Professional va oliy taʼlimda keskin oʻzgarishlar davri keldi!
Ravshanbek XUDAYBERGANOV
Darhaqiqat, mamlakatimizda soʻnggi yillarda taʼlim-tarbiya islohotiga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan talaba-oʻquvchilar uchun dunyoning eng rivojlangan davlatlar taʼlim tizimidan kam boʻlmagan shart-sharoitlarni yaratib berish, ularni sifatli va zamonaviy darsliklar bilan taʼminlash, yoshlardagi iqtidor va salohiyatni aniqlab, ularni toʻgʻri yoʻnaltirish uchun zamonaviy sharoitlarni oʻz ichiga olgan Prezidentimiz tomonida, Yangi Oʻzbekiston yoshlari uchun ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilmoqda. Asosiy maqsadimiz taʼlim sifatiga erishishda oʻqituvchi obroʻsi, maqomini oshirishga katta eʼtibor qaratishdir. Fikrimizning isboti sifatida yaqinda “Pedagog maqomi” toʻgʻrisida Prezident qonunini qabul qilinishida bir qator pragmatika amalga oshiriladi.
Fikrimizning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 5-fevral kuni Prezidentimiz raisligida “Taʼlim, sogʻliqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar” yuzasidan videoselektor boʻlib oʻtdi. Unda taʼlimning har bir jabhasida qilinishi kerak boʻlgan keng koʻlamli islohotlar belgilab olindi.
Davlatimiz rahbari yigʻilishda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatiga ham bir qancha eʼtirozlarni bildirdi. Xususan, professional taʼlim uchun masʼul idoralar koʻpayib ketganligi sabab tizim rivojlanmayotgani, ish beruvchilar va texnikumlar oʻrtasida hamkorliklarni yoʻlga qoʻyish zarurligi, taʼlim sifatiga eʼtiborni kuchaytirish borasida taʼkidlandi.
Haqiqatan ham soʻnggi yillarda oliy taʼlimda qamrov keskin oshdi, sohaga xususiy sektorlar kirib keldi. Lekin taʼlim sifatiga yetarli eʼtibor qaratilmayotganligi bu borada hali koʻp kamchiliklar va bajarilishi kerak boʻlgan ishlar mavjudligi sir emas. Shu oʻrinda Prezidentimiz “Talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagan. Aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmaydi. Ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmaydi, bori ham bugungi talablarga javob bermaydi”, deya qator kamchiliklarni sanab oʻtgani ayni haqiqat. Bunga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oldiga professional taʼlim va oliy taʼlimda keskin oʻzgarish qilish vazifasi qoʻyilganligidan dalolatdir. Jumladan, bakalavr yoʻnalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40 foizga qisqartirish, ushbu yoʻnalishlardagi taʼlim dasturlarini TOP-300 ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash vazifasi topshirildi. Aniq va fundamental fanlar boʻyicha ilgʻor darsliklarni xorijiy tillardan bosqichma-bosqich tarjima qilish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116 ta oliygohni oʻrganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlarini belgilash vazifasi bajarilganligi, oliy taʼlim tizimida keskin oʻzgarishlar davri ekanligidan dalolatdir.
Davlatimiz rahbarining “Bakalavriatda oʻnlab yoʻnalishlar mehnat bozori talablariga javob bermaydi... Koʻp oliygohlar kredit-modulga oʻtdi, lekin talabaning qobiliyatini yuzaga chiqaradigan tizim yaratish zarur”, degan tanqidlari ham oʻrinli albatta. Haqiqatan ham bugun qator universitet va institutlardagi taʼlim yoʻnalishlari va ularda yetishib chiqayotgan kadrlarga mehnat bozorida qanchalik ehtiyoj bor yoki yoʻqligini chuqur koʻrib chiqib, tahlil qilib ushbu tahlil natijaga koʻra ehtiyoj yuqori boʻlgan yoʻnalishlarga qabul kvotalarini oshirish lozim. Shu oʻrinda videoselektorda prezidentimiz tomonidan kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bogʻlaydigan yangi tizim yaratilishi taʼkidlandi. Bandlik vazirligi tizimidagi Mehnat tadqiqotlari instituti Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda oʻzimizda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan muhit olib kirishga masʼul etib tayinlangani ayni muddao boʻldi. Mutasaddilarga joriy yilning 1-mayiga qadar talab yuqori 100 ta kasbni tanlab, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb standartlarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Bu juda ham chuqur oʻylangan, katta natijalar uchun xizmat qiluvchi qaror boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shuningdek, har bir oliygoh, texnikum va kollejda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etish borasida ilgari surilgan takliflar ham juda oʻrinli boʻldi. Zero talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliyotda qoʻllay olish, bilimlarning kompetensiyaviyligini taʼminlay olish katta ahamiyat kasb etadi.
Yigʻilishda yangi oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda oʻqitish “Akademik” va “Ishchi kasb” taʼlim komponentlarining uzviyligini taʼminlaydigan yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyilishi ham belgilab berildi. Xususan, kollej-texnikumning 1-2 kursidagi taʼlim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil boʻlishi, texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni oʻzlashtirish boʻyicha toʻplangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim yoʻlga qoʻyilishi aytildi. Yaʼni endi kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” toʻplagan oʻquvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida taʼlimni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu talabalar uchun yana bir qulay imkoniyatdir.
Xulosa sifatida taʼkidlash kerakki, ushbu yig‘ilishda taʼlim-tarbiya sohasidagi oldimizda turgan vazifalar va islohotlarni amalga oshirish va kelajak avlodni tarbiyalash oliy burch ekanligidan dalolat beradi. Maktabgacha taʼlim, professional taʼlimdan tortib Oliy taʼlimgacha bo‘lgan har bir bosqichdagi kamchilik va muammolar davlatimiz rahbari eʼtiboridan chetda qolmaydi. Farzandlarimiz taʼlimi va buyuk kelajagimiz, Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun qandayin to‘siq bo‘lsa, davlat va jamiyat birlashgan holda, bu to‘siqlarni bartaraf etishga, oliy maqsadimiz va yo‘limizni yoritishga tayyormiz. Ravshanbek XUDAYBERGANOV,
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi
Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi direktori.