ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
QOGOZ TARIXI
Nafaqat kitobatchilik sohasi, balki umumbashariy madaniyatning shakllanishi va rivojlanishida qogʻozning kashf etilishi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Qogʻoz ixtiro etilgunga qadar qadimda qoʻlyozma kitob uchun ashyo sifatida papirus, teri, pergament, gazlama-mato, suyak, sopol, daraxt poʻstlogʻi va taxta kabilardan foydalanilardi. Har biri muayyan davr uchun oʻziga xos ahamiyatga ega boʻlgan ushbu yozuv vositalari baʼzi bir kamchilik va nuqsonlardan ham xoli emasdi.
Xususan, papirus yengil boʻlsa-da, oʻta nozik, sopol esa salga sinavergan, gazlama mato esa tez toʻzib, chirishga mo­yil boʻlgan. Bundan tashqari, ushbu yozuv ashyolarining koʻpchiligi qurt-qumursqalarga yem boʻlgan. Qadimgi qoʻlyozmalarning aksariyati bizgacha yetib kelmaganligining sabablaridan biri ham shunda. Ajdodlarimiz oʻz yozuvlarini zarur hollarda tosh va qoyalarga ham yozishgan. Sopol taxtachalarga yozish koʻproq Sharqqa xos edi. Yozuv ashyosi sifatida papirusdan foydalanish keng avj olgan davrlarda ham Sharq xalqlari sopol taxtachalarni isteʼmoldan chiqarib tashlamagan. Ular baʼzi xabar va ­qaydlarni yozishda hamda hisoblarni yuritishda baribir qoʻl kelavergan. Har ikki tomoniga mum surtilgan yogʻoch taxtachalardan maktablardagi dars mashgʻulotlarida foydalanilgan. Ularda oʻquvchilar mashqlarni bajarishgan. Kattalar uni pochta qogʻozi sifatida ishlatishgan. Ammo bu ashyolar (sopol, mumli va toshtaxtalar)ga yirik badiiy asarlarni yozish qiyinchilik tugʻdirardi. Natijada doimiy izlanishda boʻlgan ajdodlarimiz papirusni kashf etishdi.
Qadimgi oʻzbek kitobatchiligida ham oʻrama qogʻoz keng qoʻllanilardi. Bundan tash­qari, qoʻlyozma kitoblar daftar hamda bizga yaxshi maʼlum boʻlgan Sharq qoʻlyozmalari shaklida tayyorlangan. Sharqshunos olim Qosimjon Sodiqov olib borgan tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, kitob tayyorlashning oʻrama qogʻoz shakli qadimgi turklarda shuhrat topgan . Oʻrama qogʻoz usulini soʻgʻdlar ham qoʻllagan. Bundan maʼlum boʻladiki, ushbu kitobat turi hududiy oʻziga xoslikka ega boʻlib, Markaziy Osiyo xalqlarining oʻzaro madaniy aloqalari taʼsirida yuzaga kelgan.
Dunyo madaniy taraqqiyotida Sharq kitobatchilik sanʼatining oʻziga xos hamda betakror oʻrni bor. Koʻhna Sharqda, xususan, Oʻrta Osiyoda kitobatchilik sohasining shakl­lanishi va taraqqiy etishi Sharq ­dunyosida ilk bor ayni shu hudud bagʻrida qogʻoz ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilganligi bilan uzviy bogʻliqdir. Manbalardan maʼlumki, eramizning II asrida Xitoyda qogʻozning kashf etilishi va ishlab chiqarila boshlanishi dunyo miqyosida kitobatchilikning tez surʼatlar bilan rivojlanishiga turtki boʻldi. Xitoyliklar serdaromad soha hisoblangan qogʻoz ishlab chiqarishni qanchalik sir tutmasinlar, VIII asrning ikkinchi yarmidan eʼtiboran, Samarqandda ham Xitoy qogʻozi singari sifatga ega mahsulot tayyorlana boshlandi. Chunki Samarqandda qogʻoz ishlab chiqarish uchun kerakli boʻlgan xomash­yoning barcha turlari — ipak, paxta, kanop, qamish, poxol, tut novdasi poʻsti koʻp edi. Shu tariqa Samarqand qogʻozining dovrugʻi qisqa vaqt ichida dunyoga taraldi.
