ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

MUHAMMAD SOLLALOHU ALAYHI VASALLAM (3-QISM)

Habashiston hijrati.
Musulmonlar qanchalik sabr qilsalar, mushriklar ularga boʻlgan tazyiqni shunchalik oshirib borishdi. Bora bora himoyachisi boʻlmagan, zaif musulmonlarning din diyonatlari, sogʻligʻ-u hayotlari aniq tahdid ostida qoldi. Ana shunday ogʻir holatda, yaʼni nubuvvatning beshinchi yili rajab oyida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam mazkur sahobalariga: “Habashistonga borsangiz, yaxshi boʻlardi. U yerda bir podshoh borki, uning yurtida hech kimga zulm qilinmas. Bu yurt sidq yurtidir. Alloh hozirgi holatni yengillashtirib qolsa, ajab emas”, dedilar. Shunda bir guruh musulmonlar Habashistonga hijrat uchun otlandilar. Ushbu hijrat Islomdagi birinchi hijrat edi. Birinchi muhojirlar guruhi oʻn olti kishidan iborat boʻlib, ularning oʻn ikki nafari erkak, toʻrt nafari ayol edi. Mazkur toʻrt ayol erlari bilan birga chiqqan edilar. Ular: Usmon ibn Affon va ayoli Ruqayya, Abu Huzayfa ibn Utba Abshamiy va ayoli Sahla bint Suhayl, Abu Salama ibn Abdulasad Maxzumiy va ayoli Ummu Salama bint Abu Umayya, Omir ibn Rabiyʼa va ayoli Laylo bint Abu Hasma, shuningdek, Usmon ibn Mazʼun Jumahiy, Abdurrahmon ibn Avf Zuhriy, Musʼab ibn Umayr, Zubayr ibn Avvom Asadiy, Abdulloh ibn Masʼud Huzaliy, Abu Sabra ibn Abu Ruhm, Suhayl ibn Bayzo va Hotib ibn Amr Omiriy roziyallohu anhum.
Nubuvvatning 6-yili Jaʼfar ibn Abu Tolib roziyallohu anhu rahbarligida yana bir guruh (100-102 nafar) sahobalar Habashistonga hijrat qildilar.
Musulmonlar erishgan bu holat ularning ashaddiy dushmanlari boʻlmish Quraysh kofirlarini befarq qoldirishi mumkin emas edi, chora sifatida muhojirlarning ortidan Najoshiyga bir maktub, hadyalar va elchilarni yuborib, ularni qaytarib berishini talab qilishdi. Najoshiy esa musulmonlarning oʻzlarini himoya qilish uchun gapirgan soʻzlarini ham tinglab koʻrib, ularning haq sohiblari ekanliklariga qanoat qildi va ularni qaytarib berishdan bosh tortdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Islomga chaqirib xat yozgan edilar, u musulmon boʻldi.
Hamza ibn Abdulmuttalibning islomga kirishi.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Safo tepaligi yaqinida oʻtirganlarida, oldilaridan oʻtib ketayotgan Abu Jahl u zotga qattiq ozor berib soʻkdi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam unga hech narsa demadilar. Abdulloh ibn Judʼonning ozod qilgan choʻrisi bu xabarni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari — Hamzaga yetkazdi.
Hamza oʻsha paytning eng dovyurak, bahodir kishisi edi. Xabarni eshitgan Hamzaning jahli chiqdi va Baytulloh yaqinida odamlar bilan gaplashib oʻtirgan Abu Jahlni izlab topdi. Hamza Abu Jahlning oldiga yetib borishi bilan boshiga kamon bilan qattiq urdi va: “Men jiyanimning dinida boʻlsam-u, hali sen uni haqorat qilasanmi?! dedi. Abu Jahl jim qoldi. Hamza musulmon boʻldilar. Bu voqea nubuvvatning 6-yili zulhijja oyida sodir boʻldi. Quraysh kofirlari bundan parishon boʻlishdi, chunki Hamza oʻsha paytdagi jamiyatda nihoyatda muhim oʻrin tutar edilar.
Hazrati Umarning islomga kirishi.
Oradan uch kun oʻtib Umar ibn Xattob musulmon boʻldilar. Bir kuni hazrati Umar: “Ey Allohning Rasuli, biz haq yoʻlda emasmizmi?” dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Haq yoʻldamiz”, dedilar. “Unday boʻlsa, nimaga berkinamiz?!” dedilar Umar. Shu kuni musulmonlar birinchi marta ochiqchasiga Baytulloh tomon yoʻl oldilar. Bir safni Hamza, ikkinchisini Umar boshlab bordilar. Ular Masjidul Haromga kirdilar. Qurayshliklar bir Hamzaga, bir Umarga qarab ichlaridan zil ketishdi. Oʻsha kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga “Foruq” (“Haq bilan botilni farqlovchi”) laqabini berdilar.
