mas’ul hisoblanadi.
9. Tanlov 2 bosqichda o‘tkaziladi:
Fakultet bosqichi – noyabr oyining birinchi o‘n kunligi davomida o‘tkaziladi.
Ushbu bosqichda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar universitet bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma oladi. Har bir fakultetdan faqat 1-o‘rinni egallagan ishtirokchi hujjatlari yakuniy bosqichga taqdim etiladi.
Universitet bosqichi – noyabr oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi. G‘oliblar Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning to‘plagan ballari asosida eng yuqori balldan pastga qarab ketma-ketlikda aniqlanadi.
IV. Tanlov yo‘nalishlari va nominatsiyalari
10. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
“Ekologiya bilimdoni” – ekologiyaga oid fanlar, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilik, global ekologik muammolar va ularning yechimlariga doir nazariy bilimlar bellashuvi;
“Ekologik madaniyat targ‘ibotchisi” – ekologik mavzudagi eng yaxshi targ‘ibot-tashviqot materiallari (videorolik, maqola, taqdimot (prezentatsiya) va boshqalar) o‘rtasida;
“Eng faol ekovolontyor” – o‘quv yili davomida ekologik tadbir va tashabbuslarda faol ishtirok etgan, volontyorlik harakatlarida liderlik ko‘rsatgan talabalar o‘rtasida;
“Yilning eng yaxshi ekologiya himoyachisi” – o‘z tashabbusi asosida ekologik loyihalar ishlab chiqqan, hududiy yoki ijtimoiy ahamiyatga molik muhim ekotashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan talabalar o‘rtasida tashkil etiladi.
V. Baholash tartibi
11. Tanlovning bosqichlari ballik tizim shaklida har bir mezon boʻyicha 20 balldan jami 5 ta mezon asosida 100 ball bilan baholanadi.
12. Baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
- ilmiy va amaliy asoslanganlik;
- ijodkorlik va innovatsion yondashuv;
- targ‘ibot samaradorligi;
- amaliy natijalar va ijtimoiy ta’sir;
- ekologik volontyorlik faoliyati hajmi va sifati.
VI. Kutilayotgan natijalar
13. Tanlovni muntazam tashkil etish orqali quyidagi ijobiy natijalarga
erishiladi:
- universitetda ekologik yetakchilar sinfi shakllanadi;
- yoshlar ekotashabbuslar orqali atrof-muhitga befarq bo‘lmagan, mas’uliyatli fuqarolarga aylanishadi;
- ekologik muhofazaga oid innovatsion g‘oya va tashabbuslar vujudga keladi;
- ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning ekologik faolligi ortadi;
- tanlovlar milliy darajadagi ekologik harakat sifatida shakllanadi.
VII. Tanlov gʻoliblarini taqdirlash
14. Tanlovlarning fakultet bosqichida 1-, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar fakultet dekanining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
15. Tanlovlarning yakuniy universitet bosqichida 1-, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
16. Tanlov yakuni boʻyicha sovrindorlar qatoriga kirmagan, biroq yuqori natijalar ko‘rsatgan ishtirokchilar faol ishtiroki uchun faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.
VIII. Yakuniy qoidalar
17. Tanlov natijalari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlar orqali e’lon qilib boriladi.