Samarqand qogʻozining yaratilishi xususida tarixiy manbalarda turlicha fikrlarni uchratish mumkin. VII asrda hali Yevropada papirus va pergament asosiy yozuv ashyosi sifatida foydalanilayotgan bir vaqtda Sharq mamlakatlarida allaqachon qogʻoz ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu esa Arab xalifaligiga qarashli barcha yurtlarda, ayniqsa, hozirgi Oʻrta Osiyo hududida qoʻlyozma kitoblarning yoyilishiga keng imkoniyat yaratdi. Damashqda eng sifatli qogʻoz ishlab chiqarilganligi, bizgacha yetib kelgan va ilk arab qogʻoz kitobining Damashq (oʻrama) kitobi deb nomlanganligi tarixiy manbalarda dalillar bilan asoslangan. Baʼzi olimlarning fikricha, Oʻrta Osiyo hududida, xususan, Samarqandda qogʻoz ishlab chiqarish Arab xalifaligiga qadar ham mavjud edi. 1931 yili Mugʻtepa togʻidan topilgan Samarqand hukmdorlariga oid hujjatlar hamda Tuproqqalʼada qoʻlga kiritilgan Xorazm arxiv materiallari Soʻgʻdiyona, Xorazm va Baqtriyadagi qogʻozga yozilgan mahalliy qoʻlyozmalarning arablar bosqinidan avvalgi davrlarga oidligini asoslaydi. Baʼzi tarixchilarning fikricha, samarqandliklar qogʻoz ishlab chiqarish sirlarini 751 yili Talasda boʻlib oʻtgan jangda Ziyod ibn Solih tomonidan asirga olingan xitoylik qogʻoz ustalaridan oʻrganishgan. Turkiyalik tarixchi olim, professor Karabajek olib borgan tadqiqotlarga koʻra, qogʻozning eski uvada yoki latta-puttalardan tayyorlanishi samar­qandliklarning kashfiyoti sifatida tal­qin qilinadi. Chunki Samarqandda X asrga qadar, aniqrogʻi 940 yilgacha uvadadan qogʻoz tayyorlash ishi yoʻlga qoʻyilgan, deb eʼtirof etiladi. Lekin baʼzi manbalarda uvadadan qogʻoz tayyorlash texnologiyasi Xitoyda eramizning ikkinchi asridan eʼtiboran mavjud boʻlganligi haqidagi fikrlar ham bor. Nima boʻlganda ham, X asrning oxirlariga kelib, Samarqand qogʻozi islom mamlakatlarida papirus hamda pergament oʻrnini tamoman egalladi.
Samarqand ostidagi Konigil qishlog‘ida “Meros” qog‘oz fabrikasi
Oʻrta asrlarda qogʻoz ishlab chiqarish serdaromad sohaga aylandi va bundan katta foyda olina boshlandi. Samarqand oʻz qogʻozini xalifalikning boshqa viloyatlariga ham sotishni yoʻlga qoʻydi. Bu qogʻoz turining Yevropa bozoriga yetkazib berilishi u yerda ilgari yozish uchun asosiy ashyo sifatida ishlatilib kelingan papirus, charm, pergament kabilarning oʻrnini endi qogʻoz egallashiga va bu esa nafaqat Yevropa, balki butun dunyo madaniy taraqqiyotining yuksalishiga sezilarli turtki boʻldi.
Samarqand qogʻozini tayyorlash taxminan uch yuz yil davomida sir tutib kelindi. Faqatgina XI asrga kelib bu qogʻozdan andoza olgan holda, dastlab, Iroq va Suriyada qogʻoz tayyorlana boshlandi. Keyinroq tarixda “arab koʻprigi” deb nom olgan Misr, Shimoliy Afrika va Marokash or­qali Ispaniyaga ham Samarqand qogʻozini tayyorlash texnologiyasi yetib keldi. XIII asr­ga kelib mahsulot tayyorlash sirlari butun Yevropaga yoyildi. Ispaniyada XII asr boshlarida, Italiyada 1276 yil, Frantsiyada 1348 yil, Olmoniyada 1390 yillarda ilk qogʻoz ishlab chiqarish korxonalari qurildi. Rus davlatida XIV asr oʻrtalarida qogʻoz ishlab chiqarila boshlandi.
Oʻrta Osiyoni Chor Rossiyasi istilo qilgach, bu yerda qogʻoz ishlab chiqarish toʻxtatib qoʻyildi. Oʻrta Osiyoda qogʻoz Samar­qanddan tashqari Buxoro, Qoʻqon shaharlarida va ularning tevarak-atrofida joylashgan qishloqlarda ham ishlab chiqarilgan. Venger olimi Herman Vamberi Buxoroda tayyorlangan qogʻoz haqida quyidagilarni yozadi: “Buxoroda tayyorlangan yozuv qogʻozlarining shuhrati nafaqat Turkistonga, balki qoʻshni davlatlarga ham taralgandir. Bu qogʻozlar ipakdan tayyorlangan boʻlib, silliqligi hamda nozikligi bilan arab yozuvi uchun juda qulay boʻlgan”.