Qamal. (nubuvvatning 7-yili muharram oyi)
Siyrat ilmi ulamolarining taʼkidlashlaricha, Quraysh kofirlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni oʻldirishga kelishib olishdi. Bu yovuz niyatlarini amalga oshirish uchun u zotning urugʻlari — Banu Hoshimdan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni oʻzlariga topshirishni talab qilishdi. Hoshimiylar esa bu talabga rad javobini berishdi. Ana shundan soʻng mushriklar Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga, musulmonlarga hamda Banu Hoshimga Banu Muttalib urugʻlariga tazyiqni yana ham kuchaytirishga ittifoq qilishdi. Musulmonlar bilan oldi-sotdi qilmaslik, qiz olib-qiz bermaslik, xullas, ular bilan hech qanday aloqa qilmaslikka ahdlashishdi. Bu ahdnomaning kuchini oshirish va qattiq taʼkidlash uchun uni qogʻozga koʻchirib, sahifani Kaʼbai muazzamaning ichiga osib qoʻyishdi. Quraysh shu tariqa qamal eʼlon qilganidan keyin Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam, musulmonlar hamda Banu Hoshim va Banu Muttalib urugʻlarining musulmonu kofiri Makkaning tashqarisi, sharqiy tarafidagi Banu Hoshim darasi — nohiyasida qamalda qoldilar. Qamalda qolganlar misli koʻrilmagan qiyinchiliklarga duchor boʻldilar. Makkaga savdo karvoni kelganda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biror kishi bolalari uchun “qut laa yamut” (“oʻlmaydigan darajadagi yegulik”) olmoqchi boʻlib borsa, hech kim unga biror narsa sotmas edi. Abu Jahl va unga oʻxshash kimsalar savdogarlarga: “Narxni oshiringlar, qamaldagilar biror narsa sotib olishmasin”, deyishardi. Qamaldagilar ochlikdan daraxtlarning ildizi va bargini yeyishga ham majbur boʻldilar. Shu tariqa kunlar, haftalar, oylar va yillar oʻtib boraverdi. Ularning ahvoli borgan sari ogʻirlashar, qurayshliklarning esa tazyiqi tobora ortib borardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boʻlsalar Islomga daʼvatni kuchaytirar edilar. Mana, qamalning uchinchi yili ham tugayapti. Ahvol oʻsha-oʻsha. Hech bir yengillikdan darak yoʻq. Bir kuni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam amakilari Abu Tolibga Qurayshning ahdnomasi zulm va jabrdan iborat boʻlgani uchun Alloh taolo uni termitlarga (yogʻoch yeydigan chumoliga) yegizib yuborganining xabarini berdilar. Shunda Abu Tolib u zotga qarab: “Buning xabarini senga Robbing berdimi?” dedi. “Ha”, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Bu gapni eshitgandan soʻng Abu Tolib qavmidan bir guruh odamlarni olib, qurayshliklarning oldiga bordi. Ularga oʻzini xuddi shartlarga rozi boʻlgandek qilib koʻrsatdi. Abu Tolib toʻplanganlarga qarab: “Mening jiyanim xabar berdiki, — u menga hech yolgʻon gapirgan emas, — Alloh taolo sizlarning sahifangizga termitni yuboribdi. U ahdnomadagi jabr va qarindoshlik aloqalarini uzish haqidagi barcha narsani yeb bitiribdi. Agar gap y aytayotgandek boʻlsa, koʻzingizni ochinglar va yomon niyatingizdan qaytinglar. Allohga qasamki, biz hammamiz oʻlib ketsak ham, uni sizlarga topshirmaymiz. Agar aytayotgani notoʻgʻri boʻlsa, biz uni sizga topshiramiz, uni nima qilsangiz, oʻzingizning ishingiz”, dedi. “Sen aytgan gapga rozimiz”, deyishdi. Kaʼba eshigini ochdilar. Sahifada “Bismikallohumma” (“Allohim, Sening isming bilan”) degan yozuvdan boshqa narsani qoldirmay termit yeb qoʻygan ekan. Holat “Sodiqul masduq” (rostgoʻy va rostgoʻyligi tasdiqlangan) Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek boʻlib chiqdi. Ammo qurayshliklar Abu Tolibga: “Bu jiyaningning sehri”, deb dushmanliklari yana ham kuchaydi. Kofirlarning ichida ham baʼzi insoflilar bir kun oldin bu nohaqlikdan oʻzaro norozi boʻla boshlashgan edi. Birinchi boʻlib Hishom ibn Amr Omiriy qamalni qoralab gapira boshladi. U oʻz qavmida obroʻli odam edi. Asta-sekin baʼzi bir muruvvatli, insofli kishilarga boʻlayotgan ishning adolatsiz ekani, odamgarchilikka toʻgʻri kelmasligini tushuntira boshladi. Uning fikriga Zuhayr ibn Abu Umayya Maxzumiy, Mutʼim ibn Adiy Navfaliy, Abul Baxtariy ibn Hishom Asadiy va Zamʼa ibn Asvad Asadiylar birin-ketin qoʻshilishdi. Ular besh kishi boʻlganlaridan keyin ahdnomani buzishga oʻzaro kelishib olishgan edi.
