Yangi O'zbekiston -mening tasavvurimda
Reja:
1.''Yangi O'zbekiston'' degan tushuncha real voqealikka aylanmoqda.
2.Yangi O'zbekistonda uchinchi renessans islohotlari.
3.O'zbekiston Jahonga yuz tutmoqda.
Bir o'lkaki, tuprog'ida oltin gullaydi.
Bir o'lkaki,qishlarida shivirlar bahor
Bir o'lkaki,sal ko'rmasa quyosh sog'inar
Bir o'lkaki, g'ayratidan asabi chaqnar.
(Oybek)
Avvalo shuni aytish kerakki, o‘z yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan har qanday xalq, har qanday millat og‘ir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tadi.Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan o‘zbek xalqi ham 1991-yil 31-avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon vatanimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi. Tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi – asosiy qonunimiz ishlab chiqildi va qabul qilindi. Vatanimiz suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi. O‘zbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmog‘i – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom ma’nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.O‘zbekistonning suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – so‘m joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi.Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o‘zligimiz tiklandi.Mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib etganidan baxtiyorman.Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yo‘limiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli bo‘lmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning o‘zi turli muammo va vazifalarni oldimizga ko‘ndalang qo‘ydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qat’iyatimiz ba’zan yetsa, ba’zida yetmagan holatlar ham bo‘ldi.Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish obyektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi .Shu ma’noda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo‘lamiz.Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi ma’naviy uyg‘onish jarayonlari milliy o‘zlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uyg‘onish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.
Ma’lumki, bugungi O‘zbekiston zamini qadimda ikki buyuk uyg‘onish davriga – Birinchi (ma’rifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik bo‘lgan. Bu – jahon ilm-fanida o‘z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.Bugungi kunda O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Aynan mana shu jarayon men uchun islohotlarimizning eng katta natijasidir. Chunki, maqsadning aniqligi – harakatlar samarasini ta’minlaydigan eng muhim mezondir.Agar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan bo‘lsak, ushbu noyob hujjatda o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo‘ygan edik.Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir.Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir.O‘tgan tarixan qisqa davrda islohotlar tufayli erishgan natijalarimiz haqida uzoq gapirmoqchi emasman. Bu mavzuda mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari orqali nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilarning fikrlari muntazam e’lon qilib kelinmoqda.Bunday xolis baholar barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda shuni ta’kidlashni istardimki, biz bu demokratik o‘zgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar o‘zimizga suv bilan havodek zarur bo‘lgani uchun, xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini o‘ylab, milliy manfaatlarimiz yo‘lida amalga oshirmoqdamiz.Biz – O‘zbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham ko‘proq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e’tiborlidir.Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz lozim: vaqt o‘tishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda, shiddatli zamon oldimizga yanada ulkan vazifalarni qo‘ymoqda. Hayotning o‘zi bizni ko‘p narsaga o‘rgatmoqda. Shu sababli biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham bo‘lishi tabiiydir.Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, biz eng qiyin bosqichdan o‘tdik, ya’ni yo‘limizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Endi hamma gap islohotlar yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga yetkazishda. Bu albatta oson emas, ammo biz bunga qodirmiz. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun yetarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional zamin yaratildi. Bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish o‘rinlari, daromad manbalarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq va shaharlarimizni obod qilish iqtisodiy strategiyamizning eng muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi. Siz, jurnalistlar, bundan albatta yaxshi xabardorsiz. Keyingi paytda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda. Shu asosda muammoga oid mavhum ko‘rsatkichlar emas, balki yordam va ko‘makka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari o‘z joyida aniq o‘rganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda.Keksalar, nogironlar, og‘ir ahvolga tushib qolgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu an’analar bugungi kunda yangicha ma’no-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar o‘z ijobiy natijasini bermoqda.Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021-yilda barcha shahar va tumanlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash kerakki, milliy tariximizda qishloq va mahallalarimizni obodonlashtirishga hech qachon bunchalik katta mablag‘ ajratilmagan, eng muhimi, ularning rivojiga bu qadar jiddiy e’tibor berilmagan.Ana shunday keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish uchun rahbarlar qulay va shinam kabinetlardan chiqib, bevosita pastga, mahalla darajasiga tushib ishlamoqda.Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson e’tibordan chetda qolmasligiga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.Taklif va tashabbuslar ilgarigidek faqat “tepa”dan emas, balki ko‘proq quyidan bo‘lmoqda. Ularni amalga oshirishda esa quyi, o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi davlat boshqaruv idoralarining samarali hamkorligi ish bermoqda. Shu asosda jamiyatimizning ijtimoiy manzarasi butunlay o‘zgarmoqda, samarali boshqaruvning natijadorligi oshmoqda, eng muhimi, odamlarning hayotga, mehnatga, o‘zining taqdiri va ertangi kunga ishonchi ortmoqda.Men bunday o‘zgarishlarni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sifat ko‘rsatkichlari, deb hisoblayman.Albatta, ijtimoiy himoya tizimidagi ayrim kamchilik va nuqsonlar saqlanib qolmoqda. Biz ularni bosqichma-bosqich bartaraf etamiz, ushbu tizimni takomillashtirib, yaxshi natija beradigan, jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni shu maqsad atrofida birlashtiradigan darajaga yetkazamiz.Muhtoj fuqarolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri, aniq maqsad bilan moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy e’tibor aholining kam ta’minlangan qatlamlariga dotatsiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tug‘dirishga qaratilmoqda. Shu ma’noda, “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur o‘rganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yo‘limizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir.Keyingi yillarda madaniy-gumanitar yo‘nalishda – madaniyat, kino, raqs va tasviriy san’at sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqimizga yaxshi ma’lum, albatta. Xususan, xalqaro maqom anjumani, baxshichilik va milliy hunarmandchilik festivallarini tashkil etganimiz va yuksak saviyada o‘tkazganimiz Yangi O‘zbekistonni dunyoga keng targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.Milliy tariximizni xolis va haqqoniy tadqiq etish uchun bugungi kunda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida O‘zbekistonning yangi tarixi markazi, “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyat ko‘rsatmoqda.Islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutadigan ilm-ma’rifat markaziga aylanadi.
Biz hozirgi murakkab va shiddatli zamonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotganini hisobga olib, bu sohadagi faoliyatimizni yana-da kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” hamda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” shu yil mart oyida qabul qilingan Prezident qarorlari ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgandir.Yangi O‘zbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori ma’naviy ma’rifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil o‘rtaga qo‘ymoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Yaqinda mazkur rezolyutsiya qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim.Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan sammitida ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusimiz qabul qilinib, Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori bo‘lgan hazrat Alisher Navoiy bobomizga, shunday ulug‘ zotlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz. Shuni ta’kidlash kerakki, biz mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qo‘ygan birinchi kunlardan boshlab ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritish, dunyodagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan yaqin do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. O‘zbekiston o‘tgan davrda ana shu strategik yo‘lga doimo sodiq qolib, o‘z sheriklari hamda xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarib kelmoqda.O‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.Birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochildi. Qo‘shni – qo‘shnisi bilan, aka – ukasi, ota – bolasi, qarindosh – qarindoshi bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi. Viza masalalari hal etildi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda.Azal-azaldan o‘zaro qardosh va birodar bo‘lgan mamlakatlarimiz ko‘pgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshladi. Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo‘ldi.Yana bir muhim tomoni shundaki, O‘zbekiston bugun o‘zining uzoqni ko‘zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarildi . Mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘ldi, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi. O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi va uning 2021-yil 22-fevralda Jeneva shahrida videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.O‘tgan yili mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, MDH doirasida ko‘zda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar samarali o‘tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilind .Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilmoqda. Ushbu muhim hujjatda tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yana-da mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonning asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalari yanada kengaymoqda.O‘zbekiston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishidan manfaatdordir.Ma’lumki, O‘zbekiston 2021—2022-yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiladi. Hozirgi vaqtda biz bu muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun jiddiy tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz.Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, so‘z va diniy e’tiqod erkinligi, gender tenglik bo‘yicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib bormoqda.Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yana-da mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamg‘armasi tashkil etildi.Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Har yili Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadigan 30-iyul sanasi O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb e’lon qilindi. Bu yil ushbu bayram mamlakatimizda birinchi bor keng nishonlandi. Buni ham ichki va tashqi siyosat omillari birlashadigan mushtarak hodisa sifatida qabul qilish mumkin.Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham ekologik muammolarni hal etishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat’iy davom ettiryapmiz. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilmoqda, Orolbo‘yi hududlarida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi faoliyati muhim rol o‘ynamoqda.Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi muhim tashabbusi 2021-yil 18-may kuni Assambleya tomonidan bir ovozdan ma’qullanganini qayd etish o‘rinlidir. Ushbu rezolyutsiyani ishlab chiqishda AQSh, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon kabi dunyodagi nufuzli davlatlar, jami 50 mamlakat hammuallif sifatida ishtirok etgani bu tashabbus jahon hamjamiyatida qanday katta qiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi. Hech ikkilanmasdan O’zbekiston degan tinch, farovon rivojlanayotgan mamlakatda yashayotganimga Allohga ming shukr aytaman.