Qogʻoz ishlab chiqaruvchi maxsus tegirmonlarga nisbatan forscha-tojikcha soʻz yasalishidagi juvozi qogʻoz, obi juvoz, korxonai qogʻozbardori terminlari qoʻllangan. Bunday ustaxonalarda tortilgan latta uni surpga solinib, suvda yaxshilab chayilgan. Keyin suvi siqib tashlangan. Soʻngra 5 pud latta talqoniga 1 pud ishqor va 1/2 pud ohaktosh qoʻshib, yana objuvozda bir soat davomida tortilgan. Hosil boʻlgan qorishma talqon 10 kun oftobga qoʻyilgan. Bunda qorishma rangsizlangan va quyosh nuri taʼsirida yogʻsizlangan. Shundan soʻng qorishma yana objuvozda tortilgan, suvda chayilgan. Ikkinchi bor yuqorida koʻrsatilgan nisbatda ishqor va ohaktosh qoʻshilib objuvozda tortilgan. Soʻngra qorishma talqon yana 10 kun davomida oftobda saqlanib, yana objuvozga solib, 15 kun mobaynida tortilgan. Shu tariqa qogʻoz xom ashyosi — xamirsimon boʻtqa tayyor boʻlgan. Tayyor qogʻoz boʻtqasi siqilib, maxsus idishlarga (qamishdan toʻqilgan qopga) solib qoʻyilgan. Ayrim hollarda qogʻozga sargʻish rang berish uchun qogʻoz boʻtqasini oxirgi marta objuvozga solishdan oldin unga tuxmak (qogʻozga rang berishda ishlatiladigan vohalarda oʻsadigan sariq gulli oʻsimlik gulidan tayyorlangan sariq rang) va shirach (sirach — piyozgullilarga mansub, adir va togʻlarda oʻsadigan koʻp yillik oʻsimlik ildizi kukunidan tayyorlangan yopishqoq boʻtqa) qoʻshilgan. Qogʻozni quyishda maxsus toʻrdan va tut novdasidan toʻqilgan chetandan foydalanilgan. Maxsus toʻrni tayyorlashda koʻproq ot qili ishlatilgan. Qogʻoz quyilishidan oldin chetan ustiga toʻr toʻshalgan va uning ustiga qogʻoz boʻtqasi bir xil yupqalikda yoyib chiqilgan. Bunda qogʻozning qalinligiga alohida eʼtibor berilgan, chunki uning qanchalik qalin yoxud yupqa boʻlishi ana shu yerda belgilab olinardi. Bu jarayonning osonroq kechishi uchun qogʻoz boʻtqasi yoyishdan avval suvga qorishtirilib olingan. Zarur holatlarda qogʻoz boʻtqasi ikki bor yoyilgan. Chetan ustidagi qogʻoz boʻtqasidan suv toʻla tomib boʻlganidan keyin quyuqlashgan qogʻoz latta toʻshalgan taxtakachga koʻchirilgan. Taxtakach ustiga qogʻoz yoymasi ustma-ust qilib taxlangan. Bunda ular oʻrtasiga latta qoʻyish shart emasdi, chunki ancha silqib qotib qolgan qogʻoz yoymalari bir-biriga yopishmagan. Shu tariqa bir kechada 240 sahifadan iborat qogʻoz bos­tirmasi yukning ortib borishi hisobiga suvdan toʻla xalos etilgan. Hosil boʻlgan qogʻoz varaqlariga yupqa qilib bugʻdoy unidan tayyorlangan sirach yelimi surilgan va quritish uchun suvalgan devorga yopishtirib qoʻyilgan. Maʼlum muddatdan keyin qurigan qogʻoz varaqalari devordan ajratib olingan va maxsus pichoq yordamida kerakli oʻlcham boʻyicha kesib chiqilgan. Soʻngra bugʻdoy unidan tayyorlangan ohorli sirach oldin qogʻozning bir tomoniga, soʻngra ikkinchi tomoniga surkab chiqilgan. Tayyor boʻlgan qogʻozga ishlov berish uchun ular nok daraxtidan ishlangan taxtakachga qoʻyilib, toshoʻqlov yordamida pardozlangan. Zarur boʻlganda oxirgi jarayon ikki-uch bor takrorlangan. Qogʻoz toʻliq qurishi uchun dorga osib qoʻyilgan. Koʻp hollarda, qogʻozning yana-da jilodor boʻlishi uchun uni yetti martagacha pardozlashgan.
Qogʻozgarlik XV-XVI asrlarda hu­narmand­chilikning muayyan bir turi sifatida toʻliq shakllandi. Bu soha bilan shugʻullanuvchi hunarmand-ustalar avlodi vujudga keldi. Xususan, XVI asrda samarqand­lik qogʻozgar usta Mir Ibrohimning nomi juda mashhur edi. Hatto, usta Mir Ibrohim tomonidan qogʻoz tayyorlashning yangi bir usuli ishlab chiqildi. Unga koʻra tayyorlangan qogʻozning ichida bir tangalik doira shaklidagi oppoq “suv belgisi” boʻlgan. Har qanday sharoitda ham qogʻozni mana shu belgisiga qarab boshqalaridan osongina ajratib olish mumkin edi. Buni hozirgi tilda aytadigan boʻlsak, mahsulotning oʻziga xos markasi sifatida, uning soxtalashtirilishining oldini olgan bir chora deb ham qabul qilish mumkin.
Manbalar: ziyouz.com

Report Page