Bu ishni birinchi boʻlib ochiq eʼlon qilgan odam Zuhayr ibn Abu Umayya Maxzumiy boʻldi. U ahdnomani buzishga kelishilgan kunning ertasiga odamlar toʻplanib turgan joyga bordi-da: “Ey Makka ahli! Banu Hoshim va Banu Muttaliblar halokatga uchrab tursalar ham, oʻzimiz yeb-ichib, kiyinib yuraveramizmi?! Ularga biror narsa sotilmay, ulardan hech narsa sotib olinmay turilaveradimi?! Allohga qasamki, ushbu zolim ahdnoma yirtib tashlanmagunicha oʻtirmayman!” dedi. Abu Jahl gapga aralashgan edi, foyda bermadi, chunki Zamʼa ibn Asvad, Abul Baxtariy ibn Hishom, Mutʼim ibn Adiy va Hishom ibn Amrlar birin-ketin unga qarshi gapirdilar. Shu bilan toʻliq uch yil davom etgan bu zolim qamal nubuvvatning oʻninchi yili boshida oxiriga yetdi.
Moʻjizalar talab qilinishi.
Makka mushriklari Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan haqiqiy Paygʻambar ekanliklariga dalil sifatida hujjat-moʻjizalar koʻrsatishni soʻrashardi. Ana shular ichida oyni ikkiga yorib berish talabi ham bor edi. Alloh taolo bu ishni nubuvvatning 9-yili roʻyobga chiqardi, yaʼni oy ikkiga boʻlindi. Lekin mushrik-kofirlar bu moʻjizani koʻrib turib: “Muhammad odamlarni sehrlab qoʻydi”, deyishdi. Alloh taolo Qamar surasida marhamat qiladi: “Soat yaqinlashdi va oy boʻlindi” (1-oyat). Buxoriy rivoyat qilgan.
Imom Ahmad Jubayr ibn Mutʼimdan shunday rivoyat qiladilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida oy yorilib, ikkiga boʻlindi. Bir boʻlagi manavi togʻ ustida, ikkinchi boʻlagi anavi togʻning ustida koʻrindi. Mushriklar: “Muhammad bizni sehrlab qoʻydi”, deyishdi. Soʻng ular: “Agar bizni sehrlasa ham, barchani sehrlay olmaydi, musofirlar kelishini kutib turinglar”, deyishdi. Musofirlar kelganlarida ulardan soʻrab koʻrishgan edi, musofirlar ham oyning yorilganini koʻrishganini aytdilar. Shunda mushriklar: “Muhammad hammani sehrlab qoʻydi”, deyishdi. Soʻng mushriklar u zotdan boshqa bir qancha moʻjizalar keltirishlarini soʻrashdi. Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi: “Ular dedilar: “Toki bizga yerdan chashma otiltirmaguningcha, zinhor senga iymon keltirmasmiz. Yoki sening xurmo va uzum bogʻing boʻlib va ularning orasidan anhorlarni otiltirib chiqarmaguningcha... yoki oʻzing daʼvo qilganingdek, ustimizdan osmonni parcha-parcha qilib tushirmaguningcha, yoxud Allohni va farishtalarni oldimizga keltirmaguningcha... yoki oltindan bezalgan uying boʻlmagunicha, yoxud osmonga koʻtarilmaguningcha, oʻsha koʻtarilishingga ham, toki biz oʻqishimiz uchun kitob keltirmaguningcha ishonmaymiz”. “Robbim pok boʻldi. Men faqat bashar Rasulman, xolos!” degin” (90-93-oyatlar).
