ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
GʻILDIRAK QACHON KASHF QILINGANINI BILASIZMI?
Gʻildirakning kashf etilishi koʻp asrlik insoniyat tarixining mexanika sohasidagi eng katta yutuqlaridan biridir. Arxeologlar tomonidan topilgan ilk gʻildirak miloddan avvalgi 5 ming yillikka oid Ruminiyaning Yassi hududidan topilgan. Kechroq davrlarga oid gʻildirak va gʻildirakli aravalarning qoyatosh suratlari Moldaviya, Polsha, Sloveniya, Shimoliy Kavkaz va Markaziy Yevropaning koʻplab davlatlari hududlaridan topilgan.
Qadimgi Mesopatamiyada ham ilk gʻildirak haqidagi maʼlumotlar miloddan avvalgi 4 ming yilliklarga oid. Miloddan avvalgi II ming yilliklarda Kichik Osiyoda gʻildiraklar oʻz oʻqlariga mahkamlana boshlagan. Mil.avv. I ming yillikda esa kelt qabilalari gʻildirakni ustini metall bilan oʻrab mustahkamlashni boshlashgan.
Gʻildirakdan yerga ishlov berishda foydalanish samaradorlikni oshirgan. Harbiy sohada ot aravalardan foydalanish esa tezkorlikni taʼminlab, janglarda gʻalabaning asosi boʻlgan. Mil. avv. XVIII arda giksos qabilalari tomonidan Misr ishgʻol qilinishida harbiy ot aravalardan foydalanish oʻziga xos harbiy yangilik boʻlgan. Keyinchalik qadimgi Rim armiyasida ham bu uslub keng qoʻllanilgan. Artileriya ogʻir oʻq otar qurollarini tez harakatlanishini ham gʻildirak taʼminlagan.
Tarixchilarning fikriga koʻra Amerika kashf qilinguniga qadar bu hududda gʻildirakdan transport vositasi sifatida foydalanishmagan. Avstraliya va Janubiy Afrika mahalliy aholisi ham yevropaliklar u hududlarga borganidan soʻng gʻildirak bilan tanishganlar degan fikr mavjud.
Umuman olganda gʻildirakning kashf etilishi turli xil hunarmandchilik sohalarining rivojlanishiga turtki boʻldi. Undan kulolchilik charxida, tegirmonda, ip yigiruv, avtomobilsozlik va tokarlik dastgohlarida keng foydalanishdi. Ilm fanda samo jismlarini oʻrganuvchi usturloblar yasashda va mexanikada ham tishli gʻildirakli mexanizmlar keng qoʻllanilgan. Shuningdek hozirda kosmik dasturlar doirasida Oyga, Marsga va boshqa sayyorlarda tadqiqot olib boruvchi apparatlarga ham yuqori texnologik materiallardan foydalanilgan maxsus gʻildiraklar oʻrnatilgan.
Bilasizmi…?
Ilk gʻildirak pokrishkasiga patent 1846 yilda Buyuk Britaniyada Shotlandiyalik Robert Uiliyam Tomson nomiga qayd etilgan.
1959 yilda esa Albert Sfed kvadrat shaklidagi gʻildiraklarga patent olgan. Ushbu gʻildirak oʻrnatilgan transportlar 55 km/s tezlikda harakatlangan. Koʻzlangan maqsad esa notekis va noqulay yoʻllarda harbiy transportlarda foydalanish boʻlgan.
Eng kichik avtomobil gʻildiragi Toyota AA modeli avtomobilniki boʻlib, diametri 4,8 mm.ga teng. Eng kattasi esa Caterpillar 797 yuk mashinasiga tegishli boʻlib, gʻildirak balandligi 4 m va ogʻirligi 11,5 tonnani tashkil etadi. Narxi esa 42 500 $
2001 yilda avstraliyalik yurist Jon Keo “yuklarni koʻchirish uchun aylana moslama” nomi bilan gʻildirak uchun patent olgan. Bu orqali u Avstraliya patent qonunchiligidagi kamchiliklarga jamiyat eʼtiborini qaratgan.
 Tayyorladi: Xurshid Imomov

Report Page