To‘rtko‘l fermerlari kengashining fermerlarga MUROJAATI
YARATILGAN IMKONIYAT VA IMTIYOZLARDAN FOYDALANING
Hurmatli fermerlar!
Bugungi kunda dunyoda global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, energiya resurslari narxining oshib borishi hamda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning keskin ko‘payishi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasi oldiga ham ulkan vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozor barqarorligini saqlash, eksport salohiyatini oshirish, eng muhimi, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Jahonda bo‘layotgan murakkab o‘zgarishlar davrida o‘g‘it va yoqilg‘i moylash materiallari narxlarining o‘sib borayotganligi kuzatilmoqda.
Mamlakatimizda narxlar barqarorligini ta’minlash va asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha Davlatimiz rahbarining qarorlari hamda Hukumatimizning tegishli chora-tadbirlari asosida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Soha xodimlarining dastlabki tahlillariga ko‘ra, asosiy turdagi mineral o‘g‘it va yoqilg‘i narxlari boshqa qator davlatlardagiga nisbatan qariyb ikki barobar arzon bo‘lishini ta’minlanayotganligi o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q.
Qadrli fermerlar!
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ko‘plab Farmon va qarorlar fermerlarimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi yutuqlariga mustahkam zamin yaratmoqda.
Shu yilning 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-82-sonli Farmonida dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida 2026 yil 1 apreldan 2026 yil 1 iyulga qadar qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan Agentlik orqali subsidiya ajratish belgilanib, Siz fermerlarga katta imtiyozlar berildi.
Shuningdek, shartnomada belgilangan muddatda kreditni qaytargan fermerlarga kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizini, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31 dekabriga) qadar qaytargan fermerlarga kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizini hamda bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1 avgustiga qadar to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foizlik punkti punkti qoplab beriladi.
Bularning barchasi Davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, fermerlarning iqtisodiy manfaatini ta’minlash, sohada bozor mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishi natijasi ekanligini unutmasligimiz zarur.
Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish — yuqori hosil garovidir.
Har bir kilogramm o‘g‘it — bu katta mablag‘ va mehnat natijasi ekanini unutmasligimiz lozim.
Har bir litr yoqilg‘idan unumli foydalanish fermerning iqtisodiy manfaatiga xizmat qilishini anglashimiz zarur.
Muhtaram fermerlar!
Butun dunyoda global iqlim o‘zgarish va boshqa sabablarga ko‘ra, boshqa davlatlarda mineral o‘g‘it va yoqilg‘i narxlari oshib ketgan bir paytda mamlakatimizda ushbu mahsulotlar arzon narxlarda berilayotganligi hamda Davlatimiz rahbari Farmoni bilan har bir tonnadan 2 mln.so‘mgacha qoplab berilayotganligining qadriga yetib, har bir fermer xo‘jaligi rahbarlarini quyidagi tadbirlarga qatt’iy rioya qilib, ishlarni tashkil etishga chaqiramiz.
Birinchidan, mineral o‘g‘itlarni tuproq tahlili asosida bering hamda azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar nisbatini to‘g‘ri belgilang;
Ikkinchidan, mahalliy organik o‘g‘itlardan keng foydalaning;
Uchinchidan, texnikalarni doimiy texnik ko‘rikdan o‘tkazing hamda ortiqcha qayta ishlov berishning oldini oling;
To‘rtinchidan, texnikalar harakatini rejali tashkil qiling hamda zamonaviy, yoqilg‘i tejovchi agregatlardan foydalanish muhim ahamiyatga egaligini unutmang;
Beshinchidan, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i isrofi — bu fermer daromadining kamayishi ekanligini unutmang;
Oltinchidan, energiya tejovchi nasoslardan foydalaning hamda quyosh panellari va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy eting;
Yettinchidan, dala chetlaridan unumli foydalanib, dala chetiga qoramol, parranda va asalari boshqishni yo‘lga qo‘ying;
Sakkizinchidan, joriy yilning 10 maydan – 10 iyungacha g‘o‘za parvarishida “Zarbdor bir oylik” oyligini e’lon qilish va g‘o‘za agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermerlari kengashining
MUROJAATI asosida paxta dalangizda ishlarni tashkil eting;
To‘qqizinchidan, yuqoridagi ishlarni tashkil etib, Prezidentimiz yaratib bergan imtiyoz va subsidiyalardan samarali foydalaning!
Aziz fermerlar!
Isrofgarchilik — barakaning kushandasi. Ortiqcha suv sarfi, mineral o‘g‘itlarning behuda ishlatilishi, yoqilg‘i isrofi, elektr energiyasidan nooqilona foydalanish — bularning barchasi iqtisodiy zarar keltirishi bilan birga davlatimiz resurslariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini har birimiz bilishimiz darkor.
O‘zbekiston fermerlari kengashi rayosati har fermerga meniral o‘g‘it va yoqilg‘i moylash materiallaridan samarali va tejamkorlik bilan foydalanishga hamda yaratilgan imtiyoz va subsidiyalarning qadriga yetishga chaqiradi!
To‘rtko‘l fermerlari Kengashi