Kofirlarning tasavvurida paygʻambar yo farishta, yoki qandaydir ajabtovur, boshqalardan alohida ajralib turadigan odam boʻlishi kerak. Hech boʻlmasa paygʻambarning yashaydigan uyi boshqalardan ajralib turishi, misol uchun, oltindan qurilib, boshqacha bezatilgan boʻlishi lozim. Shuningdek, kofirlar tasavvurida boshqalarga oʻxshab yeb-ichadigan, bozorda yuradigan oddiy odam paygʻambar boʻlishi mumkin emas. U paygʻambar boʻlganidan keyin turli gʻayritabiiy ishlarni qiladigan boʻlishi kerak. Paygʻambar Allohning elchisi boʻlsa-da, avvalo, u ham oddiy odam. U oʻzicha biror narsani, jumladan, mushriklar taklif qilayotgan mazkur ishlarni ham qila olmaydi. Bular uning vazifasi doirasiga kirmaydi. Bu ishlar faqat Alloh taoloning Oʻziga xosdir. Xuddi mana shu holatni idrok eta olmaslik, xususan, oddiy odamning paygʻambar boʻlishini tasavvur qila olmaslik qadimdan odamlarni iymondan toʻsib kelgan. Mushriklar soʻragan narsalarning hammasi ham koʻrsatilmaganida oʻziga xos hikmat boʻlib, Alloh taoloning Oʻzi shuni iroda qilgan. Agar oʻsha narsalar yuzaga chiqqanida mushriklar oyning boʻlinishini yolgʻonga chiqarganlari kabi uni ham yolgʻonga chiqarishlari aniq edi. Keyin esa ularni tag-tugi bilan qoʻporib tashlash, azob yuborish vojib boʻlib qolardi, chunki Alloh taolo oʻtgan ummatlarning koʻpchiligini paygʻambarlariga kelgan moʻjizalarga iymon keltirmaganlari, ularni yolgʻonga chiqarish qayta-qayta takrorlangani uchun tag-tugi bilan qoʻporib yoʻq qilgan.
Mahzunlik yili.
Qamal tugagandan bir necha oy oʻtib paygʻambarlikning 10-yili Abu Tolib va Xadiyja onamiz birin-ketin vafot etdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ayriliqlar tufayli juda qattiq mahzun boʻldilar. Shundan keyin Qurayshning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ozorlari yana ham kuchaydi, chunki Abu Tolib ham, Xadiyja onamiz roziyallohu anho ham u zot sollallohu alayhi vasallamni ozorlardan himoya qiladigan qalqon edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qurayshliklarning ichida eng qattiq ozor yetkazadigan shaxs u zotning amakilari Abu Lahab va uning xotini edi. Abu Jahl va Uqba ibn Abu Muaytlar ham shular jumlasidan edi. Ular yetkazgan azob-uqubatlar shu darajaga yetdiki, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni urishgacha, namoz oʻqib turganlarida iflos narsalarni ustlariga toʻkishgacha borishdi.
Bir kuni Qurayshning esipastlaridan biri Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning boshlaridan tuproq toʻkib yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylariga boshlari tuproqqa belangan holda kirib bordilar. U zotning qizlaridan biri yigʻlab, boshlaridagi tuproqni yuvdilar. U zot esa: “Qizginam, yigʻlama. Otangni Allohning Oʻzi saqlaydi”, der edilar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz oʻqiyotib sajdaga borganlarida, Uqba ibn Abu Muayt tuyaning qornini olib kelib u zotning boshlari aralash yelkalariga tashladi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam muborak boshlarini koʻtara olmay qoldilar. Kofirlar esa bir-birlariga qarab kular, hech kim biror yordam qilishga botina olmas edi. Oxiri bir odam borib, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotimani chaqirib keldi. Fotima kelib, oʻsha narsani u zotning ustlaridan olib tashladi va mushriklarni qargʻadi.
Toif safari.
