Futbol

Futbol

🌐OLTIARIQ_TV

Ektor Kuper: “Maydondagi bugungi O‘zbekiston termasi Janubiy Koreyadan kuchsiz emasdi”


@oltiariq_tv

Oʻzbekiston termasining Osiyo oʻyinlari—2018 musobaqasidagi ishtirokini milliy terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper ham kuzatib bordi(uning yordamchilaridan biri esa olimpiyachilar o‘yinini Indoneziyadan turib kuzatdi). Buning boisi esa Jakartada toʻp surgan yigitlarning aksariyati endilikda mamlakat bosh jamoa asosi boʻlib xizmat qilishi ham ayni haqiqat.

Bugun, 27-avgust sanasi oʻzbekistonlik futbolchilar Osiyo oʻyinlaridagi yurishiga chorak finalda yakun yasadi. Shundan kelib chiqib, “Daryo” nashri Ektor Kuper joy olgan mehmonxonaga tashrif buyurdi va mutaxassis bilan qisqa suhbatda boʻldi.

“Futbolda har doim ham zafar quchishning iloji yoʻq. Bunda magʻlubiyatlar ham yonma-yondir. Oʻzbekiston Osiyo oʻyinlarida chempionlik uchun kurash olib boradigan salohiyatga ega edi va buni koreyaliklar ham juda yaxshi tushunib turgandi. Muhimi yigitlarimizda potensial borligi”, — deya gap boshladi Ektor Kuper.

Mutaxassis fikriga koʻra, magʻlubiyatning ham magʻlubiyatdan farqi bor.

“Baʼzida hech narsa qila olmay qolishing, raqib oldida ochiqchasiga ojiz qolishing mumkin. Ammo bugungi magʻlubiyatni shunday deb boʻlmaydi. Bugun baʼzi jabhalarda oʻzbekistonlik futbolchilar ustunroq ham harakat qilishdi. Hisob 3:2 boʻlib turganda ham ustunlik biz tomonimizda edi. Buning ustida ishlash, xatolarni toʻgʻrilash kerak. Yana aytaman, eng muhimi futbolchilar jiddiy mehnat qilishdi. Bu muhim omil”.

— Oʻzbekiston terma jamoasiga aynan nima yetishmaydi deb oʻylaysiz?

— Men zaxira futbolchilarining imkoniyatlarini bilmasdim. Shuning uchun ham qandaydir fikr bildirishim qiyin. Biroq ishontirib ayta olamanki, futbolchilar rostmana ter toʻkishdi. Ular oʻz imkoniyatlari darajasida toʻp surishga intilishdi. Bu murabbiy uchun eng muhim jihat. Xatolar ustida esa ishlashda davom etish kerak. Katta gʻalabalarda hattoki mayda detallar ham muhim rol oʻynaydi. Shularga eʼtiborliroq boʻlish talab etiladi. Men shunday deyishim mumkin, maydondagi bugungi Oʻzbekiston termasi Janubiy Koreyadan kuchsizroq emasdi.

Maʼlumot uchun, Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan futbolchilarning ayrimlari Kuper ixtiyoriga oktabrda kelib qoʻshiladi. Mutaxassis boshqaruvida Oʻzbekiston terma jamoasi oʻzining ilk uchrashuvini 6-sentabr kuni Toshkentda Suriyaga qarshi oʻtkazadi.