Oʼzbekiston fermerlari kengashining mamlakatimiz fermer va dehqonlariga
M U R O J А А T I
Hurmatli va aziz fermerlar!
Bugungi global iqtisodiy va ekologiyaviy sharoitda dunyoda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelish xavfi ortayotgan bir paytda, qishloq xoʼjaligida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yuqori hosil olish va oziq-ovqat ekinlarini koʼpaytirish muhim vazifaga aylanmoqda. Shu murakkab sharoitda dehqon va fermerlarimiz barchadan koʼra masʼuliyatli va fidokorona mehnat qilmoqda.
Аzaldan xalqimiz nonni ulugʼ neʼmat sifatida qadrlab kelgan. Yetishtirilgan hosilning har donasini nes-nobud qilmasdan yigʼishtirib olish dehqon mehnatining bir qismi hisoblanadi. Endi esa asosiy vazifa — gʼalladan boʼshagan 80 gektar yerlarga takroriy ekinlarni oʼz vaqtida ekish, yuqori hosildorlikka erishish va aholi dasturxonini toʼkin qilishdir.
Soʼnggi yillarda fermer va dehqonlarimizning samarali mehnati, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan foydalanish, bozor mexanizmlarining keng joriy qilinishi evaziga sohadagi ish samaradorligi va daromaddorlik ortib bormoqda. Ilgari foydalanilmagan yerlar oʼzlashtirilmoqda, klasterlar bilan hamkorlik kengaymoqda.
Fermer va dehqonlarimiz mamlakat taraqqiyoti, aholi turmush darajasini oshirish va kambagʼallikni qisqartirishga katta hissa qoʼshmoqda. Yoshlarga yer ajratish boʼyicha Prezidentimiz tashabbusini qoʼllab-quvvatlash natijasida qariyb 80 gektar yer ajratilib, tajribali fermerlar tomonidan yoshlarga koʼmak koʼrsatilmoqda.
Bunday yerlarda dehqonchilik qilayotgan shijoatli, gʼayratli yoshlarimiz bugun birinchi hosilni yigʼishtirib olishayapti va ikkinchi ekinni ekishni boshlab yuborishdi.
Natijada, 200 ta ortiq yoshlar mavsum davomida 10–15 million soʼm miqdorida daromad olish imkoniyatiga ega boʼlmoqdalar.
Hurmatli fermerlar!
Boshoqli don hosilini yigʼishtirish, gʼalladan boʼshagan yerlardan samarali foydalanish, eksportbop sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishda masʼuliyatingizni yanada oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishingizni soʼraymiz:
Birinchidan, yetishtirilgan boshoqli donni qisqa muddatda, yoʼqotishlarsiz yigʼishtirib olish uchun zarur tashkiliy va moddiy-texnikaviy choralarni koʼring;
Ikkinchidan, gʼalladan boʼshagan yerlarni somondan tezkorlik bilan tozalash, shudgorlash va ekishga tayyorlashni tashkil eting;
Uchinchidan, urugʼlik va koʼchat va shudgorlash ishlarini amalga oshirish uchun Fermerlar kengashi huzuridagi Jamgʼarmadan 18 oyga kam foizli kredit oling;
Toʼrtinchidan, yerlarni birinchi navbatda ishsizlar, ehtiyojmandlar, “Yoshlar” va “Аyollar” daftaridagi fuqarolar hamda samarali tomorqachilarga oʼrtacha 20 sotixdan mavsumiy ijara asosida begʼaraz ajrating va ekish ishlarida amaliy yordam koʼrsating;
Beshinchidan, ajratilgan yerlarda takroriy ekinlarni toʼliq ekib, eksportbop mahsulot yetishtiring, shu orqali oʼzingiz hamda mamlakatimiz aholisining daromadini oshirishga hissa qoʼshing.
Bu kabi saxovatli va fidokorona ishlaringiz Prezidentimiz tomonidan qator Farmon va qarorlari bilan qoʼllab-quvvatlanib, soliq imtiyozlari berilayotganini alohida taʼkidlaymiz. Shuningdek, tuman sektor rahbarlari, mahalla raislari, Fermerlar kengashi, klasterlar va eksportyor korxonalar tomonidan Sizga zarur yordam koʼrsatiladi.
Аyniqsa, 15–20 sotix yerda dehqonchilik bilan shugʼullanayotgan fuqarolar oʼrtacha 8–10 million soʼm daromad olishlari mumkin. Bu orqali sizlar yoshlar, ayollar hamda xorijdan qaytgan fuqarolarni ish bilan taʼminlashda muhim rol oʼynaysiz.
Аziz va qadrli fermerlar!
Xalqimiz sizlarni "rizq-roʼzimiz bunyodkorlari" sifatida ardoqlaydi. Sizning shijoat va mehnatingiz tufayli dasturxonimiz toʼkin, bozorlarimiz arzon va turmushimiz farovon boʼladi.
Mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda fermer va dehqonlarning oʼrni beqiyosdir. Biz barchangizni Yurtboshimiz ishonchini oqlash, yurtimiz ravnaqi va xalq farovonligi uchun halol, sidqidildan mehnat qilishga chaqiramiz.
Sizlarga sihat-salomatlik, ezgu ishlaringizga qut-baraka tilaymiz. Bu yilgi mavsumda ham ulkan xirmonlar barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorugʼ boʼlishi hammamizga nasib etsin!
Qoʼshrabot fermerlari kengashi