Ana shunday ogʻir bir paytda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Makkadan boshqa yerda ham Islom daʼvatini qilib koʻrish haqida oʻylay boshladilar. Bu joy oʻsha paytlarda hamma jihatdan Makkadan keyingi ikkinchi oʻrinda turadigan Toif shahri boʻlib koʻrindi. U zot Toifga borishga qaror qildilar. Paygʻambarlikning oʻninchi yili shavvol oyida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ozod qilgan qullari va tutingan farzandlari boʻlmish Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan Toifga bordilar. Ular “Shoyad, Toifdan biror yorugʻlik chiqsa, mahzunlik arisa, daʼvat ishlari yurishib ketsa” degan umidda edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Toifga yetib borganlaridan keyin diyor aholisining asosini tashkil qiluvchi Saqif qabilasi ayonlari bilan uchrashdilar Ular bilan majlis qurib, Islomga daʼvat qildilar. Ammo ularning javobi juda yomon boʻldi. Ular u zot sollallohu alayhi vasallamni masxara qilishdi. Bu ham yetmagandek, oʻzlarining esipast, qullari va bebosh bolalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haqoratlashga, ortlaridan baqirib masxara qilishga va tosh otishga chorlashdi. Toifliklar yoʻlning ikki chetida turib olib, oldilaridan u zot oʻtayotganlarida ayovsiz toshboʻron qilishdi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning oyoqlari qonga, qalblari dard-u alamga, tillari esa Alloh taologa iltijoga — duoga toʻldi: “Allohim! Quvvatim zaifligidan, chora-tadbirim ozligidan, odamlar oldida xor boʻlganimdan Oʻzingga arz qilurman! Ey rahmlilarning rahmlisi! Sen zaifhollarning Robbisan! Sen mening ham Robbimsan! Meni kimlarga tashlab qoʻyursan?! Meni noxush qarshilaydigan begonalargami?! Yoki ishimni dushmanga topshirib qoʻydingmi?! Agar menga gʻazab qilmagan boʻlsang, bularga parvo qilmayman. Lekin men uchun Sening ofiyating kengdir. Zulmatlarni yoritgan, bu dunyo va oxirat ishini isloh qilgan yuzing nur ila menga gʻazabing nozil boʻlishidan, qahring tushishida panoh tilarman. To rozi boʻlguningcha Sendan rozilik soʻrayveraman. Qudrat va quvvat faqat Sening bilandir”. Alloh taolo Oʻz paygʻambarining bu duolarini darhol qabul qildi. Shu ondan ishlar asta-sekin yurisha boshladi.
Jinlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirishi.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan Makka tomon yoʻl oldilar. Yoʻlda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning tongda namoz oʻqiyotganlaridagi qiroatlarini eshitgan bir guruh jinlar u zotga iymon keltirdilar va oʻz qavmlarini Islomga daʼvat qilish uchun shoshilib ketdilar. Bu haqda Alloh taolo Ahqof va Jin suralarida xabar bergan. Mazkur hodisaning ogʻir paytda yuz berishi alohida hikmatga ega boʻlib, odamlar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni inkor qilib turganlarida jinlarning oʻzlaridan-oʻzlari iymon keltirishlari katta gap edi. Ikkovlari Makkaga yaqinlashganlarida Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, ularning oldiga qanday kirasiz? Axir ular sizni chiqardilar-ku?!” dedi. “Ey Zayd! Alloh sen koʻrib turgan narsaga albatta kushoyish berur. Alloh Oʻz diniga albatta nusrat berur. Oʻz nabiysini gʻolib qilur”, dedilar u zot.
Haj mavsumlarida ishtirok etishlari.
Toifdan qaytib kelganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlarini turli qabilalarga ochiq-oydin tanishtirishni boshladilar. Buning uchun eng qulay fursat haj mavsumlari edi. Hajga atrof-tevarakdagi qabilalar har yili guruh-guruh boʻlib kelishar edi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam odam koʻp toʻplanadigan joylarga borib, ularni Islomga chaqirar, Qurʼoni Karimdan tilovat qilib berar edilar. U zot: “Ey Banu fulon! Men sizlarga Alloh yuborgan rasulman. Sizlarni Allohga ibodat qilishga, U Zotga biror narsani sherik qilmaslikka buyurishga amr qilinganman. U Zotdan boshqa ibodat qilayotgan narsalaringizni tark etishga chaqiraman. U Zotga iymon keltiring! Meni oʻz himoyangizga oling. Toki U Zot yuborgan narsani yetkazay”, der edilar.
Yasribliklar bilan uchrashuv.
