ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

ZUL-KIFL ALAYHISSALOM

Zul-kifl alayhissalom Ayyub alayhissalomning oʻgʻillaridir. Ulamolarni taʼkidlashicha ismlari Bishran boʻlgan. Bu zot haqlarida Qurʼoni karimning ikki joyida qisqagina maʼlumot kelgan. Qurʼonda ham, hadisda ham Zul-kifl alayhissalom haqlarida bundan boshqa hech qanday maʼlumot yoʻq. Zul-Kifl (“kafolat sohibi” maʼnosini bildiradi).
Alloh taolo “Anbiyo” surasida quyidagilarni aytadi:
“Va Ismoil, Idris va Zul-kiflni esla. Ularning har biri sabr qilguvchilardandir”. (85-oyat).
Taʼkidlaganimizdek, Zul-kifl alayhissalom haqlarida maʼlumotlar oz. “Anbiyo” surasida mashhur paygʻambarlar bilan birga zikr etilishlari u zotning paygʻambarlardan boʻlganlarini koʻrsatadi. Shu bilan birga, ushbu oyatda u zot ham sabr qiluvchilar qatoriga qoʻshilmoqdalar.
“Va ularni Oʻz rahmatimizga kiritdik. Albatta, ular solihlardandir”. (86-oyat).
Sabrlari tufayli Alloh taolo ularni Oʻz rahmatiga kiritdi, yaxshiliklar ato etdi. Ular ahli solihlardan boʻldilar. Shuning uchun ham Qurʼonda zikr qilinmoqdalar.
Alloh taolo “Sod” surasida marhamat qiladi:
“Ismoil, al-Yasaʼ va Zul-Kiflni ham esla. Barchalari axyorlardandir”. (48-oyat).
Bu uch paygʻambarning hayotlarida ham eslashga loyiq ibratli hodisalar boʻlib oʻtgan. Ular ham Allohning huzurida – eng yaxshi bandalardan boʻlganlar.
Ana shu paygʻambarlarning hayotlarida, din yoʻlidagi fidokorliklarida, balo-ofatlarga, mashaqqatlarga sabrlarida, turli sinovlarga bardosh berishlarida, mushriklar va munofiqlardan kelgan ozorlarni koʻtara bilishlarida koʻplab ibratlar bor.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
ZUL-KIFL ALAYHISSALOM — Video

Report Page