U zot, hojilar shaytonga tosh otadigan Aqaba nomli joyda Yasribda (Madinada) istiqomat qiluvchi Xazraj qabilasiga mansub bir guruh kishilarga duch keldilar. Ular olti kishidan iborat edilar: Asʼad ibn Zurora, Avf ibn Horis, Rofeʼ ibn Molik, Qutba ibn Omir, Uqba ibn Omir va Jobir ibn Abdulloh. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ulardan: “Sizlar kim boʻlasizlar?” deb soʻradilar. “Xazrajliklarmiz”, deyishdi. “Yahudiylarning doʻstlaridanmi?” dedilar. “Ha”, deyishdi. Oʻtirsalaringiz, bir gapim bor edi”, dedilar. “Xoʻp”, deb oʻtirishdi. U zot ularni Allohga daʼvat qildilar va Qurʼoni Karimdan tilovat qilib berib, Islomga chaqirdilar. Mazkur xazrajliklarning qalblarida Islomga kirishga moyillik bor edi. Ularning yurtida yahudiylar ham yashar, ular ahli kitob boʻlishgani uchun koʻp narsalarni bilishardi. Agar arablar bilan yahudiylar oʻrtasida janjal chiqsa, yahudiylar ularga: “Bizning paygʻambarimizning chiqish vaqti yaqinlashib qoldi. Biz unga ergashib, sizlarni oʻldiramiz. Od va Eram xalqlari qirilib ketgandek, sizlar ham qirilib ketasizlar”, deyishar edi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam mazkur xazrajliklarga gapirib boʻlishlari bilan ular bir-birlariga qarab: “Bildingizmi? Bu yahudiylar vasfini keltiradigan paygʻambarning oʻzi-ku! Ulardan oldin iymon keltirib qolish kerak!” deyishdi. Ularning barchalari iymonga kelishdi. Soʻng Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga: “Biz oʻz qavmimizni qoldirib kelganmiz. Dunyoda u qavm kabi yomon qavm boʻlmasa kerak. Shoyad, Alloh ularni sizning sababingizdan jam qilsa. Biz borib, ularni ham sizning ishingizga daʼvat etamiz. Ularga sizdan qabul qilgan dinni taklif qilamiz. Agar Alloh ularni sizning atrofingizda jamlasa, sizdan azizroq odam boʻlmaydi”, deyishdi. Soʻng kelasi yili yana uchrashishga vaʼdalashib, qaytib ketishdi. Oʻsha yili mazkur guruhning harakati bilan Yasribda Islom dini tarqaldi.
Birinchi Aqaba bayʼati.
Kelasi yili haj mavsumida vaʼdalashgan joyga yasribliklardan oʻn ikki kishi kelishdi. Yana Aqabada Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardan bayʼat oldilar. Oʻsha bayʼatning ishtirokchisi Uboda ibn Somit roziyallohu anhu bu haqda quyidagilarni aytadilar: “Oʻn ikki kishi edik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga: “Kelinglar! Menga Allohga biror narsani shirk keltirmasligingiz, oʻgʻrilik, zino qilmasligingiz, bolalaringizni oʻldirmasligingiz, qoʻllaringiz va oyoqlaringiz orasidan boʻhton toʻqib, keltirmasligingiz, menga maʼruf ishda isyon qilmasligingiz haqida bayʼat qilinglar. Sizdan kim bunga vafo qilsa, uning ajri Allohning zimmasida. Kim undan biror narsani buzib, bu dunyoda jazosini olsa, oʻsha uning uchun kafforotdir. Kim undan biror narsani buzsa-yu, Alloh uni satr qilsa, uning ishi Allohga havoladir. Xohlasa, iqob qiladi, xohlasa, afv qiladi”, dedilar”. Mazkur musulmonlar oʻz yurtlariga qaytayotganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhuni qoʻshib, u kishiga odamlarga Qurʼon oʻqitish, Islomdan taʼlim berish va din ahkomlarini oʻrgatishni topshirdilar. Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhu Paygʻambar alayhissalomning tavsiyalari boʻyicha Qurʼon oʻqitish, Islomdan taʼlim berish va din ahkomlarini oʻrgatishni ajoyib uslub bilan yoʻlga qoʻygan edilar. Gohida baʼzi odamlar u kishining oldiga oʻldirmoqchi boʻlib, qurol koʻtarib kirar edi. Ammo Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhuning shirin muomalasi, qiroati va Islom haqidagi soʻzlaridan keyin koʻngli erib, musulmon boʻlib, u kishi nima topshiriq bersa, oʻshani soʻzsiz bajaradigan boʻlib chiqar edi.
Islom Yasrib boʻylab misli koʻrilmagan tezlikda tarqaldi.
Isro va Meʼroj voqeasi
Nubuvvatning oʻn ikkinchi yili, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilishlaridan olti oy avval u kishini Alloh taolo “Isro” va “Meʼroj” martabasi bilan siyladi. Isro – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bir kechada Quddusdagi Masjidul Aqsoga borib, ziyorat qilib, shu kechaning oʻzida yana Makkaga qaytib kelish-laridir. Bu haqda Qurʼoni karimda: “Oʻz bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga moʻjizalarimizni koʻrsatish uchun sayr qildirgan Zot pok boʻldi. Albatta, U eshituvchidir, koʻruvchidir”(Isro surasi, 1-oyat). “Meʼroj” esa, “ahli sunna val jamoa” ulamolarining ittifoq qilishlariga qaraganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning jismlari bilan oliy olamga koʻtarilib, Parvardi-gorning qudratini oʻz koʻzlari bilan koʻrib tushganlaridir. Jabroil alayhissalom Allohning amri bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni bir kecha Kaʼbadan olib, Buroqqa mindirib, Masjidul Aqsoga olib bordi. U yerda ikki rakat namoz oʻqigandan keyin samoga koʻtarildilar. Samoda jannatdagi, jahannamdagi hamma narsa koʻrsatildi.
Meʼroj haqida Imom Buxoriy va Imom Muslim oʻz kitoblarida rivoyat qilgan hadisni Qozi Iyoz “Ash-shifo” kitobida naql qilgan. Bu hadisda janobi Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Menga Buroq keltirildi. U eshakdan balandroq, xachirdan esa pastroq hayvon boʻlib, yugurganda tuyogʻini koʻzi yetgan joyga tashlab sakrar edi. Unga minib bir lahzada Baytul Muqaddasga yetdim. Masjidga kirib, ikki rakat namoz oʻqib chiqdim. Menga Jabroil bir idishda sharob, ikkinchi idishda sut keltirib tutdi. Men sutni olgan edim, Jabroil: “Sof fitratni tanladingiz”, dedi. Keyin biz osmonga koʻtarildik. Birinchi osmonda men Odam alayhissalom bilan koʻrishdim. Ikkinchi osmonda Iyso va Yahyo alayhissalomlar bilan uchrashdim. Uchinchi osmonda Yusuf alayhissalomni koʻrdim. Toʻrtinchi osmonda Idris alayhissalomni, beshinchisida Horun alayhissalomni, oltinchisida esa Muso alayhissalomni ziyorat qilib, duolarini oldim. Yettinchi osmonda Ibrohim alayhissalomni Baytul Maʼmurga suyanib turganlarini koʻrdim. Unga har kuni yetmish ming farishta kirib, ziyorat qilib ketar ekan. Soʻng “Sidratul muntaho” daraxti yoniga keldim. Allohning amri bilan bu daraxt shunday goʻzal holga kelgan edi, uni taʼriflashdan inson tili ojiz edi. Alloh shu yerda mening ummatimga ellik vaqt namozni farz qildi. Men Muso alayhissalomning yoniga tushdim va ummatimga buyurilgan farz amalni aytdim. Muso alayhissalom: “Ummatingiz bu amalni bajarolmaydi, Allohdan yengillatishini soʻrang”, deb qaytardi. Men Muso alayhissalom bilan Alloh oʻrtasida chunon qatnadim, nihoyat Alloh dedi: “Ey Muhammad, sizning ummatingiz uchun har kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qildim va uni ellik vaqt oʻrnida qabul qilaman”. Muso alayhissalom yana meni qaytardi. Men endi Allohdan hayo qilaman, deb besh vaqt namozning farzligiga rozi boʻldim”. Meʼroj hodisasiga mushriklar mutlaqo ishonmadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ustilaridan kula boshlashdi va sinab koʻrmoqchi boʻlishdi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Masjidul Aqsoning ichiga oʻrnatilgan ustunlar nechta ekani, Shomdan Makkaga qaytayotgan Quraysh karvoni qayerga yetib kelganini aytib berishlarini soʻradi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Masjidul Aqsoning yettita ustuni bor boʻlib, namoz oʻqiyotganlarida oʻng tomonlarida toʻrtta, chap tomonlarida uchta ustun boʻlganini aytib berdilar. Masjidul Aqsoni koʻrgan kishilar bu gapni tasdiqladi. Karvon haqidagi savolga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Karvonning bir boʻlagini men Zajʼon degan joyda uchratdim. U hozir Tanʼim togʻidan pastga tushib kelmoqda. Karvon kun chiqqan vaqtda Makkaga kirib keladi. Oldida kulrang tuya boshlab kelmoqda”, deb javob berdilar. Bu gapni eshitgan kishilar karvonni kutib olish uchun Makka tashqarisiga joʻnadi. Bir tomondan “ana, kun chiqdi”, ikkinchi tomondan “ana, karvon koʻrindi”, deb baqirishdi. Moʻjizaga oʻz koʻzlari bilan guvoh boʻlib turgan boʻlishsa-da, Quraysh mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning soʻzlariga ishonishmadi. Paygʻambarimiz sollallohu alay-hi va sallamning ustilaridan kulib: “Buning ishongan odami Abu Bakrga aytaylik, doʻstining asl basharasini koʻrib qoʻysin”, deb Abu Bakrga yetkazishdi. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday degan boʻlsalar, soʻzsiz ishonaman. Chunki u zot yolgʻon gapirmaydi”, dedi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishining sadoqatlarini yuksak baholab, “siddiq” deb nom berdilar. Makkada Islomni qabul qilganlar soni hazrat Umar ibn Xattob bilan qirq kishiga yetdi. Musulmonlarga turli yoʻllar bilan ozor beruvchilar soni esa koʻp edi. Ular musulmonlarga masxara nazari bilan qarashar, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamni koʻrganda: “Mana oʻsha koʻkdan xabar beradigan, oʻziga turli sirlar ochilayotganini daʼvo qiladigan Muhammad ibn Abdulloh”, deb bir-birlariga koʻrsatib kulishardi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam mushriklarning tazyiqidan qattiq qiynalgan musulmonlarga Yasribga ketishlari uchun izn berdilar. Shunday qilib, nubuvvatning oʻn uchinchi yili muharram oyida Yasribga hijrat boshlandi. Imonlarini saqlab, mol-u mulk va yaqinlaridan ajrab Yasribga safar qilgan musulmonlar “muhojirlar”, ularga uy-joy berib, qalbi ochiqlik qilgan yasribliklar esa “ansorlar” deyildi.
Ikkinchi Aqaba bayʼati.
Nubuvvatning 13-yili zulhijja oyi haj mavsumida Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhu boshliq yasriblik musulmonlar hech kimga bildirmay hajga keldilar. Odamlar bilan birga haj qildilar. Arafotdan keyin shaytonga tosh otish vaqti kelganda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan Aqabada uchrashishga kelishdilar. Uchrashuv kechasi boʻlganda hammalari oʻz qavmlari ila uxlagani yotdilar. Kechaning uchdan biri oʻtgandan keyin bitta-bitta boʻlib, hech kimga bildirmasdan, uchrashuv joyiga kela boshladilar. Toʻplanib boʻlgach, qarasalar, yetmish uch erkak va ikki ayol — Nusayba bintu Kaʼb va Asmo bintu Amr ibn Adiy ekanlar. Hammalari toʻplanib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kutdilar. Bir vaqt u zotning kelayotganlarini payqadilar. Yonlarida bir kishi ham bor edi. Yaqin kelganlarida u kishi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos ekanligi maʼlum boʻldi. Orada soʻzlashuv boʻlib oʻtdi. Musulmonlar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ulardan nimani talab qilsalar, oʻsha narsaga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ulardan oralaridan oʻn ikkita naqib saylashni soʻradilar. Ular oʻn ikki kishini tanladilar. U zot naqiblarga: “Xuddi Iyso ibn Maryamning havoriylari kafil boʻlgandek, sizlar ham oʻz qavmingizga kafilsizlar. Men oʻz qavmimga kafilman”, dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Qurʼon tilovat qilib berdilar, Allohga daʼvat, Islomga targʻib qildilar va: “Ayollaringiz va bolalaringizni nimadan himoya qiladigan boʻlsangiz, oʻshandan meni ham himoya qilishingiz sharti ila sizlarning bayʼatingizni qabul qilaman”, dedilar. Birinchi boʻlib Baro ibn Maʼrur Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qoʻllarini olib, bayʼat qildi. Keyin hamma birma-bir bayʼat qilib chiqdi. Soʻngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: “Endi joylaringizga boraveringlar”, dedilar. Ertasiga boʻlib oʻtgan ishdan Makka kofirlari musulmonlarga nisbatan adovatni yana ham avj oldirdilar. Ular musulmonlarga avvalgidan ham qattiqroq azob bera boshladilar.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Usmonxon Alimov Rasululloh (sollallohu alayhu vasallom)ning muborak vasiyatlari (I jild) kitobi. Hidoyat.uz
4. Islom tarixi Muslim.uz.

Report Page